Zamonni ikkiga bo‘lgan kun

Nuqtayi nazar 16:21 / 03.03.2023 237756

21-asrda ham dunyo tinchigani yo‘q – urushlar bo‘lib turibdi, ammo Ukrainaning boshiga tushgan savdo possovet davlatlari uchun favqulodda ko‘p narsani anglatuvchi, voqelikning kutilmaganda qora tarafini ochib tashlagan “yangilik” bo‘ldi.

24 fevral tongida zamonasini his qiladigan har bir kishi ruhan parallel voqelikka ko‘chib o‘tdi... chunki biz bilgan dunyo ko‘proq bizning xayolimiz ekani, rost dunyo esa boshqa – xatarlari vaqt va maqon miqyosida shundoq yonginamizda ekani ayon bo‘ldi.

Ongimizda hosil bo‘lgan barcha bilganlarimizni qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘ldik, va buni sanoqli soniyalarda qilishga mahkum edik, chunki yuz bergan hodisani aqlimizga sig‘dira olmasdik. “Nahot?”

Zero, voqelik qanchalik achinarli bo‘lmasin, bunchalik emasligiga ishonar edik – xayolimizda qurgan dunyomiz binosi esa qog‘oz qartalardan qurilgan uycha kabi qulab ketdi.

2022 yil 24 fevral kunigacha Ukraina va Rossiya o‘rtasida bo‘lgan ishlarga nisbatan har kimda har xil fikr bor, ammo bu tongdan keyin hammasi umumiy maxrajga keldi – oq va qora ajraldi, boshqa barcha – xira ranglarni o‘ziga tortib oldi. Ukrainlarning bor tarqoqligi ham tarqalib, yagona millatga aylandi. Va endilikda ular faqat o‘zlari uchun emas – mustakamlakalikdan chiqib-chiqolmayotgan sobiq sovet xalqlari o‘rnida ham kurashishyapti, zero Putin sobiq SSSR respublikalarini Rossiyaning tarixiy yerlari deb biladi, bu fikrini u 1991 yildayoq aytgan va Rossiya Federatsiyasiga prezident bo‘lgandan keyin “yerlarni qaytarish” g‘oyasini amalga oshirish uchun harakat qilib kelgani ayon bo‘lib turibdi. Mustaqil davlatlarning hududiy dahlsizligini tan olishini tilda aytib kelgan bo‘lsa-da.

2022 yil 24 fevral kunigacha bo‘lgan ishlarning ko‘pi shu kunni yaqinlashtirish uchun xizmat qildi. Bo‘lmasa u yuz bermasdi. Ammo bu tarix, endi – bu kun yuz bergandan keyin qilinishi kerak bo‘lgan ishlarni bilib olmoq kerak.

Mustaqillik – osmondan tushadigan, tekin narsa emasligini ko‘rib turipmiz. Tekin tushsa u o‘sha zahoti boy berib qo‘yilar ekan. Biz bilan shu narsa sodir bo‘ldi.

Kimdir hozir o‘zining mustaqilligi uchun kurashib, biryo‘la bizning mustaqilligimizni ham himoya qilyapti. Bizning vazifamiz hozir – buni tushunish, xolos. 24 fevral buni shart qilyapti. Kecha bu unchalik tushunib yetilmagan bo‘lsa ham, bugun buni tushunish vojib bo‘lyapti. Kecha ba’zi ishlar anglanilmay qilingan oddiy jinoyat maqomida bo‘lgan bo‘lsa, 24 fevral bunday ishlarni favqulodda mumkinmas qildi.

Nima demoqchiman?

24 fevraldan oldin qilib yurilgan korrupsiya bilan undan keyin qilinadigan korrupsiya o‘rtasida farq bor. Davlat mansabini shu paytgacha suiiste’mol qilib yurganlar bilishlari kerakki, endi ularning jinoyatlari ikki dunyoda ham boshqacharoq tarozi bilan o‘lchanadi. Xalq mulkini o‘zlashtirib kelganlar ishining endi og‘irroq ma’naviy asoratlari bo‘ladi.

Endi biz millat o‘laroq hammamiz: avval nima ishlar qilib yurganimizdan qat’i nazar, boshimizni qattiq siltab olib, ko‘zimizni ochmog‘imiz va birlashib, o‘zgacha maqomga o‘tmog‘imiz lozim. 24 fevralning ishoralari shu haqda. Bu sana shu haqda gapiryapti.

Endi o‘zbekman, o‘zbekistonlikman degan barcha uchun egnidagi yuk bir chandon ortdi. Hamma o‘zini xalqning bir bo‘lagi ekanini his etish payti keldi.

Shokir Sharipov

Ko‘proq yangiliklar: