Elektr va gaz o‘g‘rilash: sohadagi bugungi ahvol va bunga qanday chek qo‘yish mumkin?

Iqtisodiyot 15:36 / 07.03.2023 51096

Aslida, gaz, elektr va toza suv xalq boyligi hisoblanadi. Aholi iste’moli uchun ularga belgilangan tariflar ham juda past. Narxlar davlat tomonidan subsidiyalanadi. So‘nggi paytlarda gaz va elektr uchun aqlli hisoblagichlar o‘rnatildi, ichimlik suvi uchun ham shunday zamonaviy hisoblagichlar joriy etilmoqda. Buning samarasi o‘laroq, aholi o‘rtasida to‘lov intizomi birmuncha oshdi.

Ammo xususiy biznes va tadbirkorlarni bunga ko‘niktirish qiyin bo‘lyapti. Turli korxonalar suv, gaz, elektrni o‘g‘rincha (demakki, xo‘jasizlarcha) ishlatib, davlat budjetiga katta zarar yetkazish bilan birga, bu ne’matlarning taqchilligiga ham o‘z hissalarini qo‘shishmoqda.

Ular bu qilmishini amalga oshirishda asosan energiya resurslari va suvdan hisoblagichsiz foydalanib yoki tarmoqqa o‘zboshimchalik bilan ulanib yoki hisoblagich plombasini buzgan holda ko‘rsatkichlarini o‘zgartirib, katta miqdorda zarar yetkazishadi.

Eng qizig‘i, bu oddiy holga aylanib qolgan. Bu ishga qo‘l urganlar qilmishi jinoyat ekani, o‘g‘rilik ekanini zarracha his qilmaydi. «Qo‘lga tushmadimmi — o‘g‘ri emasman», deb o‘ylashadi, «mabodo qo‘lga tushsam, «gaplashib» ishni hal qilaman», deya xomtama bo‘lishadi.

O‘marishlar ortida nima turibdi?

Albatta, katta pul, manfaat turibdi. Toki ta’minot xususiy qo‘llarga o‘tmas, davlat ixtiyorida qolaverar ekan, sohada o‘g‘riliklar hech qachon tugamaydi.

Eng alam qiladigani, elektr tarmoqlari va gaz ta’minoti korxonalaridagi korrupsiyaning o‘zi ham mana shunday o‘g‘riliklar avj olishiga sabab bo‘lmoqda va sharoit yaratmoqda.

Chunki «o‘g‘rilik» deganda ular ham birovning uyiga tunda devor oshib o‘tib tunash yoki kimningdir cho‘ntagini qirqishdek mashaqqat talab qiladigan ishni tushunishadi. Aslida, issiq kabinetdagi kresloda o‘tirib, beminnat oqib yotgan tok va gazdan noqonuniy foydalanishga sharoit yaratish ham o‘g‘rilikka sherik bo‘lishning baayni o‘zginasi.

Lekin bizda bunday o‘g‘rilar hamisha ardoqda. Odamlar ularga hattoki «ishning ko‘zini biladigan batadbir insonlar» sifatida havas qilishadi.

Ayniqsa, metan shoxobchalari, turli qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi sexlar, issiqxonalar bu borada yetakchi.

Jazosizlik

O‘zim shaxsan guvoh bo‘lgan voqeadan misol keltiraman: tumanlardan birida gaz idorasi rahbari bo‘lib ishlagan inson bir necha yil avval (eski davrda) talon-torojlikda ayblanib, 5 yilga ozodlikdan mahrum etildi. 1,5–2 yilda jazoni o‘tab ozodlikka chiqib kelgach, u yana tuman gaz idorasiga — avval quyiroq lavozimga qaytdi. Keyin sekin-asta yana rahbarlik lavozimiga o‘tirdi. Yaqinda otasidan qolgan choldevorni buzib, dabdabali uy qurdi. Nima deb o‘ylaysiz, u qaysi daromadlari evaziga bu qurilishni qilgan?

Agar gaz ta’minoti xususiy qo‘llarda bo‘lganda, bu idoralarda talon-torojlikka yo‘l qo‘ygan inson qaytib bu sohaga yaqinlashtirilmasdi. Davlat idorasida esa o‘g‘rilarga yana kelib ishlash, o‘zining past, g‘araz niyatdagi ishlarini davom ettirish uchun sharoit muhayyo.

Rahbari shov-shuv bilan ishdan olinib, keyin qo‘yib yuborilgan holatlar ham «menga baribir hech narsa bo‘lmaydi», qabilida ish yuritishga sabab bo‘ladi.

Bitta misol: 2022 yil 11 dekabrda Bosh prokuror «Hududgazta’minot» AJning Toshkent viloyati bo‘yicha tarkibiy bo‘linmasi bo‘lgan «Hududgaz Toshkent» filiali direktori M.A.ga nisbatan jinoyat ishi ochilgan hamda ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olinganini ma’lum qilgan edi. Keyin u garov evaziga qamoqdan ozod qilingani ma’lum bo‘ldi.

Qanday o‘g‘rilik qilishadi?

Gaz idorasidagilar parnik, ohak va g‘isht ishlab chiqarish sexlari, metan shoxobchalariga gazdan noqonuniy va istaganicha foydalanish uchun sharoit yaratib berishadi. Bunda gaz hisob-kitobi yuritilmaydi, hisoblagich orqali hisoblanmaydi. Bunday o‘g‘irlab sarflangan gazlar aholi va boshqa korxonalar bo‘yniga «sochib» yuboriladi. Yoki hech qachon undirilmaydigan noreal qarzdorlik shakllantiriladi.

Aholiga ajratilgan suyultirilgan gazni esa oshxonalarga yoki avtomobillarga propan gaz to‘ldiruvchi shoxobchalarga sotishadi: aholi uchun mo‘ljallangan 50 litrli ballonga to‘ldirilgan 20 kg gaz narxi shoxobchada 10 barobar qimmat. Bu farq korrupsiya uchun ajoyib sharoit hozirlagan. Aholi uchun mo‘ljallangan suyultirilgan gazning katta qismi «tuya» qilib yuborilmoqda: yo vaqtida yetkazilmaydi, yo me’yordan urib qolinadi.

Elektr ta’minoti korxonalari ham turli sexlar va ishlab chiqarish korxonalariga elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish uchun sharoit hozirlab berishadi.

Bunday korxonalar ichida hokimiyat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlariga ham tegishlilari bor. Hattoki, o‘sha elektr va gaz ta’minoti korxonasida rahbar lavozimida ishlab turganlarning ham «bepul» tok va gaz iste’mol qilayotgan korxonalari bor.

Yaqqol misol: Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov energiya inqiroziga bag‘ishlangan yig‘ilishda «Toshkent viloyati prokurori Prezident administratsiyasidan noqonuniy gazga ulangan zavodni tarmoqdan uzmaslikni so‘raganini aytib, «Prokurorning manfaati bormi bunday noqonuniy ulanishga?» degan edi.

Albatta, mavjud sharoitda bunday holatlarni fosh qilishi kerak bo‘lgan inspeksiyalar ko‘z yumishadi.

Mana shunday o‘zibo‘larchilik, xo‘jasizlik, rahbarlarning o‘z vakolatini suiiste’mol qilishi energiya ta’minoti sohada depsinish, energiya ta’minotidagi uzilishlarga olib keldi.

Qonunda qanday jazo nazarda tutilgan?

Elektr energiyasi va tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganlik uchun zararlarni qoplash tartibi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 16 yanvardagi «Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 22-sonli qarorida ko‘rsatib o‘tilgan.

Ichimlik suvidan foydalanish tartibini buzganlik Hukumatning 2014 yil 29 iyuldagi «Kommunal xizmatlar ko‘rsatish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi 194-sonli qarori ilovalarida ko‘rsatilgan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 101-moddasi (elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish)da umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish uchun fuqarolarga BHMning 10–15 barobari, mansabdor shaxslarga esa 20–25 barobari miqdorida jarima nazarda tutilgan.

O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida qurilgan binolar hamda inshootlarni elektr energiyasi, issiqlik va gaz ta’minoti tashkilotlari tomonidan elektr, issiqlik va gaz tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulash uchun mansabdor shaxslarga BHMning 70–85 barobari miqdorida jarima nazarda tutilgan.

Bu huquqbuzarliklar uchun Jinoyat kodeksining 185(2)-moddasi (elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish)da ham jazo belgilangan.

Amaldagi qonunlarga ko‘ra bu uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoyat ishi ochib bo‘lmaydi. Qoidabuzar avval shu qilmishi uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan bo‘lishi kerak. Jinoyat kodeksida Umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish BHMning 25 baravaridan 75 baravarigacha miqdorda jarima yoki 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 1 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi belgilangan. Yetkazilgan zarar miqdoriga qarab jazo og‘irlashaveradi. Yetkazilgan zararni qoplagan shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod bo‘ladi.

Qonunda jazo belgilanganiga qaramasdan, bu turdagi o‘g‘riliklar davom etaveryapti. Chunki yuqorida ta’kidlanganidek, o‘rtada juda katta pul aylanadi. Tekshiruvchilar, jazoga tortishi mumkin bo‘lgan insonlarning «og‘ziga pul bilan urib, ishni yopaman» degan ishonch mustahkam.

Senat yalpi yig‘ilishida ma’lum qilinishicha, 2022 yil va joriy yilning o‘tgan davrida elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini buzganlik holatlari bo‘yicha 433 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu jinoyatlar oqibatida davlat manfaatlariga 368,1 mlrd so‘m miqdorda moddiy zarar yetkazilgan. Shuningdek, suv ta’minoti tarmoqlariga 1 624 ta noqonuniy ulanishlar aniqlanib, qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ygan shaxslardan 7 mlrd 144 mln so‘mlik qo‘shimcha to‘lovlar undirilgan.

Mazkur qonun ushbu muammolarni bartaraf etish bilan birga energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan. Xususan, umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga tijorat maqsadlarida o‘zboshimchalik bilan ulanish yoxud ularni hisobga olish asboblari va plombalariga qasddan shikast yetkazish, shuningdek, ushbu qilmishlarni kommunal xizmati tashkilotlarining mansabdor shaxslari yoki xodimlari bilan til biriktirib, sodir etilgan jinoyat holatlari endilikda o‘g‘rilik jinoyati deb baholanishi nazarda tutilyapti.

«Elektr, gaz va vodoprovoddan tijorat maqsadlarida qonunga xilof ravishda foydalanish – o‘g‘rilik deb belgilanmoqda. Sababi oddiy: mazkur ne’matlar xalqimizniki, ya’ni ko‘pchilikning haqqi. Shunday ekan, ularni talon-toroj qilish, o‘g‘irlash ko‘pning haqqiga xiyonat qilish bilan bab-baravar. Demak, javobgarlik ham shunga yarasha qat’iy bo‘ladi», — dedi Senat raisi Tanzila Norboyeva.

Yechim nimada?

Yaqinda anomal sovuqlar sharoitida energiya ta’minoti tizimimiz nechog‘lik zaif ekaniga barchamiz guvoh bo‘ldik. Mamlakatimizda energiya mustaqilligini ta’minlash, tejab ishlatish, o‘g‘riliklar va isrofgarchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik davlat siyosati bo‘lishi kerak.

Shu sababli elektr, gazni o‘g‘irlash (tarmoqqa hisoblagichni aylanib o‘tib o‘zboshimchalik bilan ulanish yoki hisoblagichni buzish) uchun jazo ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksdan chiqarib tashlanib, har bir katta-kichik holat uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoyat ishi ochilishi kerak.

Qonunbuzarlarga ham zarar qoplatilishi, ham otning kallasidek jarima to‘latilishi lozim. Toki, yetkazilgan zararni qoplash bilan jarimadan qutulib qololmasin. Retsidiv jinoyat uchun alohida jazo belgilanishi kerak.

Gaz, elektr va suv ta’minoti korxonalaridan hisoblagichlarni va noqonuniy ulanishlarni nazorat qilishni olib qo‘yish kerak. Ular faqat barqaror ta’minot — quvur, simlar tortish, avariyalarni bartaraf qilish bilan shug‘ullanib, maoshini olsin. Chunki tizim allaqachon korrupsiya va tanish-bilishchilikka botib bo‘lgan. Ular hech qachon o‘zlari «maza» qilib o‘tirgan shoxni kesishmaydi.

Shuning uchun undiruvlar va ulanish ustidan nazorat to‘liq MIBga topshirilishi kerak. Sohadagi o‘g‘riliklarni tezkor aniqlash, ularga sud orqali chora ko‘rish, jarimalar va yetkazilgan zararlarni o‘z vaqtida undirish uchun. Toki jinoyat uchun jazo muqarrar bo‘lmas ekan, bu sohada sezilarli o‘zgarishlar bo‘lishi qiyin.

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist.

Ko‘proq yangiliklar: