Yig‘lab o‘qiladigan asar - “Oynur” haqida

Jamiyat 18:34 / 10.03.2023 13401

Siyqasi chiqib ketgan, rostligiga shu gaplarni o‘ylab topganlarning o‘zi ham ishonmaydigan quyidagi jumlalar bilan boshlanadi asar:

“... Har kuni Stalinning mana bu gapi «Pravda», «Izvestiya», «Komsomolskaya pravda» gazetalarida bosiladi: «SSSR – erksevar mamlakat. Dunyoda unga teng keladigan davlat ham, kuch ham yo‘q. Biz bunga birinchi galda Kompartiyamizning dono siyosati va ulug‘ rus xalqining yetakchiligida erishdik. SSSRda barcha el, elat teng, tinch-totuv, to‘kis yashayapti. Bu do‘stlikni dunyoda hech kim va hech qanday kuch buzolmaydi. Do‘stligimiz abadiy!”

Va yana bot-bot radiolarda, gazetalarda Amerika, Yevropa davlatlari haqida irqchilik, millatchilik avj olgani, ular SSSRni ko‘rolmayotgani haqida “zakaz” materiallar berib borilgani qo‘shimcha qilinadi.

Asar yozuvchi tilidan bayon etiladi. Voqealar muallifning bolaligidagi ko‘rgan va uzoq vaqt aytolmagan dardlaridir. Asar geolog Habib Abdullayevning (metroning hozirgi “Shahriston” bekati shu olim nomida atalardi) shogirdi Oynurga shogird tushib, u bilan boshidan o‘tqazgan og‘ir kunlari haqida so‘zlaydi.

Yozuvchining onasi uzoqni ko‘ra olgan, dunyoqarashi keng ayol bo‘lgani bois, o‘g‘liga bot-bot uqtirardi: “Bobong Ahmad Oqsoqol elni degani uchun, haqni degani uchun dorga ostirilgan. Tilingga ehtiyot bo‘l. Hozir odam ortidan odam qo‘yilgan zamon. Butun kuchishlatar tashkilotlari, OAV Stalinning yarog‘i. Stalin shular bilan tirik. Lekin butun ellar zada, dunyo zada undan”.

Voqealar Bog‘dan qishlog‘i, Uchquloch, Jizzaxning Forish hududlari, Qizilqum makonlarida bo‘lib o‘tadi. Oynur yosh Evril (yozuvchi)ning iqtidori borligini sezadi. Unga o‘sha davrning nohaqliklari, Qodiriy, Cho‘lponlarning otilishiga nima sabab bo‘lgani, turkiy xalqlarning nega parchalanib ketishi haqida tushunchalar berib, “sen bir kuni bu haqiqatlarni kitob qilib yozishing kerak. Odamlar haqiqatni bilishi kerak”, deya fikr berib boradi.

Yozuvchi Oynur tilidan uning bobosi Erxon botir haqidagi rivoyatni ham asarga kiritadi.Unda Erxon botirning Turkistonni saqlab qolish yo‘lidagi jasorati, hatto Verenskiyga qarshi jang qilib, uni yengib yerlarni qaytib olishi, shuningdek, Chernyayev lashkarlarini yakson qilishi bayon etiladi. Erxon botir Qo‘qon xoni va boshqa xonliklardan birlashishni istab, bir necha bora iltimos qilishlari bekor ketgani, oz sonli qo‘shin bilan Toshkentda 1865 yilda rus bosqinchilariga qarshi kurashda halok bo‘lishi voqealari Oynur tomonidan Evrilga aytilgan hikoya orqali kiritiladi. Bundan ko‘rinadiki, xonliklar parchalanishidan, mamlakat mustaqillikka erishgunga qadar bo‘lgan davr voqealari muallif qalbiga hamisha iztirob solib kelgan. U bu voqealarni “aytish mumkin bo‘lgan davr” kelishini kutib yashagan va bugun shu asar bizning qo‘limizda.

Darvoqe, yozuvchining o‘zi ham nohaqlikka chidolmaydigan, haqiqat uchun kurashadigan inson bo‘lgani bois, hayoti davomida juda ko‘p sinovlarga, to‘siqlarga duch kelgan. Birgina “O‘lmas qoyalar” romani 1981 yilda “Sharq yulduzi”da chop etilganida, bir kechada jurnalning shu soni yig‘ilib yo‘q qilingani va yozuvchini yo‘q qilish uchun Moskovdan chaqiriq kelganida Sharof Rashidov uni qutqarib qolgani, shuningdek, salkam 20 yil qamoqda o‘tirib chiqqani ham fikrimizni tasdiqlaydi. Yozuvchi butun umr Turon, Turkistonning ozod bo‘lishi uchun so‘zi bilan kurashib yashadi. Hatto taxallusida ham “Evril Turon” (asl ismi Mamadali Mahmudov ekanini bilasiz) nomini tanladi.

Mamadali Mahmudov

Asarga qaytsak. Oynur Fransiyaga tashrifi chog‘ida urush davrida asr tushib o‘sha yerda qolib ketgan Botir ismli o‘zbek yigitini uchratadi. Yigit Oynurga o‘z yurti, bolaligi o‘tgan ko‘chalarini sog‘inishi, ammo u yerga qaytolmasligini, qaytsa SSSR unga “vatan xoini” tamg‘asini bosib, o‘ldirib yuborishini aytadi. So‘ng manzili yozilgan qog‘oz berib “menga o‘zbekcha qo‘shiqlar, laparlar yozilgan plastinka yuboring”, deya iltimos qiladi. Oynur bilan borgan delegatsiya buni ko‘rib qoladi va Oynurni siquvga oladi. “Sen kim bilan gaplashding, senga nima berdi? Moskovga borib, hisobotini berasan. Kerak bo‘lsa KGB shug‘ullanadi sen bilan”. Shu voqeadan boshlab Oynurning ortidan yashirincha kuzatuv boshlanadi. Yosh yozuvchi har kuni u bilan ishga borib kelganda, bu voqealarning nega uyushtirilishi, bundan maqsad nimaligini anglab boradi. Oygul unga tushuntirib boradi.

Yana bir voqea qishloqdagi “Madaniyat uyi”da shu yerlik qari kampirning boshqa joydan ko‘chib kelgan turli millat tomonidan do‘pposlanishi voqeasida Oynurning egizagi (aslida unga juda o‘xshash qarindoshi) Lola qatnashib qoladi va kampirni qutqarishga harakat qiladi. Bunga kelgindilar siyosiy tus berib, siz millatchilik qilyapsiz deya janjal kattalashadi. Hatto qurbonlar ham bo‘ladi. Oldindan ko‘ra biladigan Oynur esa Lolani boshqa joyga jo‘natib yuboradi va aybni o‘ziga oladi (aslida voqea yuz bergan paytda Oynur Samarqandda edi). Ana shundan keyin Oynur ortidagi josuslar ikki karra ortadi, ta’qiblar kuchayadi. Oynur voqea yaxshilik bilan tugamasligi bilib, Qozog‘istonga ketishini aytganida yozuvchi ham u bilan ketishni xohlaydi. Oynur bu xatarli ekanini aytib, “sen tirik qolishing kerak. Chunki, mabodo meni o‘ldirishsa, bu voqealarni bir kuni vaqti kelganda kelajak avlodga yetkazishing kerak”, deya ta’kidlaydi. Yosh Evril o‘lim kelsa ham undan ajralmasligini aytib, Oynur bilan yo‘lga otlanadi. “O‘rol” mototsiklda ular Qozog‘iston sari yo‘lga chiqishadi. Cho‘llardan ming azob bilan o‘tib manzilga yaqinlashganda ularning ortidan tushgan KGBchilar quvib yetishadi.

Voqealarni to‘liq yozib o‘tirmayman. Juda ko‘p holatlar, xavfli voqealar bor asarda. Hatto yozuvchidan “quloq” sifatida foydalanish uchun tutgan nayranglar ham bayon etilgan.

Xulosa o‘rnida Oynurning quyidagi iltimosini asl holida keltiraman:

“... Mening bu so‘zimni yodingda tut. Agar men... men... mabodo dunyodan o‘tgudek bo‘lsam... bir yorug‘ zamonlar kelsa, bu so‘zimni esla... bu so‘zimni amalga oshirish uchun kurash, elimiz bilan birga kurash! Bir butun Turkiston uchun kurash!

...«Turkistonning bir tug‘ishgan tub ellari o‘z asliga, turkligiga qaytishi, bir butun turk o‘laroq bir turk bayrog‘i ostida yashashlari lozim. Shunda tarixiy haqiqat tiklanadi.

Agar boshda buning iloji bo‘lmasa, to iloji bo‘lgunga qadar:

iqtisodiy, harbiy, pul, tarix, adabiyot... adabiy til birligi uchun kurashmoq kerak.

Asta-sekin BIR YoZUV va yaxlit MILLIY BIRLIKka erishish lozim. Uqdingmi, inim?”

Mana, Oynurning iltimosiga ko‘ra yozilgan asar haqida qisqacha bilib oldingiz.

Yozuvchining o‘zi ham asar yakunida shunday yozadi: “Olis bir zamonlar Oynur menga “kechmishimizni bo‘yamay yozishingni istayman, Evril”, — degan edi. Oynurning hayoti qandoq kechgan bo‘lsa, uni shundoq yozdim”.

Asarni o‘qib, uni yozuvchining qalbiga uzoq vaqt og‘riq berib yurgan og‘riqlar hosilasi deb bildim. Oynurning iltimosiga ko‘ra, yozuvga ko‘chgan buyuk asar deb bildim.

Siz ham o‘qing va baho bering.

Komiljon Aslonov, kitobxon

Ko‘proq yangiliklar: