«Uch xil O‘zbekiston, sanksiya ostidagi singillar, «Putinning oligarxi» va pensiya»: Alisher Usmonov katta intervyu berdi

Jamiyat 11:47 / 22.02.2023 91276

Intervyu davomida Alisher Usmonov O‘zbekistondagi islohotlar, Ukrainadagi urush, o‘zining yaqin qarindoshlariga nisbatan qo‘llangan sanksiyalar va Putin bilan aloqalari haqida gapirib berdi.

— Janob Usmonov, yangi O‘zbekiston va undagi eng muhim o‘zgarishlarni gapirib bera olasizmi?

— Butun hayotim davomida uch xil O‘zbekistonni ko‘rdim. Birinchisi, bu — men tug‘ilgan va sovet ittifoqining bir qismi bo‘lgan davlat. So‘ngra, 1991 yildan boshlab mustaqil O‘zbekiston. Yaqindan, 2016 yildan boshlab yangi O‘zbekiston paydo bo‘ldi.

1991 yilda mustaqillikka erishilgach, mamlakatda hokimiyat de-fakto sobiq kommunist yetakchilarga o‘tdi, jamoat tuzilmasi hamda iqtisodiyotda sovet ittifoqi davridagidek turg‘unlik emas, ijtimoiy va iqtisodiy sohalarida yanada keng qamrovli degradatsiya ro‘y berdi.

Aytish mumkinki, mustaqil rivojlanishning 30 yilligida prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi bugungi jamoa davlatning iqtisodiy tuzilmasi tubdan qayta qurilishini amalga oshirmoqda. Mamlakat iqtisodiyotining normal faoliyat ko‘rsatishini tiklash, fuqarolar farovonligini oshirish, O‘zbekistonning nafaqat mintaqada, butun dunyoda obro‘-e’tibor qozonishiga qaratilgan navbatdan tashqari islohotlar o‘tkazilmoqda. Nazarimda, bu davr mamlakatning katta kelajagi uchun umid qilish belgisi bo‘la oladi. Eng katta o‘zgarishlarni investitsion faoliyat tezlashgani, mamlakat ochilgani, yangi prezident Mirziyoyev insonlar ruhiyatini ko‘tarib, ularning qalbiga yo‘l topa olganida ko‘rmoqdaman.

— Siz O‘zbekistonning turli sohalariga yirik sarmoyalar yotqizdingiz. Yaqin yillarda vataningiz rivoji uchun yana qanday hissa qo‘shmoqchisiz?

— Ochig‘ini aytganda, men o‘z hissalarim haqida gapirishni yoqtirmayman, garchi men yangi prezidentning islohotchilik kun tartibini qo‘llayotganlar orasida bo‘lsam ham. Men ishtirok etgan kompaniyalarning investitsiyasiga kelsak, biz o‘z holdingimizning ishbilarmonlik faoliyati bilan bog‘liq o‘zbek kompaniyalariga o‘z e’tiborimizni qaratdik. Bu asosan telekommunikatsiya va texnologik sektor.

Umuman, hozir sanksiyalar tufayli ishlash juda og‘ir, lekin men xayriya loyihalarimni to‘xtatmadim va ishlashga harakat qilmoqdaman. Shu sababli men albatta O‘zbekistonga yordam berish, mamlakatimga foyda keltirish uchun bor kuch va resurslarimni sarflayman. Bu mening buyuk maqsadim, buning yo‘lida men ishbilarmonlik faoliyatimni boshqarishdan, ko‘plab loyihalarimda aksiyador sifatida qatnashishdan voz kechdim.

O‘zbekiston Qozog‘iston bilan birgalikda Markaziy Osiyoning chinakam yetakchilari bo‘ladi, ular o‘z fuqarolari tomonidan belgilab berilgan yo‘nalishda mintaqani rivojlantiruvchi lokomotiv bo‘lishadi. Men bu mamlakat muvaffaqiyatga erishishiga aniq ishonaman.

— Janob Usmonov, Ukrainada urush boshlangach, siz Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostiga tushdingiz, chunki sizni oligarx deb hisoblashadi. Siz bu sifatdan nega voz kechishga urinmoqdasiz?

— Men bundan nafaqat noroziman, bu borada sudga shikoyat arizasi ham berganman. Meni oligarx sifatida ko‘rsatish borasida qaror qabul qilganlar o‘z nodonligini namoyish etishgan, deb hisoblayman. Oligarxlar — bular hukumat yordamida pul qiluvchi biznesmenlardir. Bu — birinchidan. Ikkinchidan, bu odamlar pul ishlar ekan, doim hukumatga o‘z ta’sirini o‘tkaza oladi. Bu esa mening holatim emas. Men hech qachon hukumatdan sovg‘alar olmaganman. Biz holdingimizda nimaiki qilgan bo‘lsak, barchasiga bozor shart-sharoitlarida erishganmiz. Oligarxlar deganda Rossiyada kapital rivojlanishining birinchi bosqichidan foydalanib, ulkan resurslarni qariyb tekin qo‘lga kiritganlar tushuniladi. Bunga ters o‘laroq, men barchasini tanlov asosida sotib olganman.

Ha, mening aktivlarim bor. Ha, Rossiyada meni tan olishadi. Ha, men ham Rossiya fuqarosiman, lekin o‘z ona vatanim manfaatlari bilan yashayman. Men pensiyaga chiqdim, xayriya bilan shug‘ullanib, o‘z sarmoyalarimdan dividend olib, yashab yuribman. Barcha daromadini so‘nggi tiyinigacha deklaratsiya qiladigan insonning aybi nimada bo‘lishi mumkin?

Baxtimizga, Italiyadagilar yuristlarimiz tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni hechqursa o‘qib ko‘rishar ekan. Yevropaning ayrim davlatlarida ularni o‘qib ko‘rishmayapti ham, shunchaki aybdorsan, deyishyapti, bo‘ldi.

Butun umr O‘zbekistonda yashagan, Rossiyaga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan singillarimga sanksiyalar qo‘llangani haqida gap borganda, men buni qabul qila olmayman. Xudoga shukr, Yevropa hokimiyati singillarimdan birining sanksiyasini yechdi. Biroq, hali kurashlar tugashdan yiroq. Umid qilamanki, adolat hech bo‘lmasa sudda g‘alaba qozonadi, garchi men sudlashishni istamagan bo‘lsam ham. Nima bo‘lishiga qaramasdan, Italiyani sevishda davom etaman.

— Putin bilan yaqin aloqada ekaningiz haqidagi ayblovlardan qanday himoyalanyapsiz?

— Ko‘rmayapsizmi, bu ayblovning ikkinchi qismi, men shunchaki oligarx ham emaskanman, Putinning «sevimli» oligarxi ekanman. Menda hech qachon bunday aloqalar bo‘lmagan. Men Rossiyada 35 yildan ziyod yashab kelmoqdaman. Bu vaqt ichida yosh talabadan mamlakatning yetakchi va eng boy ishbilarmoniga aylanish uchun uzoq yo‘l bosdim. Katta ehtimol bilan men MOQ shafeligi ostidagi xalqaro sport federatsiyasining (Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi — tah.) saylangan Rossiya tarixidagi ilk prezident bo‘ldim.

Bundan tashqari, shaxsan o‘zim, bizning investitsion va xayriya fondlarimiz har yili madaniy, sport va ilmiy loyihalarga yuz millionlab dollar ehson va xayriya mablag‘lari ajratadi. Men bu obro‘-e’tiborni nafaqat Rossiyada, o‘z vatanim O‘zbekistonda, bizga qo‘shni Qozog‘istonda ham qozondim. Mening do‘stlarim ko‘p, bu mamlakatlar, Yaqin Sharq va Yevropada menga hurmat bilan munosabatda bo‘lishadi.

Bir vaqtning o‘zida, nima bo‘lishiga qaramasdan hayot yo‘limdan voz kechmoqchi emasman. Darvoqe, meni hayratga solgan yana bir narsa bor. Menga sanksiya qo‘llashgach, sport tashkilotimiz — Xalqaro qilichbozlik federatsiyasida bo‘lgan ishdan so‘ng barcha qilichbozlardan faxrlanib ketdim. Mening bundan xabarim ham bo‘lmabdi... Yuzdan ortiq davlat yarim yil avval Xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidentiga yordam so‘rab petitsiya yozishibdi. Bu insonlarning ishonchini qozonishdan bo‘lak yana nima hayotning mazmuni bo‘la olishi mumkin?

— Ukrainadagi urush haqida nima deb o‘ylaysiz?

— Urushdan taassurotlarimga kelsak, bu avvaliga barchamiz uchun shok bo‘ldi. Bo‘layotgan voqealardan qanday qilib shokka tushmaslik mumkin? XXI asrda urush hech kimga foyda keltirmaydi… Bu mening ishim emas, men siyosatchi emasman va siyosat bilan shug‘ullanishni ham istamayman. Shu sababli, har qanday mojaro tinch yo‘l bilan, eng asosiysi qurbonlarsiz tugashi kerak, deb hisoblayman. Bu mening shaxsiy munosabatim. Hozir men faqat o‘zim haqimda gapiryapman.

Chunki ertami-kechmi mojarolarga nuqta qo‘yiladi, qonun tiklanadi, umid qilamanki, Yevropada ham. Hammasi ko‘ngildagidek bo‘ladi, men bundan juda umid qilaman. Bir vaqtning o‘zida meni butun dunyoda qozongan obro‘-e’tibor, butun hayotimni bekorga yashamaganim umidlantirib turibdi. Kelgusida ham odamlarga, insoniyatga, mamlakatlarga, jumladan O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston va Tojikistonga yordam berishga harakat qilaman. Italiya uchun ham albatta yaxshilik qilishga urinaman, eng kamida Arsaken shaharchasi yoki Sardiniya uchun.

— Sizning Italiya bilan o‘zgacha munosabatlaringiz bor. Bu qachon boshlangan va sizga bizning mamlakat nega yoqadi?

— Ta’kidlayman, men bu mamlakatni yaxshi ko‘raman. Sanksiyalar qo‘llab, bu kayfiyatni yo‘qotgan ayrim davlatlardan farqli o‘laroq. Men Italiyani bolaligimdan qo‘shiqlari va futboli uchun yaxshi ko‘rib qolganman. So‘ngra qilichbozlik keldi va meni Italiya bilan bog‘lovchi uchinchi rishtaga aylandi. Bu mamlakat Manjarotti oilasi, Montano va boshqalar bilan birga eng yaxshi qilichbozlar davlati. Vetssali va boshqa ko‘plab g‘olib yosh zamondoshlarimiz ham bor. Men ularning barchasini yaxshi taniyman. Bu insonlar men uchun haqiqiy afsona bo‘lishgan, ular haqida gazeta va kitoblarda o‘qiymiz.

Eng katta muhabbatim Sardiniyaga tushgan. Italiyaning bu hududi sharqona insonlar nuqsini saqlab qolgan. U yerga birinchi marta borganimda o‘z vatanim, O‘zbekistonda ko‘zim tushadigan va qulog‘im eshitadigan insonlardagi o‘ziga xos ruhiyat va fazilatni sezganman.

Men bilgan va do‘stlashgan ko‘plab italyanlar sanksiyalardan so‘ng mendan uzoqlashmasdan, aksincha aloqalarni saqlab turganidan juda faxrlanaman. Ulardan chin ko‘ngildan minnatdorman. Bu — italyanlar haqiqiy do‘st bo‘la olishining yana bir tasdig‘i bo‘ldi. Arsakena meri meni faxriy fuqaro unvonidan mahrum etmaganini bilganimda, bu yuragimni tub-tubigacha o‘rtadi, toki tirik ekanman, Arsakena fuqarosi bo‘lib qolaman. Men bu shahar uchun kerakli barcha narsani qilaman. 

Ko‘proq yangiliklar: