Bekzod Mirahmedov – tajribali IELTS instruktor. 2015 yilda «IELTS zone» o‘quv markaziga asos solgan. Toshkent xalqaro Vestminster universiteti bitiruvchisi. U 2013 yildan beri har yili IELTS testini topshiradi. «Hammasi bo‘lib qancha topshirganimni ham sanamay qo‘yganman», – deydi Bekzod Mirahmedov.
«Imtihonlarga o‘quvchilar uchun kirardim»
Oxirgi yillarda IELTS 9 olishga bel bog‘lagan edim. Shuni olsam, keyinchalik o‘quv markaz orqali ko‘proq odamga yordam beraman, degan niyat bor edi.
Ingliz tilini o‘rganishni 2006 yilda 18 yoshimda o‘qishga kirish uchun boshlaganman. 2014 yildan boshlab esa IELTS o‘qituvchilik qila boshlaganman. O‘zimni sinash uchun har yili topshirib ko‘rganman. U paytlar o‘quvchilar orasida mavsumga qarab qiyin-oson bo‘larkan, degan gaplar yurardi. 2022 yil yoz oyida «writing» (yozish)dan 8,5 chiqqandan so‘ng ruhlanib ketdim. Shundan so‘ng harakatlarim kuchaydi. Odatda yiliga 3–4 martdan topshirardim, asosiy sabablardan bittasi – o‘quvchilarga yo‘nalish berish, hozirgi kunda IELTS testlari qanaqa o‘zgarayotganini ko‘rish mumkin. Aynan maqsad 9 bo‘lmagan. «Writing» 8,5 chiqqanidan keyin xarakter kuchayib ketdi.
«Ona tilisi o‘zbek tili bo‘lgan kishi hali 9 olmagan»
Shu paytgacha 9 ball olgan odam chiqqan-chiqmaganini ko‘rsatib beruvchi data bazalar bor. Bu bazaga IDP, Britaniya konsuli vakillari, test administatorlarida «dostup» bor. Ular shu narsani ko‘rib tasdiqlay oladi. Avval ham bo‘lgan degan gaplarni ko‘pincha IELTS’ni tushunmaydigan odamlar aytadi. Ularga nisbatan hech qanday rasmiy gap bo‘lmagani uchun u gaplarni inkor qilish shartmas. Statistik ma’lumotlar ko‘tarilgan: hali ona tili o‘zbek tili bo‘lgan kishi 9 ball olmagan edi. Buni kam sonli odamlar biladi, xolos. IELTS’ni tushunmagani uchunmi, men olganman deb o‘ziga sertifikat yasab olganlarni ko‘rganmiz. O‘zim kanal ochib, feyk sertifikatlar haqida yozib borganman. Bolalarni ham bunaqa yolg‘on xabarlarga ishonmaslikka o‘rgatganman. Hozir shu darajaga yetib bordiki, men o‘zim olgan 9 ballni ham feyk deb chiqishyapti. Bu narsa mumkinmas, kim 9 oldim deb chiqsa yolg‘on, deb o‘ylashadi. Umuman, odamlarni mana shunday tanqidiy fikrlashga o‘rgatganimdan xursandman. Shunchaki ishonib ketavermaslik — yaxshi tomonga o‘zgarish.
«Ingliz tilini bilish darajamiz past»
Afsuski, ingliz tilini bilish darajasi bo‘yicha Afg‘onistondan ham pastroqda turamiz. Bu reyting har tomonlama tuziladi, faqat IELTS’ga bog‘liq emas. Masalan, O‘zbekistonda sotuvchilar sayyohlar bilan ham erkin gaplashib keta olishmaydi. Ko‘chadagi har bitta odam ingliz tili jahon tili bo‘lsayam, ko‘chadagi sayyohga fikrini erkin bildira olmaydi. Bizda rus tili ustun bo‘lgani uchun ingliz tili biroz oqsaydi. Lekin keyingi yillarda yaxshilanadi, deb o‘ylayman.
«Ingliz tilini o‘rganish uchun qiziqish muhim»
Ingliz tilini o‘rganishga motivatsiyadan ham ko‘ra qiziqish birinchi o‘rinda turishi kerak. Olayotgan barcha xabarlaringizni ingliz tilida olishni boshlasangiz, eshitayotgan podkastlaringiz, o‘qiyotgan kitoblaringiz ingliz tilida bo‘lsa, tilni o‘rganish oson bo‘ladi. O‘zingiz qiziqqan ma’lumotlarni ingliz tilida hazm qilishni boshlashingiz kerak. O‘z sohangizda yaxshi mutaxassis bo‘lish uchun ham ingliz tilidan foydalanish mumkin. Shu mustaqil ingliz tilini o‘rganish uchun eng yaxshi yo‘l.
«O‘zimni majburlab «writing» qilmagan ekanman»
Karantindan keyin onlayn marafonlar o‘tkazdim. O‘zbekiston bo‘yicha ko‘proq o‘quvchilarga dars berishga harakat qilyapman. Ayni kunlarda guruhlarim yo‘q, lekin bu xabardan keyin talab ko‘payib ketyapti, shuning uchun ochsam kerak. «IELTS zone»dagi darslarda ko‘proq qatnashib, ko‘proq narsalarni yetkazib berish asosiy maqsadlarimdan.
«Writing» 9ga chiqqani yo‘q, chunki juda ham qiyin. Ikki marta 8,5 ga chiqdi — katta natija, aslida. «Writing»dan 8 darajasini 2017 yilda olgan edim birinchi marta, shundan so‘ng yana 7–7,5 darajaga tushib ketgan edi.
Hozir 8–8,5 chiqayotganining sababi yoz oyida marafon o‘tkazganimda o‘quvchilar bilan birga har kuni esse yozishga majbur bo‘lganimdir. Shundan so‘ng 8,5ga chiqdi. Shunda bildimki, men o‘zimni majburlab «writing» qilmagan ekanman. 31 dekabrdan boshlab bahorgacha 9 ball olishni niyat qilganimdan so‘ng haftasiga 4-5 kun «writing» bilan shug‘ullandim. Shuning hisobiga ham ko‘tara oldim, deb o‘ylayman.
«Reading» va «Listening» ko‘proq «receptive skill», ya’ni qabul qiladigan mahorat. Siz qabul qilayotgan ma’lumotlaringizni tushunganingiz asosida baholanasiz. Bu faqat takrorlash bilan yaxshilanmaydi, undan ko‘ra umumiy ma’lumot qabul qilishingizni yaxshilash kerak. Inglizcha maqolalar o‘qish kerak, eshittirishlar eshitish kerak. Yozishni kuchaytirish uchun birovning essesini ko‘chirishdan foyda kam, o‘zingiz yozganingiz va gapirganingizda natija bo‘ladi.
IELTS imtihoni qanday o‘zgardi?
IELTS tizimida ham savollar bo‘yicha izlanuvchilar bor. Bir savol 5 bosqichdan o‘tadi. IELTS ingliz tilini bilish darajasini ochib berishga harakat qiladi. Lekin shunda ham to‘liq ochib berolmaydi, deb o‘ylayman. Avval ingliz tilini o‘rganish va imtihonlar formulaga asoslangandi. Mutaxassislar o‘ylab shu narsa o‘zi bizga kerakmi, nimani test qilmoqchimiz, deb o‘ylay boshlashdi. Shunga harakat qilgan holda yildan yilga savollar o‘zgarib boradi, albatta. Juda katta o‘zgarishlar yo‘q, lekin biz kabi mutaxassislar ko‘ra oladi. O‘quvchilariga shuni o‘qitadi.
Amerikadagi hayot
Amerikaga 17 yoshimda borganman va bir yil yashaganman. «Work and travel» dasturi bo‘yicha ham borib keldim. Shuning uchun «to‘yinganman», Amerikaga borishga juda ishtiyoqim baland emas. Bormaganlar qochib ketish kerak, surish kerak deb qiziqadi. To‘g‘ri, rivojlangan davlat, lekin hamma joyda tosh-tarozi bor, qiyinchiliklar bor. Oldin ham bu narsani aytganman: tarbiya masalalari bor... Hozirda «IELTST zone» o‘quv markazimda bolalarga til o‘rgatib, bilim olishiga ko‘proq hissa qo‘shyapman, deb o‘ylayman. Balki keyinchalik fikrlarim o‘zgarar.
IELTS o‘rganuvchilarning o‘rganish jarayonidagi 3 ta eng katta xatosi
Shoshilish. Ya’ni IELTS va ingliz tilini boshqa-boshqa deb bilish. Ingliz tilini o‘rganmasdan IELTS’ga tayyorlanishni boshlashadi. IELTS’ni ingliz tilining keyingi bosqichi deb o‘ylashadi, bu narsa xato. Ikkalasi chambarchas bog‘liq. IELTS shunchaki test, siz baribir umumiy ingliz tilini yaxshilashingiz kerak.
Ikkinchisi — noto‘g‘ri, tasdiqlanmagan maslahatlarga uchish. Masalan, shuncha so‘zni yodlasang, «Speaking»dan 9 olasan degan gaplarga qarab, go‘yoki, qandaydir formula bor, deb bolalar shunga ishonib qoladi.
Uchinchisi, o‘z ustida to‘liq ishlamasdan test topshirish. Bunda o‘qituvchilarning ham xatosi bor, noto‘g‘ri baho berib qo‘yishi mumkin o‘quvchilariga. Doim aytaman, zo‘r o‘qituvchi bo‘lishi mumkin, lekin imtihon oluvchi boshqa. Shuning uchun o‘quvchilariga aniq ball aytib qo‘yishdan cheklanish kerak.
IELTS o‘rganuvchilarga beradigan tavsiyalaringiz?
IELTSʼga vosita sifatida, yengilroq qarash kerak. Testi ham u darajada qo‘rqinchli test emas.
IELTS kursiga borayotgan bo‘lsa ham, «General English»ni to‘xtatmaslik kerak.
Ishonchli va ishonchsiz manbalarning farqiga bora olish yoki o‘shaning farqiga boradigan o‘qituvchilarni topish kerak.
Tajribalar asosida kitob yozish
Kitob yozib chiqarishga unchalik qiziqmayman, ochig‘i. Lekin «writing» bo‘yicha ko‘p insholar yozdim o‘z ustimda shug‘ullanish jarayonida, o‘shalarni bir to‘plam qilib chiqarish niyatim bor. Internetda beriladigan insholar o‘z standartidagi ballni beravermaydi. Shuning uchun insholar bo‘yicha o‘quvchiga shu narsalarni yetkazib berish uchun to‘plam qilmoqchiman.
IELTS o‘rganuvchilarga xitob
Yuqorida aytganimdek, IELTS’ga qattiq bog‘lanib qolmang, faqat vosita sifatida qarang. Umumiy ingliz tili o‘rnini to‘g‘ri tushunish va til o‘rganayotganda rohatlanib o‘rganish kerak. O‘zini majburlab ishlagandan ko‘ra, o‘ziga yoqadigan yo‘nalishda ketsa, osonroq o‘rganadi.
Madina Ochilova
Javohir G‘ayratov Kun.uz