Bolani chet davlatda nazoratsiz qoldirganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanyapti

Jamiyat 16:58 / 02.03.2023 10425

Senat o‘ttiz yettinchi yalpi majlisida «O‘zbekiston ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi Qonuni muhokama qilindi.

Qonunga ko‘ra bolani chet davlat hududida nazoratsiz qoldirganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda. O‘zbekiston fuqaroligiga ega bo‘lgan bolani otasi, onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxs yoxud hamrohlik qiluvchi shaxs chet davlat hududida bolani nazoratsiz qoldirganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan ellik baravarigacha bo‘lgan miqdorda jarimaga tortilishi ko‘zda tutilmoqda.

Ushbu ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin, yana xuddi shunday xatti-harakat sodir etganlik yoxud chet davlat hududida turgan bolaning sud tomonidan belgilangan muddatda O‘zbekistonga qaytarilishini ta’minlamaganlik uchun jinoiy javobgarlik kiritilmoqda. Shunday qonun buzilishlari uchun uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda.

«Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunga kiritilayotgan o‘zgarishga ko‘ra bolaning otasi, onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxs chet davlatda bolani nazoratsiz qoldirish, ya’ni ota-onaning, ular o‘rnini bosuvchi shaxsning bolaga ta’minot, tarbiya va ta’lim berish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishdan bo‘yin tovlashi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Qonun bilan «Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida»gi Qonunga o‘zgartishlar kiritilib, unga ko‘ra oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ta’lim va tarbiya olishi mumkin bo‘lgan bolalar soni yigirma besh nafardan ellik nafargacha ko‘paytirilmoqda. «Ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risida»gi Qonunga o‘zgartishlar kiritilib, unga ko‘ra ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati ma’muriy sudlardan jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga o‘tkazilmoqda.

«O‘zbekiston ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»ga qonun bilan 4 ta kodeks va 4 ta qonunga zarur o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Ko‘proq yangiliklar: