Kelajakni o‘zgartiruvchi sun’iy idrok: uning insoniyatga foyda-ziyoni nimada?

Fan-texnika 11:02 / 10.03.2023 239484

«Buni sun’iy idrok yechib beradi» degan ibora ko‘pincha, masala ustida tabiiy idrok yetarlicha bosh qotirmaganini anglatadi. AI (artificial intelligence – sun’iy idrok) abbreviaturasidan esa tobora o‘ylamasdan foydalanilmoqda, chunki sun’iy idrok bilan hamma narsa yaxshiroq chiqmoqda (va sotilmoqda).

Xo‘sh, sun’iy idrok nima? U bizga nima uchun kerak? Eng asosiysi — bu borada qayoqqa qarab ketmoqdamiz?

Sun’iy idrok

Bu texnologiyalar kecha yo bugun paydo bo‘lib qolgani yo‘q, lekin unga nisbatan ommaviy qiziqish 2011–2012 yillarda paydo bo‘lgan. O‘shanda insonni tovushidan tanib olish kabi chindan ham murakkab masalalar yechila boshlagan. 2012 yil kuzida tasvirlarni sinflash tanlovida AlexNet tarmog‘ining g‘alabasi bu yondashuv boshqalardan ustunligini namoyish etib berdi.

2010-yillar o‘rtalaridan boshlab har bir yirik texnokorporatsiya va istiqbolli startaplarning ko‘pchiligi neyrotarmoqli texnologiyalardan foydalanib, uni rivojlantira boshladi. Sun’iy idrokni har qanday joyda ishlatish mumkinligi oydinlashdi. Masalan, agar 2012 yilda Google chuqur o‘rganish sohasida ikkitagina loyiha bo‘lgan bo‘lsa, 2016 yilga kelib ularning soni mingdan oshdi. Soha gurkirab rivojlanishi butun dunyo bo‘ylab hukumatlar e’tiboriga tusha boshladi.

Sun’iy idrok vasvasasiga Kreml ikkinchi o‘n yillik oxiriga kelib e’tibor qarata boshladi. 2019 yilning mayida Vladimir Putin AI sohasida monopoliyaga erishgan odam «jahonga mutlaq hokim» bo‘lishini ta’kidladi. U AI sohasida «texnologik suverenitet»ga erishishga buyruq berdi. O‘sha yilning kuzida «Sun’iy idrok» milliy loyihasi va AI’ni 2030 yilgacha rivojlantirish bo‘yicha milliy strategiyani ta’sis etuvchi farmon imzoladi.

Sun’iy idrok nima?

Matematiklar hazilomuz ohangda o‘zlari shug‘ullanayotgan har bir narsa matematika ekanini ta’kidlashadi. Sun’iy idrok bilan ham shunday — biz AI deb atayotgan har bir narsa u. 

Sun’iy (yoki sodda qilib aytganda mexanik) idrok haqidagi orzular tarixi yuzlab, hattoki minglab yil oldinga borib taqaladi.

Bu mavzuni akademik davralarda o‘tgan asr o‘rtalaridan ishlab chiqa boshlashgan. 1950 yilda Alan Tyuring «Mashinalar fikrlay oladimi?» degan savolni o‘rtaga tashlagan. Keyinroq, 1955 yilda Stenford universiteti professori Jon Makkarti «sun’iy idrok» tushunchasini amaliyotga kiritdi va unga shunday ta’rif berdi: «Aqlli mashinalarning ilmiy va injyenerlik ishlanmasi».

AI tarixchilari sun’iy idrokka quyidagicha zamonaviy ta’rif berishadi: «tizimni tashqi ma’lumotlarni to‘g‘ri interpretatsiya qilish, bu ma’lumotlarni o‘rganish, muayyan maqsadlar va vazifalarga erishish uchun egiluvchan adaptatsiya yordamida olingan xulosalardan foydalanish qobiliyati». Mana yana boshqa bir ta’rif: «aqlli harakat qiluvchi hisoblovchi agentlarning sintez va tahlilini o‘rganuvchi fan sohasi». Mana, uchinchisi. Bunisi esa to‘rtinchisi. Turli vaziyatlar uchun yana bir nechtasi.

Hozir sun’iy idrok bo‘yicha nafaqat yagona ta’rif mavjud emas, umuman to‘xtam ham yo‘q. IBM va Google kabi texnogigantlar sun’iy idrokdan muayyan vazifalarni yechish (masalan, nutq orqali tanib olish)da foydalanmoqda.

Ayrim olimlar sun’iy idrok — inson tafakkuri simulyatsiyasi ta’rifidan foydalanadi. Boshqalari mashina aqlli bo‘lishi kerak, deb hisoblashadi. Lekin aql nima degan savolning o‘zi AI bilan bog‘liq akademik bahslardan ham qadimiyroq.

Bu orada sun’iy idrok juda tezlik bilan rivojlanmoqda, insoniyat ham uning ta’rifini muntazam o‘zgartirib turibdi. Sun’iy idrok tushunchasini anglashga bo‘lgan urinishlar «AI effekti»ni ham paydo qildi. Kompyuterning navbatdagi yutug‘ini ko‘rgan tanqidchilar bu tafakkur namoyishi, deya ushbu klassni idrokni aniqlash vazifasidan kesib tashlashgan. Ularning ayrim ta’kidlari bilan kelishsa bo‘ladi (kompyuterning shaxmat yoki shashkani yaxshi o‘ynashi idrokdan darak bermaydi, albatta). Lekin bu jihatlarning barchasi ham idrok sun’iy yoki tabiiyligini tushunishga yordam bera olmaydi.

Shu sababli AI tushuncha sifatida juda tor doirada foydalaniladi. Kutilmagan darajada aqlli narsalar yarata oladigan zamonaviy texnologiyalar guruhi shunday ataladi. Ko‘pincha AI’ni bitta, eng modaga chiqqan texnologiyagacha toraytirishadi. Masalan, 2023 yilda «AI’dan foydalanish» deganda ulkan til modullari (LLM) tushunilmoqda. Bu juda katta shov-shuv keltirib chiqargan ChatGPT chat-boti va shunga o‘xshash mahsulotlar ortida turgan neyrotarmoqli texnologiya.

Tabiiyki, AI ishlanmalari yirik til modullari bilan cheklanib qolmaydi. Boz ustiga, o‘n yillardan so‘ng mutlaqo boshqa texnologiya yuzaga kelishi ham mumkin: sun’iy idrok yaratuvchilari bungacha ham boshi berk ko‘chaga kirib qolib, allaqachon ikkita katta «qish»ni boshidan o‘tkazgan. 

Sun’iy idrok nima uchun kerak?

Sun’iy idrok ko‘p ma’noda orzu-istaklarni bajo keltiruvchi sehrli tayoqcha. Shuning uchun aniqlashtiruvchi muhim savol o‘rtaga chiqadi: kimning orzusini? Oddiy foydalanuvchilar, texnokorporatsiyalarning yoki harbiylarning?

Ularning barchasi AI’dan u berishi mumkin bo‘lgan narsadan ortiqrog‘ini xohlashmoqda. Bank of America tahlilchilarining yozishicha, AI sohasida hademay «iPhone lahzasi» paydo bo‘ladi, ya’ni 2007 yilda ilk iPhone telefon va internet haqidagi tushunchalarni ostin-ustun qilib yuborgani kabi oddiy narsalar haqidagi tasavvurlarni chilparchin qiluvchi qandaydir yangi mahsulot paydo bo‘ladi.

Foydalanuvchilar — informatsion jamiyatning oddiy aholisi AI ularning turmushdagi va hayotdagi yumushlarini yengillashtirishini kutmoqda. Chindan ham, inson informatsion davrga qadam bosganidan buyon aqliy mehnat ham jismoniy mehnat kabi bir xil va holdan toydiruvchi bo‘lishini hech kim kutmagan edi.

Zamonaviy AI bu mashaqqatli ishni yengillashtiradi: seriallar tavsiya qiladi, hisobotlar tuzadi, uyga vazifalarni bajarib beradi (garchi ko‘ngildagidek chiqmasa ham), matnlarni tarjima qiladi, psixoterapiya bilan shug‘ullanadi, amaliy illyustratsiyalar yaratadi, insonlar o‘rniga chatlarda va telefon orqali xizmat ko‘rsatish xizmatlarida o‘tiradi.

Lekin bu boshqalar AI’dan yechilishini kutayotgan vazifalar emas aslo.

Harbiylar uchun AI ikkinchi sovuq urush va istiqbolli muqobil harbiy tizimlar uchun mablag‘ undirish uchun imkoniyat sifatida jozibador. Xitoy texnologiyalarni harbiy va fuqarolik jihatdan qo‘shib yuborilishiga intilmoqda. AQSh harbiylari avtonom tizimlar salohiyatini inqilobiy deb baholab, ushbu inqilobga yetakchilik qilishga shoshilmoqda. 

Bu qiziqish Rossiyada ham rivojlanmoqda. 2017 yilda rossiyalik harbiylar sun’iy idrokli raketalar haqida so‘z ochishdi. 2018 yilda «yuqori aniqlikdagi» qurollar bilan olib boriladigan kiberurushlar haqida gapirishdi. 2020 yilda AI ishlanmalari fuqarolik sohasidan harbiy sohaga transfer qilingani haqida aytib o‘tishdi. 2021 yilda RF mudofaa vazirligi nafaqat «AI’ga ega jangovar robotlar» haqida bayonot berdi, shuningdek, o‘z budjeti va buyurtmachi funksiyalariga ega (ya’ni davlat pullarini o‘zi ehtiyojga qarab xarajat qiladigan) AI bo‘yicha boshqarma tuzishga ham qaror qildi.

Rahbarlar va texnokorporatsiyalar uchun AI bu eng avvalo mo‘may pul ishlab olish yo‘li. O‘sha Bank of America’ning baholashicha, yaqin yetti yil ichida AI jahon iqtisodiyotini 15,7 trln dollarga oshiradi. Ikkinchidan, bu kadrlarda iqtisod qilishning istiqbolli yo‘li. Facebook kabi kompaniyalar har yili xodimlari sonini o‘nlab foizga oshirib borgan — 2022 yilda esa bozorni Meta va Twitter’dagi minglab ishdan bo‘shatishlar qalqitib yubordi. Aytichilar sonini ko‘paytirmasdan samaradorlikni oshirish — texnokapitalistlarning orzusi.

Siyosatchilarga AI o‘zining «zamonaviy» ekanini ko‘z-ko‘z qilish uchun imkon taqdim etmoqda. Masalan, Ruminiyada bosh vazir «faxriy» sun’iy yordamchiga ega. Yana, hokimiyatni mustahkamlashda ham asqatadi: jinoyatchilik va ekstremizmga qarshi kurash vaji ostida tartib joriy etishni kuchaytirish, fuqarolar kayfiyatini kuzatish osonroq, eng so‘nggi chora sifatida — raqamli konslagerga ega ideal politsiya davlati qurish mumkin. Ulkan ma’lumotlar massivini tinimsiz maydalab turadigan sun’iy idroksiz unisiga ham, bunisiga ham erishib bo‘lmaydi.

Bundan tashqari, AI’ni davlat boshqaruvi sifatini oshirishga ham o‘rgatishmoqchi (garchi quyi joylardan kelgan xato axborotlar tufayli diktatorlarga yomon maslahatlar berish ehtimoli saqlansa-da).

Eng dastlabki va qiziq misollardan biri sifatida akademik Viktor Glushkov (sovetcha AI otalaridan biri)ning SSSRda OGAS (Obshchegosudarstvennaya avtomatizirovannaya sistema — Xalq xo‘jaligida umumdavlat avtomatlashtirilgan tizimi)dan foydalanishga bo‘lgan urinishlarini keltirish mumkin. Gap 1960-yillarda «qo‘lda» boshqarish imkoniyati to‘liq yo‘qotilgan rejali iqtisodiyotni qutqarish haqida borardi. OGASni yaratish uchun SSSRning kosmik va atom loyihalarini qo‘shgandan ham ko‘proq mablag‘ zarur edi, shu sababli loyiha amalga oshmagan — uning ayrim qismlari tatbiq qilingan. Ular esa sovet ittifoqini parchalanishdan asray olmagan.

Bu yerda shunisi muhimki, informatsion jamiyatni markazlashtirib qurish iqtisodiyotning kuchli davlatlashtirilishida hokimiyat uchun jozibali bo‘ladi. Bu holatda menejyerlar ishonchdan mosuvo, elita esa qo‘lda boshqaruvdan foydalanadi. Agar Rossiya raqamli iqtisodiyotiga sovetcha OGAS tarixi prizmasidan qaralsa, Putin AI’dan nima istayotganini osongina tushunsa bo‘ladi.

Sun’iy idrok qachon hayotimizni o‘zgartiradi?

Uning istiqbolini hammadan ko‘ra AI’ning g‘arbdagi otalaridan biri Marvin Minskiy yaxshiroq so‘zda ifodalagan. 1970 yilda u Life jurnaliga «yaqin 3–8 yil ichida o‘rtacha odamning umumiy idrokiga teng mashina yaratiladi», degan. Bu amalga oshmagan bo‘lsa-da, ayrim masalalarda AI insondan ham o‘zib ketdi, lekin yarim asr ichida o‘rtacha umumiy idrokka o‘xshash hech narsa yaratilgani yo‘q.

Natijada, inson idrokidan ko‘proq foydalanishga to‘g‘ri keldi. Shu sababli sun’iy idrok istiqbollarini anglash uchun tabiiy idrok salohiyatini aniqlab olish kerak. Uning o‘rnini mashina bosa oladimi? Agar bosa olsa, aynan kimlarnikini?

Yuqorida zikr etilganidek, texnokorporatsiyalarga imkon qadar ko‘proq jarayonlar avtomatlashtirilishi kerak. Shtat jadvalini shishirmasdan murakkab tizimlar qurish yo‘li topilishi kerak. Hamma 2015 yilda 50 xodim bilan 900 million foydalanuvchiga erishgan WhatsApp mo‘jizasini takrorlashni istaydi. Taqqoslash uchun: 2006 yilda 150 xodim bilan ish boshlagan Facebook’da 2022 yilning dekabriga kelib 86 ming xodim to‘liq shtatda ishlagan, bu hali to‘liqsiz shtatlar hisobga olinmaganda.

Bu yerda sun’iy idrok haqidagi boshqa orzumandlar manfaati ham birlashadi. Harbiylar o‘z askarlari jonini saqlab qolib, inson omiliga bog‘liqlikdan voz kechishni istaydi. Siyosatchilar uchun buyruqqa some, barcha topshiriqlarni g‘iq etmay bajaruvchi, shaffof hisobot beradigan raqamli byurokratik apparat kerak. 

Bu yo‘lda muammolar kam emas. Gap kiberaskar murakkabligi, shaffof hisobot olish amalda imkonsizligida ham emas, hozircha bu tizim uchun boshlang‘ich ma’lumotlar kiritish joylardagi odamlarga bog‘liq.

Gap shundaki, AI’ning «sehrli tayoqcha»si juda qimmatga tushmoqda. Garchi u ko‘p masalalarni yechsa-da, hozircha uning plyusga ishlashi noma’lumligicha qolmoqda. Qayd etib o‘tmoq kerakki, AI’ning avvalgi «qish»lari xususan, davlat va harbiy buyurtmachilarning «tarvuzi qo‘ltig‘idan tushishi», binobarin, moliyalashtirish bas qilinishi tufayli sodir bo‘lgan.

Chindan ham, hozircha sun’iy idrok tabiiysining ishini tortib olayotgani yo‘q. Aksincha, barcha yangi texnologiyalar tajribasi eski ish o‘rinlari o‘rniga undanda ko‘p yangilari paydo bo‘layotganidan so‘zlamoqda. AI bilan bog‘liq holatda yangi texnologiyani tushunadigan malakali mutaxassislarga ulkan talab paydo bo‘ladi.

Lekin AI modellari uchun ma’lumot yuklaydigan past malakali xodimlarga ham talab oshadi. Mashina o‘qishi uchun ma’lumotlar to‘plash va belgilash bozori 2030 yilgacha yiliga 25 foizdan o‘sadi va 12,75 mlrd dollar hajmga yetadi. Rivojlangan davlatlardagi katta maosh oluvchi yetuk mutaxassislarning ishini avtomatlashtirish uchun «uchinchi dunyo» davlatlaridan o‘nlab, yuzlab belgilovchilarni ishga solish kerak bo‘ladi.

2019 yildayoq hindistonlik minglab ayollar pilotsiz boshqariladigan avtomobillar uchun kompyuter «nigohi» yoki to‘ldirilgan reallik tizimlari uchun algoritm tuzishga AI’ni o‘qitish uchun o‘z tabiiy idrokini minimal pulga sotishgan. 2022 yilda esa keniyaliklar soatiga 2 dollardan kamroq maosh evaziga ChatGPT’ni zararli kontent, zo‘ravonlik va hokazo taqiqlangan narsalardan himoya qilish uchun eng rasvo matnlarni qarab chiqishgan.

Boz ustiga, zamonaviy AI tizimlarini qo‘llab turish juda qimmatga tushadi. 2023 yil yanvarida yuz milliondan ortiq foydalanuvchisi bo‘lgan o‘sha ChatGPT’da saytga 590 million tashrif bo‘lgan. Eng qo‘pol hisob-kitoblarga ko‘ra, ChatGPT normal faoliyat ko‘rsatishi uchun unga 30 mingta videokarta kerak bo‘ladi, bu esa kamida 300 mln dollar turadi.

Yana bir qo‘pol hisob-kitoblarga ko‘ra, ChatGPT tomonidan generatsiya qilingan har bir so‘z bir sent atrofida turadi. Kuniga millionlab foydalanuvchilar kirganda, gap kuniga 100 ming dollar, oyiga 3 million dollar haqida bormoqda. Yuz million foydalanuvchi ishlab chiqaruvchilarning pulini yanada tezroq «yoqa boshlaydi».

Bu hali hammasi emas. So‘nggi yillarda olimlar nafaqat AI tizimi narxiga e’tibor qaratishmoqda, uning ekologik tozaligi ham savol ostida. Bu masalada ham hammasi silliq ketayotgani yo‘q: «sehrli tayoqcha» dastlabki o‘qitish asnosida ham, ish jarayonida ham parovozdek energiya yamlaydi.

Ayrim baholashlarga ko‘ra, ChatGPT’ni o‘qitish uchun kichikroq shaharchaning oylik iste’moliga teng energiya ta’minoti kerak bo‘ladi, ishlash vaqtida esa oylik energiya iste’moli o‘qitish davrinikidan bir necha barobar oshib ketadi.

ChatGPT’ga o‘xshash tizimlar (uning Google, Metaʼdagi muqobillari, xitoyliklardagi Baidu, Janubiy Koreyadagi Naver, «Yandeks» ham chiqarishni va’da qilgan) qanchalik ko‘paysa, istaklarni ro‘yobga chiqarib qancha turishi shunchalik tushunarli bo‘lib boraveradi.

Ko‘proq yangiliklar: