Toshkentda o‘tkaziladigan jahon chempionatini boykot qilgan boks federatsiyalariga intizomiy ish ochildi

Sport 20:17 / 01.03.2023 27421

Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) rossiyaliklar va belarusliklar tufayli jahon chempionatini boykot qilishga chaqirgan federatsiyalar rahbarlariga qarshi intizomiy ish ochdi. 

«IBA Mustaqil etika qo‘mitasiga AQSh, Kanada, Chexiya, Shvetsiya va Yangi Zelandiya boks federatsiyalari vakillari ustidan IBA Konstitutsiyasi va uning Intizom va axloq kodeksini buzganligi uchun shikoyat kelib tushdi», deyiladi xabarda. 

Jumladan, AQSh boks federatsiyasi bosh direktori Mayk MakEti, Kanada boks federatsiyasi prezidenti Rayan O'Shi, Chexiya boks assotsiatsiyasi prezidenti Marek Shimak, Shvetsiya boks assotsiatsiyasi raisi Per-Aksel Sioholm va Yangi Zelandiya boks federatsiyasi prezidenti Stiv Xartliga nisbatan intizomiy ish ochilgan. 

Shuningdek, Mustaqil etika qo‘mitasi boshqa milliy federatsiyalar mansabdor shaxslarini boykotdagi har qanday rolini tekshirishini ma’lum qildi. 

Qayd etilishicha, shikoyat 2023 yil mart oyida Hindistonda bo‘lib o‘tadigan ayollar o‘rtasidagi jahon chempionati va may oyida Toshkentda o‘tkaziladigan erkaklar o‘rtasidagi jahon chempionatini boykot qilinishi bilan bog‘liq. Nomi tilga olingan federatsiyalar ushbu musobaqalarda Rossiya va Belarus bokschilarining ishtirok etishiga ruxsat berilgani, shuningdek moliyalashtirish tizimi shaffof emasligini aytib turnirni boykot qilishgan edi. 

«Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) o‘zini va barcha federatsiyalarni ayrim shaxslar tomonidan yetkaziladigan har qanday zarardan himoya qilish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni amalga oshiradi. Boksda kamsitishning har qanday ko‘rinishiga o‘rin yo‘q va IBA buni o‘zining missiyasi deb biladi. Bundan tashqari, IBA o‘zining yaxlitligi va obro‘sini himoya qiladi va hech kimning axloqsiz xatti-harakatlari tufayli zarar ko‘rishiga yo‘l qo‘ymaydi», deyiladi xabarda. 

Musobaqalarni boykot qilgan federatsiyalar va mansabdorlarga qarshi qanday chora ko‘rilishi xabarda keltirilmagan. 

2022 yil kuzida IBA rossiyalik va belaruslik sportchilarni izolyatsiya qilish bo‘yicha o‘z pozitsiyasini tubdan o‘zgartirib, Ukrainadagi urush boshlanganidan keyin ularga nisbatan kiritilgan barcha sanksiyalarni bekor qilgan birinchi (va hozircha yagona) yirik sport tashkilotiga aylandi. Jumladan, har ikkala mamlakat bokschilariga o‘z bayrog‘i va madhiyasi bilan musobaqalarda ishtirok etishga ruxsat berildi. Bu bilan IBA Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) tavsiyalariga zid yo‘l tutdi va u bilan munosabatlarini yanada yomonlashtirdi. Jumladan, XOQ 2022 yil fevralida Ukrainada urush boshlanganida barcha xalqaro sport federatsiyalariga murojaat qilib, rossiyalik va belaruslik sportchilarni har qanday musobaqadan chetlatishni tavsiya qilgan edi. 

IBA prezidenti, rossiyalik Umar Kremlyov XOQ talabini bajarish niyatida emasligini aytdi. Jumladan u «har bir sportchiga o‘z mamlakati bayrog‘i va madhiyasi ostida ishtirok etish imkoniyatini berish uchun kurashishga» va’da berdi va «sportchilarni bundan mahrum qilgan mansabdorlar va siyosatchilarning sportda o‘rni yo‘qligini» ta’kidladi. 

Ko‘proq yangiliklar: