Amerikaning Ford avtomobilsozlik kompaniyasi avtokreditlarni to‘lamaslikka qarshi turli usullar bilan kurashuvchi texnologiya uchun patent oldi.
Usullar orasida ba’zi funksiyalarni cheklab qo‘yish, masalan GPS-navigatorni yoki konditsionerni o‘chirish yoki har safar mashinaga o‘tirganda yoqimsiz tovush chiqarish kabilar bor.
Patentning yana bir bandi avtopilot bilan bog‘liq. Agar kredit to‘lovi amalga oshirilmasa u avtomobilni kompaniyaga yoki chiqindi poligoniga olib borishi mumkin. Yana bir variant - avtomobilni butunlay blokirovka qilish, bunda egasi kredit bo‘yicha to‘lovni amalga oshirmaguncha uni boshqara olmaydi.
Ford 2021 yildayoq AQSh Patent idorasiga bu haqda ariza topshirgan va hozirda u tasdiqlangan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, patentni olish bunday texnologiyalarning amalda joriy etilishini anglatmaydi. Shuningdek, bunday avtopilotdan foydalanish uchun avvalo rivojlangan avtonom boshqaruv tizimi ishlab chiqilishi va u regulyator tomonidan tasdiqlanishi kerak.