Muammo “plan” bilan bog‘liqmi? Bir-biri bilan mushtlashayotgan avtobus haydovchilar haqida

Jamiyat 18:11 / 04.03.2023 24225

O‘zi nima gap?

28 fevral kuni Toshkent shahrida 28- va 155-sonli avtobus haydovchilari yo‘lovchi talashib mushtlashgandi. Holat yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) bo‘yicha ma’muriy ish rasmiylashtirilib, jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi tomonidan Yashnobod tumani Izzat ko‘chasida o‘zlariga biriktirilgan avtobuslarni boshqarib, harakat davomida bir-birlariga yo‘l bermasdan kelgan, shu ko‘chadagi 76-sonli avtobekatda to‘xtab, o‘zaro yoqalashgan haydovchilar har biriga 7 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlangandi.

Foto: Toshkent shahar IIBB

24 fevralda ham 93-sonli va 617-sonli avtobus haydovchilari Mirobod tumani Farg‘ona yo‘li ko‘chasida yo‘lovchi talashib janjallashishgan, holat aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandi.

Tuman IIO tomonidan olib borilgan surishtiruv ishlari davomida nizo oqibatida hech kim tan jarohati olmagani aniqlangan, haydovchilarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) bilan hujjatlar rasmiylashtirilib, sudga taqdim etilgan.

Foto: Toshkent shahar IIBB

Tomonlar o‘zaro yarashgani munosabati bilan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish sud tomonidan tugatilgandi.

Muammoning ildizi

Avtobus haydovchilarining yo‘lovchi talashib urishishi kecha yo bugun kuzatilayotgan voqelik emas. Bir yo‘nalishda qatnovchi avtobuslarning poytaxt ko‘chalarida quvlashmachoq o‘ynashi, manzilga avvalroq yetib olish uchun avariya holatlarini yuzaga keltirishi, belgilangan reglamentga amal qilmay bekatlarda uzoq turib qolishi zamirida kunlik “plan”ni bajarish majburiyati yotadi.

Maoshi “plan”ga bog‘lab qo‘yilgan haydovchilardan yo‘l harakati qoidalariga amal qilish, yo‘lovchilarning hayotini xavfga qo‘ymaslikni talab qilish mantiqsiz aslida. Chunki bunday vaziyatda ular nima qilib bo‘lmasin kunlik tushumni topish haqida qayg‘uradi, buning uchun hamma narsaga tayyor bo‘ladi. Shu bois ham yillardirki jamoatchilik kunlik “plan”ni bekor qilish zarurligini ta’kidlab keladi.

Shunday vaqtlar bo‘lganki, jamoat transporti kechki paytda harakat jadvalida ko‘rsatilgan vaqtgacha yurmasligi, avtobuslar soat 23:00gacha yo‘lovchi tashishi kerak bo‘lgani holda soat 20:00-21:00 dan avtobus saroyiga qaytib ketishi bu vaqtda yo‘lovchilar oqimi kamligi, tushum xarajatlarni qoplamasligi bilan izohlangan. Vaholanki, aksariyat davlatlarda yo‘lovchi bor-yo‘qligidan qat’i nazar jamoat transporti harakat jadvaliga qat’iy amal qiladi. Xarajatlarning ma’lum qismi davlat tomonidan qoplab beriladi.

Foto: Kun.uz

Avtobuslar jadvaldan og‘ishmay harakatlana boshlasa yo‘lovchilar oqimi ham ko‘payishi tabiiy. Bu ko‘p jihatdan jamoat transportiga ishonch shakllanishi, u eng so‘nggi yo‘lovchisini manziliga eltib qo‘yadigan tizimga aylanishiga borib taqaladi. Bu esa vaqt masalasi.

Tabiiyki, kunlik “plan” va boshqa boshog‘riqlardan xalos bo‘lgan haydovchilarning yo‘llarda poyga o‘ynashi, yo‘lovchi talashishi bilan bog‘liq holatlarga o‘z-o‘zidan chek qo‘yilishi e’timoli yuqori.

“Plan” bekor qilinadi, ammo qachon?

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 31 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda sohada muammolar to‘planib qolgani, ularni hal etish uchun transport boshqarmalari va avtobus parklarida hozirgi ish tizimini o‘zgartirish zarurligi, qancha ko‘p avtobus olib kelinmasin, joylardagi transport boshqarmalari va avtobus parklarida hozirgi ish tizimi o‘zgarmasa, aholi ehtiyojiga yarasha xizmat ko‘rsatib bo‘lmasligi ta’kidlangandi.

Davlat rahbari transport korxonalari kunlik “tushum plani”ni bajarishga bog‘lanib qolib, kunning “eng daromadli” paytida (ertalab soat 8:10 da, kechqurun soat 17:19 da) harakatlanishga odatlangani, qolgan vaqtda yo‘lovchilar uzoq kutish yoki taksida yurishga majburligini tanqid qilgandi.

Yangi tizimda xizmat sifatiga – avtobusdagi qulayliklar va sanitar holat, kech qolmasdan bekatga yetib kelishiga qarab baho berilishi, bunda, tashuvchi tadbirkor har 1 kilometr uchun 10 foiz rentabellik bilan kafolatli to‘lovni olishi, bu tizim Toshkent, Samarqand, Andijon va Urganch shaharlarida joriy yilda, boshqa viloyat markazlari va Nukus shahrida kelgusi yilda yo‘lga qo‘yilishi belgilangandi. 

Bu takliflar 16 fevralda qabul qilingan prezident qarorida ham o‘z aksini topgan, hujjatda yo‘lkira haqini kunlik yig‘ish reja-topshirig‘ini belgilash amaliyoti bekor qilinishi alohida ta’kidlanadi.

Biroq bu o‘zgarishlar qaysi sanadan kuchga kirishi hozircha noma’lum.

Oyligi oshgan avtobus haydovchilari

Sohadagi muammolar prezidentning Uchtepa tumaniga 2022 yil dekabrdagi tashrifi chog‘ida ochiqlangan, “Toshshahartransxizmat” tizimidagi avtobuslarning ko‘pi eskirgani sababli yo‘nalishlarga rejaga nisbatan 90-100 ta avtobus kam chiqayotgani, oqibatda yo‘lovchilar avtobuslarni 20-30 daqiqagacha kutishiga to‘g‘ri kelayotgani tanqid qilingandi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov birinchi marta jamoatchilik qarshisida avtobusda ko‘rinish bergan, prezident tanqididan keyin u jamoat transportidagi muammolarni joyiga chiqib o‘rganayotgan ichki ishlar vaziriga hamrohlik qilgandi.

Foto: IIV axborot xizmati

Prezident topshirig‘iga ko‘ra 2022 yil dekabrdan “Toshshahartransxizmat” tizimidagi avtobus haydovchilarining oylik maoshi ikki barobarga oshirilib, 5-6 mln so‘mga yetkazilgandi. Oylikni oshirish ham jamoat transportidagi muammolarga qaysidir ma’noda yechim bo‘lishi, ta’minotidan ko‘ngli to‘q haydovchilar bor e’tiborini sifatli xizmat ko‘rsatishga qaratishi kutilgandi.

Biroq haligacha svetoforning taqiqlovchi chirog‘ida harakatlanishni davom ettirayotgan, avtobus salonida bemalol telefonda gaplashib yoki sigaret chekib ketayotgan, yo‘lovchilarni kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqoratlayotgan, alohida yo‘lak tashkil etilgan yo‘llarda ham bir-biri bilan quvlashmachoq o‘ynayotgan yoki o‘zi uchun ajratilgan yo‘lakdan yurmayotgan haydovchilar ko‘plab uchramoqda.

Demak, muammo faqatgina oylik kamligi va kunlik tushum “plan”i bilan bog‘liq emasga o‘xshaydi. “Toshshahartransxizmat” AJ haydovchilar bilan stressga chidamliligi, yo‘lovchilar bilan muomala jarayonida xotirjam bo‘lish, odamlar ularni quyushqondan chiqarishga uringan taqdirda ham g‘azab otiga minmaslik ustida ish olib borishi lozim. Bu jarayonda ularning xatti-harakatlari kameralar tomonidan uzluksiz qayd etib borilishi ham masalaning yechimi bo‘la oladi.

Bundan tashqari, ko‘pchilikning hayoti uchun mas’ul bo‘lgan haydovchilarni tayyorlash va ishga qabul qilishda ham ayni jihatlar inobatga olinishi maqsadga muvofiq. Shundagina avtobus haydovchilari har qanday holatda ham yo‘l harakati qoidalarini buzishmaydi, asosiy maqsad yo‘lovchilarni manziliga xavfsiz yetkazib berish ekanini anglab yetishadi. Eng muhimi, manziliga shoshib turgan yo‘lovchilar yo‘lda avtobus haydovchilarining mushtlashuvi va o‘zaro poygasidan aziyat chekishmaydi.

Jamshid Niyozov, Kun.uz

Ko‘proq yangiliklar: