Ilk rolini 66 yoshida o‘ynagan aktyor - Abdumannon Ubaydullayev bilan suhbat

Jamiyat 18:03 / 03.03.2023 24928

Xudo xohlasa, bu yil 83 yoshni qarshilaysiz. Talabalar bilan, doktorantlar bilan ilmiy ishlar ustida ishlar ekansiz. Toliqtirib qo‘ymayaptimi bunday ish jarayonlari?

— Hozirda teledramaturgiya va rejissyorlik fanini (O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida) operator va animatorlarga o‘tyapman. Maqsad aniq bo‘lsa, charchamaysiz. Bir marhum domlamiz operatorlarni olish kerak emas, o‘zimizga non yo‘q-ku o‘zi, degan edi. Hayotda ham, ilmda ham shunday holatlar bor. Biliming bor ekan, shuncha harakat bilan yig‘ding, kimdir olish kerak-ku shuni. Hozir to‘rtta ilmiy ish qilayotgan shogirdim bor. Hammasining harakati har xil.

Siz bilan suhbatlashar ekanmiz, ko‘proq ilm haqida gapiryapsiz. Lekin yurtdoshlarimiz sizni Zulfiqor Musoqovning 2006 yilda suratga olingan «Vatan» filmidagi rolingiz orqali aktyor sifatida taniydi. Bu aktyor nega shu paytgacha filmlarda ko‘rinmagan, bungacha qayerda edi?

— Qizig‘i shundaki, men institutni bitirganimdan keyin, 1967 yilda «Telefilm»ga ishga borishim kerak edi. Televizion filmlar suratga olish endi yo‘lga qo‘yilgandi. Unda ham faqat o‘n daqiqalik hujjatli filmlarga ruxsat berishgandi. Orada qandaydir sabablar bo‘lib, meni bolalar radiosiga yordam berishga chaqirishdi. Rejissyor sifatida bolalar tahririyatiga ishga kirdim, o‘zi yo‘nalishim drama rejissyorligi edi. Keyinchalik Qashqadaryo teatriga ishga borganman. U yerda bir yil ishlab, qaytib keldim va meni adabiyot tahririyatiga ishga olishdi. O‘shanda «Tabassum» radio-jurnalini tashkil etganmiz: Isom Zokirov, To‘lqin Sodiqov, To‘lan Qo‘ziboyev, To‘ra Rahimovlar. Aktyorlarimiz Nabi Rahimov, To‘lqin Tojiyev, Jo‘ra Tojiyev, Husan Sharipov va boshqalar har hafta radio-jurnalimizga yozish jarayoniga taklif etilardi. Qatralar, miniatyuralar va shunga o‘xshagan narsalarni efirga uzatardik.

Umuman, institutga kirguncha sizda san’atga qiziqish qanday paydo bo‘lgan?

— Biz yashaydigan joyda teatr-san’atga aloqador hech narsa yo‘q edi. Lekin ikkita katta daryo oqib o‘tar edi, chiroyli manzara edi juda. O‘sha manzaralarning o‘zi bizning ichimizda bor narsalarni shakllantirishga yordam bergan. Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidan chiqqanman men. Ota-onam Qozog‘istonning Chimkent viloyatidagi Qorabuloq qishlog‘idan bo‘lgan. 1933 yilgi ocharchilik paytida chiqib ketishgan va O‘shga borishgan. Toshkentga esa daryo orqali qayiqlarda kelishgan.

— San’at institutiga kirguncha, rollar ijro etib yurgan ekansiz, shundaymi?

— Angren shahriga shofyorlikka o‘qishga borganimda, «Xalq teatri» borligini eshitib, o‘sha yerda rollar ijro eta boshlaganman. Dastlab epizodik rollar ijro etganman, keyinchalik asosiy rollar berishgan. Shundan so‘ng rejissyorlik yo‘nalishiga kirishni xohladim. Aktyor rejissyorga bog‘liq, bo‘ysunadi, shuning uchun aktyorlikni xohlamadim.

Aktyorlikni istamadim, dedingiz. Lekin shu yoshga yetib, rol ijro etishingizga nima majbur qildi?

— Zulfiqor Musoqovga hech kim ko‘rmagan qiyofa kerak edi. Shunda operator Abdurahim Ismoilov tavsiya qilgan meni. Sinovlar o‘tib, rolga tasdiqlanganimizdan keyin Amerikaga borish kerak bo‘ldi. Elchixonada qolib ketmaysizmi, deb so‘rashdi. Men ularga Amerikasi o‘ziga buyursin, mening Vatanim bor, dedim. Uchishimizdan oldin Karimov bilan uchrashish to‘g‘ri kelib qoldi, soqol qo‘ygan edim, olishga to‘g‘ri keldi. Mening bitta grimim uchun Baxtiyor to‘rt marta Amerikaga borib kelgan.

Nega «Vatan» filmigacha rollar ijro etmagansiz? O‘zi bu filmgacha takliflar bo‘lganmi?

— Chunki fan nomzodi bo‘lish uchun dissertatsiya yozishim kerak edi. Ilmiy ishimni qildim, 1980 yilda himoya qildim. «Vatan» filmigacha takliflar bo‘lmagan. Men doim chetda yurganman.

Yuki og‘ir rolni oldingiz va uzoq vaqtli tanaffusdan so‘ng aktyor sifatida chiqdingiz. Rolni his qilish, ijro etish jarayonlari qanday bo‘lgan?

— Rolning murakkabligi shunda ediki, avvalo uning tub mohiyatiga yetib borish kerak edi. Dardini bilish kerak edi. Bu obraz tagida so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydigan narsalar bor. Alam bor, hayotga muhabbat ham bor, lekin «Nega men bilan shunday bo‘ldi?» degan savoli ham bor ichida. Qanchalik kamgap bo‘lsa, shunchalik ta’sirli bo‘ladi. Kamera qarshisida gapirganda, so‘z ortiqchaligi ham sezilib qoladi.

Zulfiqor Musoqov bilan ishlashning murakkab joyi bo‘lmadi. Nima demoqchi bo‘lganini aniq tushuntirib bergan va biz shuni yanayam teranlashtirishga harakat qilganmiz. Qurbon obrazi ko‘p harakat qilmasa ham, ichki harakati, ifodasi ko‘p.

— Filmda qaysi epizod qiyin bo‘lgan, eslaysizmi? Va aynan nimasi bilan qiynagan?

— Obid Yunusov bilan ro‘para bo‘ladigan joyda qiyinchilik bo‘lgan. Chunki Obid aka O‘zbekiston xalq artisti, men esa ularning oldida hech kimman. Albatta, hayajonlanish bo‘lgan.

Tanlovning to‘g‘ri bo‘lgani o‘z kuchini ko‘rsatdi. «Vatan» filmi orqali tanildingiz va bundan keyin ham bir qancha rollar ijro etdingiz. Masalan, «Fidoyilar», «Omad», «Hijron», «So‘nggi lahza» kabi filmlarda. Ammo bu rollar «Vatan»dagi kabi muvaffaqiyatli chiqmadi. Nega bunday bo‘ldi deb o‘ylaysiz?

— Dramaturgiyaga bog‘liq bu. «Vatan»dagi qahramon dardi boshqalarida yo‘q. Gap mana shunda. Ularda faqat so‘zlarni ijro etish mumkin, teran kirib borishga hech narsa yo‘q. Dramaturgiyada dard bormi, aktyorga ham ijro etish uchun imkon bor. Qanchalik rejissyor harakat qilmasin, dramaturgiya yaxshi bo‘lmasa, foydasi yo‘q. Shuning uchun ham dramaturgiya hozirgi kundagi asosiy muammolardan. Ba’zi aktyorlar yaxshi asar yozilguncha o‘tib ketishi ham mumkin.

Bugungi o‘zbek kino san’atida nima sizni ko‘proq o‘ylantiradi?

— Buyuklarimiz o‘tib ketdi... O‘rtadagi avlod ham ma’lum darajada o‘tib ketyapti. Yosh avlodga keladigan bo‘lsak, yaxshi dramaturgiya kerak, yo‘l ochish kerak. O‘z-o‘zidan bo‘lmaydi bu narsalar.

— Yosh rejissyorlar ham yaxshi filmlar olishyapti. Lekin keyinchalik moddiy tomonlama qiyinchilik sababmi, bir-ikkita filmdan so‘ng yo‘qolib qolishyapti. Bu haqda nima deysiz?

— Bilasizmi, kino xarajatni yaxshi ko‘radi. Kino shunday san’at. Teatrda to‘xtovsiz harakat bilan davom etaveradi. Lekin kino syujyet talabidan kelib chiqib, katta mablag‘ talab qiladi. Agar film o‘zini oqlolmasa, qoplay olmasa, keyin unga boshqa film berishmaydi. Bir gal yutadi, bir gal yutqazadi, bu — san’at. Shu tomonlarini ham hisobga olish kerak. Yaxshi filmlar har doim ham tug‘ilavermaydi. Orada o‘rtamiyonalari ham bo‘ladi. Buni inkor etib bo‘lmaydi. Lekin o‘sha odamlarni qo‘llamasa, ular ham keyin bo‘lmaydi.

San’at va madaniyat instituti barcha san’at atrofidagi soha mutaxassislarini yetishtiradi. Balki, ta’limda kamchiliklar bordir?

— Ta’limda kamchiliklar bor. Faqat ma’ruzalar emas, amaliyotlar o‘tkazish kerak. Amaliy ishlarga vaqtni ko‘proq berish lozim. Qanchalik ko‘p vaqt berilsa, ertaga muammolar shunchalik kam bo‘ladi. Bir oylik amaliyot deyarli hech narsa bermaydi. Talabalar «O‘zbekkino»dagi kino olish jarayoni ichida bo‘lishi kerak. Men shuning uchun ham «Xalq teatri»da boshlaganman faoliyatimni. Talaba kino ichida yurmasa, qanday qilib ertaga yaxshi narsa qilishi mumkin? Chunki miyasi tamomila boshqa narsa bilan band bo‘ladi. Gap mana shunda. Ilgari San’at va madaniyat instituti Madaniyat vazirligiga qarardi, hozir esa Oliy ta’lim vazirligiga o‘tib ketgan. Boshqa institutlar bilan bir xilda qaraladigan bo‘lib qoldi.

Turmush o‘trog‘ingiz 1997 yilda vafot etgan ekan. Nega qayta oila qurmadingiz, kuchli muhabbatdanmi bu? Rafiqangiz bilan qanday tanishgansiz o‘zi?

— Ha, kuchli muhabbatdan. Bir tomondan farzandlarimning oyoqqa turishi uchun ham yordam berishim kerak edi. Turmush o‘rtog‘im bilan tanishish, u bilan yashash — butun bir katta roman. Mening nazarimda, bu narsa shundoqligicha xotiralarimda turishi kerak. Hech kimga xalaqit bermaydi. Hayot davom etyapti, shunga ko‘nikish kerak. Hozir ikki farzandim, uch nevaram va ikki evaram bor.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Maqsuda Abduqayumova suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi: Mirvohid Mirrahimov 

Ko‘proq yangiliklar: