«MYu»da - 6 yil ichida ilk sovrin. Buning uchun Ronaldu bilan xayrlashish yetarli bo‘ldi

Sport 18:46 / 27.02.2023 26558

Manchester Yunayted – Nyukasl 2:0
Gollar: 1:0 – 33 Kazemiro, 2:0 – 39, avtogol Botman.
Manchester Yunayted – De Xea, Diogu Dalot (Uan-Bissaka, 46), Varan, Martines, Shou, Kazemiro, Fred (Zabitser, 69), Brunu Fernandesh, Veghorst (Maktomini, 70), Reshford (Maguayr, 88), Antoni (Sancho, 83).
Nyukasl – Karius, Tripper, Sher, Botman, Bern, Bruno Gimarayns (Uillok, 79), Longstaff (Isak, 46), Almiron, Uilson, Sen-Maksimen (Merfi, 78), Joelinton.
Ogohlantirishlar: Diogu Dalot (9), Fred (37), Joelinton (45), Kazemiro (87).

Uzoq kutilgan final

«Biz 67 yildan buyon kubokni qo‘lga kirita olmadik». Ma’lum bo‘lishicha, «Nyukasl» futbolchilariga so‘nggi oylarda Bentondagi bazada mashg‘ulotlar oldidan televizor ekranida shunday xabar namoyish etilgan. Yozishlaricha, «Nyukasl» bosh murabbiyi Eddi Hau tomonidan shunday topshiriq berilgan, lekin uning o‘zi buni tan olmadi.

Bu final arafasida ataylab tarqatilgan hazil ham bo‘lishi mumkin, ammo ibora mutlaqo to‘g‘ri. «Nyukasl» 1955 yildan buyon Angliyada hech narsa yutmagan, o‘shanda jamoa Angliya Kubogi sohibi bo‘lgandi. Shundan keyin «qarg‘alar» sovrinlar xonasida ahyon-ahyonda juda mayda va ayni vaqtga kelib tugatilib ketgan Yarmarkalar kubogi yoki Intertoto kubogi kabi sovrinlar kelib turgan. Bundan tashqari, «Nyukasl» bu asrda qandaydir kubok finaliga ham chiqmagandi. Mahoratli murabbiy va Saudiya Arabistonidan kelgan pullar tufayli jamoa nihoyat finalga chiqdi.

Kariusning qaytishi

«Manchester Yunayted» ham jiddiy g‘alabalarga chanqoq edi. Albatta «Nyukasl» kabi emas — «MYu» so‘nggi sovrinlarini 2017 yilda qo‘lga kiritgandi (Yevropa Ligasi va Liga kubogi). Ammo ser Aleks Fergyuson davrida doimiy sovrinlar kelishiga o‘rganib qolgan muxlislar uchun olti yil — sezilarli muddat edi.

«Yunayted» bu finaldan oldin Yevropa Ligasida «Barselona»ga qarshi ikki o‘yinda jang olib bordi. Erik ten Hag jamoasi katalonlar to‘sig‘idan o‘tdi, ammo javob o‘yinidan keyin finalga tiklanish uchun ko‘p vaqt bo‘lmadi. Shunga qaramay, murabbiy asosiy tarkibni deyarli o‘zgartirmadi: Diogu Dalot o‘ng qanotda Van-Bissaka o‘rnini egalladi, ko‘k-anorranglilar darvozasiga g‘alaba golini urgan Sancho o‘rniga Antoni tushirildi.

«Nyukasl» optimal tarkibni tushirdi, ammo bu faqat maydonda to‘p suruvchi futbolchilarga taalluqli. Jamoaning asosiy darvozaboni Poup «Liverpul» bilan o‘yindagi ahmoqona fol tufayli maydondan chetlatilgan va diskvalifikatsiyaga uchragan, ikkinchi darvozabon Dubravka mavsumning birinchi qismida ijara asosida «MYu»ga berilganida Liga kubogi o‘yinida ishtirok etgandi. Shu tufayli ilk daqiqalardan ko‘pchilik yodidan chiqarib yuborgan Loris Karius darvozani qo‘riqladi. 2018 yilgi YeChL finali antiqahramoni qishki transferlar chog‘ida «Nyukasl»ga kelib qo‘shilgandi va ikki yildan buyon rasmiy o‘yinlarda maydonga tushmayotgandi. Ammo taqdir shunday bo‘ldiki, «Nyukasl»ning 67 yil ichidagi eng muhim o‘yinida darvozani aynan shu nemis posboniga ishonishga to‘g‘ri keldi.

Aqlli Reshford

Chigalyozdi mashqlari chog‘ida Karius o‘ziga ishonmayotgandek ko‘rinardi, ammo o‘yin boshida u Veghorst va Antonining murakkab zarbalarini bartaraf etdi. Ten Hag «Barselona»ga qarshi javob o‘yinidagi modelni takrorladi, unga ko‘ra Reshford chap qanotdan joy oldi va Tripper ortida bo‘sh zonalarda ochilishga harakat qildi, ammo «Nyukasl» ancha vaqtgacha himoyada bexato harakat qildi. «Qarg‘alar» jamoasi zarur bo‘lganda quyi blokda joylashishning hadisini olishgan, ammo finalda aynan shu jamoa to‘pga ko‘proq egalik qildi.

O‘yinda pauzalar ko‘p bo‘ldi — avvaliga Brunu Gimaraynsga uzoq vaqt yordam ko‘rsatildi, keyin Sher va Martines shifokorlar yordamiga ehtiyoj sezdi. Faqat o‘yinning yarim soati o‘tgandagina sur’at oshdi, De Xea Sen-Maksimenning xavfli zarbasini qaytarishiga to‘g‘ri keldi. «Nyukasl» yaxshigina bosim o‘tkazayotgandi, ammo golni «MYu» urdi. Jamoa Reshfordga katta umid bildirdi: u qanotda Tripper va Gimarayns bilan to‘p uchun kurashdi, braziliyalik jarima maydoni yaqinida uni yiqitdi va belgilangan jarima zarbasidan keyin Kazemiro boshi bilan darvozani ishg‘ol etdi. Ko‘p o‘tmay «MYu» ikkinchi golni urdi va yana chap qanotdan uyushtirilgan hujum barchasini hal qildi — Reshford Veghorst bilan kombinatsiya uyushtirdi, uning zarbasidan keyin to‘p Botmanga tegib, darvoza to‘riga borib tushdi.

Uzoq kutilgan titul

Tanaffusda Hau Uilsonga sherik qilib ikkinchi forvard Isakni tushirdi va 4-4-1-1 sxemasiga o‘tdi. Bu o‘z navbatida maydon markazida bo‘shliqlar yuzaga kelishiga olib keldi, ammo «Yunayted» ko‘p vaqtgacha bundan foydalanmadi. «Qizil iblislar»ni hisob qoniqtirardi: ular chuqur himoyaga yotib olishmadi, shu bilan birga to‘pga egalik qilishga urinishmadi, raqib o‘yinini yuqori pressing orqali buzishga e’tibor qaratdi. «Nyukasl» vaqti-vaqti bilan raqib jarima maydoniga yetib keldi, ammo De Xeaga deyarli xavf tug‘dirilmadi. Masalan, vaziyatlardan birida Joelintonning ikki zarbasi himoyachilar tomonidan to‘sildi. Natijada Sen-Maksimenning 32-daqiqadagi zarbasi «Nyukasl»ning shu o‘yin oxirigacha darvoza sohasiga aniq borgan yagona zarbasi bo‘lib qoldi.

Ten Hag futbolchi almashtirishlarni o‘z vaqtida amalga oshirdi. 70-daqiqada u maydon markazidagi ustunlik boy berilayotganini anglagan holda, Zabitser va Maktomineyni maydonga tashladi. Bu tezda samara berdi — «Nyukasl» maydon markazidan De Xea darvozasi tomon yurish qilishi tobora qiyinlashdi.

Xuddi shu vaqtda «Yunayted» uzil-kesil qarshi hujum rejimiga o‘tdi va bir necha bor Karius darvozasi tomon xavfli yurishlar qildi. Raqibdan farqli o‘laroq, «qizil iblislar» aniq harakat qilishdi: o‘yin davomida ular to‘qqiz bor darvoza sohasiga aniq zarba yo‘llashdi, shunday ekan, mag‘lubiyatda «Nyukasl»ning uchinchi darvozabonini ayblash adolatdan bo‘lmaydi. Amalda Karius «qarg‘alar»ni yirik hisobda mag‘lubiyatga uchrashdan qutqarib qoldi.

«Yunayted»ga 2:0 hisobi ham yetarli bo‘ldi. Bunday g‘alabalar murabbiylik g‘alabalari sifatida qabul qilinadi: ten Hag boshlang‘ich rejani to‘g‘ri tanladi, raqibning zaif nuqtalarini qidirib topdi va o‘yin davomida yuzaga kelgan operativ vazifalarni a’lo darajada uddaladi. Yozda niderlandiyalik mutaxassisni «Old Trafford»da yaxshi kutib olishmagandi, ammo og‘ir o‘tgan kuz va Krishtianu Ronaldu muammosi hal bo‘lganidan keyin «MYu» uyg‘ondi va olti yil ichidagi ilk sovrinini qo‘lga kiritdi.

«Nyukasl»da esa barchasi oldinda — jamoani yaqin yillarda yana bir finalda ko‘rishimiz mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: