Jangsiz chempionlik. Ozar, arman, qozoq bokschisi Jalolovga qarshi ringga chiqishdan nega bosh tortdi?

Sport 17:23 / 06.03.2023 64957

To‘lqin Qilichev bosh murabbiyligidagi boks bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi 74-bor tashkil etilgan Bolgariyadagi musobaqada 7ta oltin, 5ta kumush va 6ta bronza, jami 18ta medal jamg‘arishga erishdi. Bu natija esa O‘zbekistonga umumjamoa hisobida 1-o‘rinni taqdim etdi. Shu tariqa, vakillarimiz Sofiyadagi «kichik jahon chempionatida» ketma-ket ikkinchi yil tengsiz ekanliklarini ko‘rsatishdi.

Foto: O‘BF

Bolgariya poytaxtidagi turnirda barchaning diqqat markazida turgan +92 kg vazn toifasidagi bokschilar o‘rtasidagi janglar kutilgan shiddatni taqdim eta olmadi. Bunga raqiblarning Bahodir Jalolovga qarshi ringga chiqishdan bosh tortgani sabab bo‘ldi.

Bir g‘alaba bilan chempionlik

«Big Uzbek» nomi bilan mashhur o‘zbekistonlik og‘ir vaznli bokschi Bolgariyadagi turnirning 1/8 finalida amerikalik Joshua Edvardsni mag‘lubiyatga (5:0) uchratgach, chorakfinalda prinsipial raqibi qozog‘istonlik Kamshibek Konkabayevga qarshi ringga ko‘tarilishi kerak edi. Ammo 2019 yilgi jahon chempionatida Bahodirga mag‘lubiyatga uchragan qozoq bokschisi ma’lum sabablarga ko‘ra jangni bekor qilgach, Jalolov yarimfinalga yo‘llanma oldi.

Yarimfinalda esa ozarboyjonlik Muhammad Abdullayev o‘zbek bokschisiga qarshi jang qilishi lozim edi. Ammo Tokio-2020 nimchorakfinalida Bahodirdan qaqshatqich zarbaga uchragan Abdullayev o‘sha mag‘lubiyatni unutmagan ekan – u ham muddat avval «ringga oq sochiq tashladi».

Foto: Getty Images

Nihoyat, finalda jahonning vitse-chempioni, superog‘ir vaznli David Chaloyan Bahodir Jalolovga qarshi jang qilishi kutilgandi. Ammo finalgacha g‘alabalar bilan yetib kelgan armanistonlik charm qo‘lqop ustasi Tokio-2020 Olimpiadasi g‘olibiga qarshi jangdan bosh tortib, kurashsiz kumush medalini afzal bildi. 28 yoshli o‘zbekistonlik bokschi turnir tarixida ilk marta ketma-ket 3ta jangsiz oltin medalga ega chiqdi.

Raqiblar jang qilishdan nega bosh tortdi?

Superog‘ir vazn toifasida Bahodir Jalolovga qarshi ringga ko‘tarilishni istamagan bokschilarning murabbiylari buni turlicha izohlagan.

Xususan, Qozog‘iston milliy jamoasi bosh murabbiyi Mirzagali Aytjanov spors.kz saytiga shogirdining jangga chiqmaganini izohlar ekan, buni qo‘rqoqlik emas, jarohat bilan bog‘ladi.

«Kamshibek Konkabayevning qo‘lida jarohat bor edi. O‘zingiz yaxshi bilasiz, eng kuchli bokschiga qarshi jangda bu muhim rol o‘ynaydi. Shuning uchun Jalolovga qarshi jangda bokschimizning sog‘ligi borasida tavakkal qilmaslikka qaror qildik. Kamshibek hali boshqa turnirlarda o‘zining kuchini isbotlaydi», - dedi murabbiy.

David Chaloyanning finalga chiqishni rad etgani borasida Armaniston milliy jamoasi ustozi Karen Agamalyan Sportnews nashriga fikrini bildirar ekan, bu murabbiy ham shogirdining o‘zbek bokschisiga qarshi jang qilmagani sababini jarohat bilan bog‘lagan.

Foto: Getty Images

Darvoqe, Konkabayevning Jalolov bilan jangni bekor qilganidan ko‘p o‘tmay, Butunjahon boks assotsiatsiyasi (WBA) superog‘ir vaznli bokschilar reytingini e’lon qilib, Konkabayevni reytingdan chiqardi. Qozoq bokschisi yanvar oyida ro‘yxatda 4-o‘rinni egallab turgan bo‘lsa-da, bir yildan buyon profi boksda jang qilmagani sababli reytingdan chiqarilgan. Jalolov esa 15-o‘rinda bormoqda.

«Bahodirning raqiblari ochiqchasiga qo‘rqib, ringga chiqmayapti»

O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi To‘lqin Qilichevning Tribuna.uz bilan suhbatda aytishicha, raqiblarning Jalolovga qarshi ringga ko‘tarilishni istamayotgani sababi, ularning sog‘lig‘i bilan tavakkal qilishni istamayotganidir.

«O‘zbek boksidagi muvaffaqiyatlar – prezidentimizning boksni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlashga doir chiqargan qarorlari mahsulidir. Bu bizga juda kuchli turtki bo‘ldi.

Foto: O‘BF

Bahodirning chempionligi haqida gapiradigan bo‘lsam, uning raqiblari ochiqchasiga qo‘rqib, bokschimizga qarshi ringga chiqmayapti. Chunki Bahodir ayni damda havaskorlar o‘rtasida dunyoda birinchi raqamli bokschi. Professional boksda ham Jalolov jahon chempionligi uchun eng umidlisi bo‘lib turibdi. Raqiblarning unga qarshi jang qilishni istamayotganining yagona sababi – o‘z sog‘lig‘iga zarar yetmasligining oldini olishdir. Chunki buning ehtimoli katta edi. Bahodir ulardan yaqqol ustun. Buni uning raqiblari ham yaxshi biladi. Ya’ni unga qarshi jang qilib g‘alabadan umid qilib bo‘lmaydi», - deydi To‘lqin Qilichev Tribuna.uz muxbiri bilan suhbatda.

Usmon Ibodov

Ko‘proq yangiliklar: