O‘zbekiston dunyo iqtisodiy erkinlik indeksida 8 pog‘ona yuqoriladi

Iqtisodiyot 15:12 / 07.03.2023 25248

Heritage Foundation tadqiqot markazi “Iqtisodiy erkinlik indeksi – 2023” hisobotini e’lon qildi.

Unda O‘zbekiston 176ta mamlakat orasida 56,5 ball bilan 109-o‘rinni egallagani qayd etilgan. So‘nggi hisobotga ko‘ra, mamlakat reytingi 0,8 ballga yaxshilanib, 8 pog‘onaga yuqorilagan bo‘lsa-da, iqtisodiyoti erkin bo‘lmagan mamlakatlar guruhidan joy olgan.

Iqtisodiy erkinlik indeksida respublika 12ta indikatorning 7tasida ijobiy o‘zgarishlarni qayd etgan, 5ta indikatorda esa salbiy o‘zgarishlar kuzatilgan. Reytingdagi umumiy ko‘tarilishga investitsiyalar erkinligi (+10 ball) va moliyaviy erkinlik (+10 ball) bo‘yicha vaziyat sezilarli darajada yaxshilangani ta’sir ko‘rsatgan.

Shu bilan birga, davlat xarajatlari (-3,2 ball) va fiskal salomatlik (-11,3 ball) bo‘yicha holat yomonlashgan.

“2023 yil "Iqtisodiy erkinlik" reytingida beshta indikator – davlat xarajatlari (-3,2), mulkchilik huquqi (-0,7), biznes erkinligi (-0,2) va sud faoliyati samaradorligi (-0,1) ko‘rsatkichlari pastlashda davom etgan. Aytish kerakki, mazkur indikatorlar o‘tgan yilgi reytingda ham sezilarli ko‘rinishda yomonlashgandi.

Fiskal salomatlik va davlat xarajatlari masalasida ahvol tubga qarab ketayotganini oxirgi ikki yildan beri tasdiqlangan budjet defitsiti ko‘rsatkichlariga namoyishkorona amal qilinmayotgani, xarajatlarning o‘sishini tiyuvchi institutlarning formal fasadga aylangani, davlat xarajatlari samarasiz loyihalar va to‘xtamayotgan zararli tajribalar tufayli oshayotgani, bularning hammasi keng aholi qatlamlari turmush tarzida va cho‘ntagida aks etayotgani, ijtimoiy tengsizlik ortayotganida ko‘rish mumkin”, deya yozadi iqtisodchi Otabek Bakirov.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston reytingda Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi 39ta mamlakat orasida 23-o‘rinni egallagan.

Shu bilan birga, oxirgi besh yilda O‘zbekiston mazkur reytingda umumiy jihatdan qaraganda 33 o‘ringa (152-o‘rindan 109-o‘ringa) yuqorilagan.

“O‘zbekistonda umumiy qonun ustuvorligi zaif. Mamlakatdagi mulkchilik huquqi, sudning samaradorligi va hukumat yaxlitligi reytingi jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan past”, deyiladi hisobotda.

MDH mamlakatlari orasida eng yaxshi ko‘rsatkichlarni Armaniston (50-o‘rin) va Qozog‘iston (71-o‘rin) qayd etgan. Keyingi pog‘onalardan Ozarboyjon (75-o‘rin), Moldava (96-o‘rin), Qirg‘iziston (115-o‘rin), Rossiya (125-o‘rin), Belarus (145-o‘rin), Tojikiston (146-o‘rin) va Turkmaniston (161-o‘rin) o‘rin olgan.

Umumiy reytingning eng yuqori 3ta pog‘onasini Singapur (83,9 ball), Shveytsariya (83,8 ball) va Irlandiya (82 ball) egallagan bo‘lsa, eng quyi o‘rinlarda Venesuela (25,8 ball), Kuba (24,3 ball) va Shimoliy Koreya (2,9 ball) qayd etilgan. 8ta davlat: Afg‘oniston, Iroq, Liviya, Lixtenshteyn, Samoli, Suriya, Ukraina va Yaman turli sabablarga ko‘ra reytingga kiritilmagan.

Hisobot 2021 yilning 1 iyulidan 2022 yilning 30 iyunigacha bo‘lgan davrga oid ma’lumotlar bazasidan kelib chiqqan holda taqdim etilgan.

Umumiy iqtisodiy erkinlik bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich o‘tgan yilgi 60 ballda 59,3 ballga tushgan. Bu so‘nggi yigirma yillikdagi eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.

Global miqyosda moliyaviy barqarorlik sezilarli darajada yomonlashgan. Taqchillikning o‘sishi va davlat qarzining ortib borishi davlatlarning umumiy iqtisodiy o‘sishiga putur yetkazgan.  

Ko‘proq yangiliklar: