V Toshkent xalqaro marafoni. Musobaqa tartibi va pul mukofotlari haqida ma’lumot berildi

Sport 19:15 / 24.02.2023 20530

Anjumanda Yengil atletika federatsiyasi bosh kotibi Kamoliddin Ro‘zimuhammedov, yoshlar siyosati va sport vaziri o‘rinbosari Shahrillo Mahmudov, yoshlar ishlari agentligi direktori o‘rinbosari Dilnozaxon Kattaxonova va boshqalar so‘zga chiqib, OAV vakillari savollariga javob berishdi. 

42 km masofaga klassik marafon, 21 km masofaga yarim marafon, shuningdek, 3 va 10 km masofaga ommaviy yugurish musobaqalari o‘tkazilishi, ularda professional sportchilar bilan bir qatorda havaskorlar ham ishtirok etishi mumkinligi ta’kidlandi. 

Ma’lum qilinishicha, marafon va yarim marafon masofalarida 18 yoshga to‘lgan fuqarolar ishtirok etishiga ruxsat beriladi, ikkita so‘nggi masofalarda ishtirok etish uchun yosh doirasi cheklanmagan.

G‘oliblar pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. Umumiy mukofot jamg‘armasi 259 mln 720 ming so‘mni tashkil qiladi. 
42 km masofa uchun:
1-o‘ringa — 30 mln so‘m
2-o‘ringa – 20 mln so‘m
3-o‘ringa — 15 mln so‘m
4-o‘ringa – 10 mln so‘m
5-o‘ringa – 8 mln so‘m
6-o‘ringa – 5 mln so‘m

21 kmga yarim marafon uchun:
1-o‘ringa — 20 mln so‘m
2-o‘ringa — 15 mln so‘m
3-o‘ringa — 12 mln so‘m
4-o‘ringa — 8 mln so‘m
5-o‘ringa — 6 mln so‘m
6-o‘ringa – 4 mln so‘m

10 km masofaga yugurish:
1-o‘ringa – 6 mln so‘m
2-o‘ringa – 4 mln so‘m
3-o‘ringa — 2 mln so‘m

3 km masofaga yugurish ishtirokchilariga qimmatbaho sovg‘alar ko‘zda tutilgan.

E’tiborlisi, Toshkent marafoni tarixida ilk bor bolalar o‘rtasida «Kids Run» ommaviy yugurish musobaqasi ham tashkil etiladi. Musobaqa 11 mart kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, unda ikkita toifadagi: 2015 yil va 2011 yilgacha tug‘ilgan bolalar ishtirok etishi mumkin. Ommaviy yugurish poygasiga ishtirokchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish bepul. «Kids Run» ommaviy yugurish poygasi skandinavcha yurish havaskorlari bilan birgalikda o‘tkaziladi. Bolalar masofasi 1 km, yuruvchilarning masofasi 3 kmni tashkil qiladi.

Marafonning start-finish maydonchasi Afrosiyob va Beshyog‘och ko‘chalarining kesishish nuqtasida joylashgan.

Marafonda ishtirok etish uchun iticket.uz saytida yoki iTicket savdo ofislarida ro‘yxatdan o‘tish hamda boshlang‘ich to‘lovni amalga oshirish kerak. 10 km masofaga yugurishga ro‘yxatdan o‘tish to‘lovi 149 ming so‘mni, 3 km uchun 75 ming so‘mni tashkil qiladi. 2023 yil 5 martgacha ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati mavjud.

Matbuot anjumanida marafonchilar kiyadigan libos ham namoyish etildi.

Ma’lumot uchun, marafon O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiya vazirligi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi, «O‘zneftgaz» AJ, O‘zbekiston Yengil atletika federatsiyasi va Toshkent shahri hokimiyati  tomonidan tashkillashtirilmoqda.

A’zamjon Izzatillayev

Ko‘proq yangiliklar: