«Sport siyosatdan xoli tamoyilini qo‘llab-quvvatlaymiz». O‘zbekiston boks federatsiyasi Toshkentda o‘tadigan JCh-2023 yuzasidan munosabat berdi

Sport 19:58 / 02.03.2023 16234

Bugungi kunda dunyoda hukm surayotgan siyosiy vaziyat sabab ayrim internet manbalari va ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning 30 aprel-14 may kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan boks bo‘yicha jahon chempionati haqida noxolis xabarlar tarqalmoqda, deya yozadi O‘zbekiston boks federatsiyasi.

Tashkilotning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston musobaqani qabul qilish huquqini qo‘lga kiritgan vaqtda milliy jamoalarning xalqaro turnirlardagi ishtiroki bo‘yicha bugungi cheklovlar bo‘lmagan.

«Har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan kattalar o‘rtasidagi jahon chempionati Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) tomonidan tashkil etiladi. O‘zbekiston tomoni musobaqada ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tgan mamlakatlarning qatnashish yoki qatnashmasligini belgilash vakolatiga ega emas. O‘zbekiston musobaqani o‘tkazuvchi davlat hisoblanadi va tashkiliy masalalar bilan shug‘ullanadi. 

Chempionat qatnashchilari, terma jamoalar, sportchi va murabbiylar, hakamlarni ro‘yxatdan o‘tkazish IBA tomonidan amalga oshiriladi. Mamlakatimiz musobaqani qabul qilish huquqini qo‘lga kiritgan vaqtda terma jamoalar yoki sportchilarning xalqaro turnirlardagi ishtiroki bo‘yicha bugungi cheklovlar yo‘q edi.

O‘zbekiston xalqaro sport normalariga rioya qiluvchi davlat bo‘lib, sport siyosatdan xoli tamoyilini qo‘llab-quvvatlaydi», - deya vaziyatga oydinlik kiritgan tashkilot.

Avvalroq, AQSh boks federatsiyasi ortidan Chexiya va Irlandiya ham musobaqada ishtirok etmasligini ma’lum qildi. Buyuk Britaniya va Kanada ham shunday qarorga yaqinligi haqida ma’lum qilingandi. Bunga sabab sifatida Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) prezidenti Umar Kremlyovning Rossiya prezidenti Vladimir Putinga «yaqinligi» va tashkilotning «Gazprom»ga «qaramligi» ko‘rsatilgan edi.

Bundan tashqari, IBA tomonidan Rossiya va Belarus boks federatsiyalariga qo‘yilgan sanksiyalarning yumshatilishi ham bunga asosiy sabab sifatida ko‘rsatilyapti.

Ko‘proq yangiliklar: