Chevrolet Aveo 2024, ChatGPT yozgan kitob va suv ostiga sho‘ng‘iy oladigan dron - hafta texnodayjesti

Fan-texnika 20:23 / 25.02.2023 68243

Qondagi qand miqdorini o‘lchaydigan “aqlli soat”

Foto: Apple

Apple kompaniyasi  qondagi glyukoza miqdorini o‘lchay oladigan Apple Watch “aqlli soat”ini ishlab chiqishda sezilarli yutuqlarga erishgan.

Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, ishlanma qondagi glyukoza konsentratsiyasini aniqlash uchun sensorlardan foydalanadi. Bu esa bu sohada inqilobiy yangilik bo‘lishi mumkin.  

Kompaniya mahsulotlariga bunday tizim qo‘shilishi qandli diabetga chalingan insonlar uchun muqobil tanlovga ega bo‘lish imkoniyatini taqdim qiladi. Chunki ayni paytda qon namunasini o‘lchashda asosan terini teshadigan asboblardan foydalaniladi.

Ushbu loyiha 2010 yilda boshlangan va o‘tgan davr mobaynida bir qancha sinovlar o‘tkazilgan.

Suv ostiga sho‘ng‘iy oladigan dron

Tadqiqotchilar TJ-FlyingFish deb nomlangan yangi gibrid dronning ishchi prototipini yaratishdi. U havoda uchib, suv ostiga sho‘ng‘iydi, bir xil pervanellar yordamida ikkala muhitda ham harakatga erisha oladi.

Dron havoda parvoz qilganda, mavjud dronlar bilan deyarli bir xil ishlaydi: pervanel birliklarining to‘rttasi ham yuqoriga qarab turadi. Ammo dron suvga qo‘nganda, bu pervanellar yo‘nalishni o‘zgartiradi va pastga qaraydi, pastroq tezlikda aylanadi va dronni suv ostiga tortadi.

TJ-FlyingFish to‘liq inson aralashuvisiz ishlash uchun mo‘ljallangan va to‘liq avtonomdir. Bu esa dronning tayyor versiyasidan foydalanish imkoniyatini oshiradi. U uchuvchiga muhtoj emasligi sababli, suv ostida ham, yuqorida ham har xil turdagi tadqiqotlar uchun ideal bo‘lishi mumkin.

Yangi Chevrolet Aveo 2024

Caption

Meksikada Chevrolet Aveo 2024 sedani sotuvga chiqarildi. Yangi avtomobil 98 ot kuchiga ega 1,5 litrli atmosfera dvigateli bilan jihozlangan, mexanik yoki avtomat uzatmalar qutisi bilan ishlaydi. Dvigatelining quvvati 110 ot kuchiga teng.

Bundan tashqari, Aveo 2024’da ABS tizimi, oltita xavfsizlik yostiqchasi, avtomatik boshqaruvli konditsioner, Bluetooth bilan ulanish imkoniyatiga ega sakkiz dyuymli sensorli ekran, USB port hamda Apple Car Play va Android Auto integratsiyasiga ega SGMW ma’lumot-ko‘ngilochar tizimi ham mavjud. Mazkur model narxi 276 400 Meksika pesosidan (joriy kurs bo‘yicha 15 ming dollar) boshlandi.

ChatGPT yozgan kitob

Amerikalik sotuvchi Brett Shikler sun’iy intellektga asoslangan ChatGPT dasturidan foydalanib, bir necha soat ichida 30 sahifali bolalar elektron kitobini yaratdi va uni Amazon orqali sotuvga qo‘yadi. Elektron kitob 2,99 dollarga narxlanadi. Ma’lum qilinishicha, Shikler kitob sotuvidan qariyb 100 dollarga yaqin mablag‘ ishlab topgan.

Facebook va Instagram pulli verifikatsiyani joriy qiladi

Meta korporatsiyasi o‘zining Facebook va Instagram ijtimoiy tarmoqlarida pulli verifikatsiyani joriy etishni sinovdan o‘tkazishni boshlaydi

Ushbu tizim faqat 18 yoshdan oshgan Facebook va Instagram foydalanuvchilari uchun joriy etiladi. Uning narxi sayt orqali sotib olinganda oyiga 11,99 dollar, mobil ilova orqali xarid qilinganda esa oyiga 14,99 dollar turadi. Yangi funksiya dastlab Avstraliya va Yangi Zelandiyada, keyinroq esa boshqa mamlakatlarda ham ishga tushiriladi, deya ta’kidlagan Mark Tsukerberg.

Meta Verified funksiyasi 2022 yil noyabrida Twitter tomonidan joriy qilingan pulli verifikatsiyaga o‘xshash. Shu vaqtda Twitter oyiga 8 dollar evaziga verifikatsiyani anglatuvchi ko‘k belgini sotib olish imkoniyatini ishga tushirgan edi. Ammo soxta akkauntlar uni sotib olishni boshlagani sababli funksiyani to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Dekabr oyida funksiya yana qayta ishga tushirildi.

The Verge nashrining yozishicha, Meta platformasining pulli tekshiruvga yondashuvi bir qarashda Twitter tarmog‘inikidan jiddiyroq ko‘rinadi, chunki Meta verifikatsiya uchun hujjat so‘raydi (Twitter verifikatsiyasi uchun faqat telefon raqami kifoya) va soxta akkauntlardan himoyalanish bo‘yicha qo‘shimcha choralarni va’da qiladi. Biroq bu choralar nima ekani hozircha aniq emas.

YouTube shaxsiy radiostansiya yaratish imkonini beradi 

Google platformasi YouTube Music foydalanuvchilariga ma’lum bir san’atkor asosida o‘z radiostansiyasini yaratish va qo‘shiqlarni ijro etish tartibini belgilaydigan algoritmni o‘rnatish imkoniyatini berishni boshladi.  Radio Builder deb nomlangan funksiya allaqachon ba’zi tinglovchilarga taqdim etilgan. 

Bu radioga iOS yoki Android ilovasida YouTube Music asosiy sahifasidagi Tune Your Music bo‘limiga o‘tish orqali kirish, shaxsiy radiostansiyani yaratishda 30 tagacha qo‘shiqchini belgilash mumkin. Qulaylik joyi shundaki, ijrochilarning qo‘shiqlarini birma-bir belgilab chiqish shartmas. 

YouTube bu xususiyatni o‘tgan yili sinovdan o‘tkaza boshlagan edi. Google matbuot kotibi Pol Pennington so‘zlariga ko‘ra, Radio Builder funksiyasi barchaga bepul taqdim etiladi.  

Ko‘proq yangiliklar: