«Real» o‘z uslubida. Madrid klubi yana YeChL o‘yinida burilish yasadi

Sport 11:29 / 22.02.2023 33524

«Enfild»da hashamatli spektakl qo‘yib berildi — 2:5.

«Liverpul» — «Real» 2:5
Gollar: Nunes (4), Saloh (14) — Vinisius (21, 36), Militao (47), Benzema (55, 67).
«Liverpul» – Alisson, Aleksander-Arnold, van Deyk, Gomes (Matip, 73), Roberson, Baychetich (Elliott, 85), Henderson (Milner, 73), Fabino, Saloh, Gakpo (Firmino, 64), Nunes (Jota, 64).
«Real» – Kurtua, Karvahal, Ryudiger, Militao, Alaba (Nacho, 27), Modrich (Kroos, 87), Valverde, Kamavinga, Benzema (Asensio, 87), Vinisius, Rodrigo (Sebalos, 81).
Ogohlantirishlar: Vinisius (60), Elliott (90+3).

To‘qqiz oy o‘tib

O‘tgan yilgi Chempionlar ligasi finalidan buyon to‘qqiz oy o‘tdi. Bu vaqt ichida «Real» kuchsizlanmagani aniq, «Liverpul»ni esa Parijdagi o‘sha mag‘lubiyat butunlay cho‘ktirib yuborgandek. Noyabr oyida, qur’a tashlash marosimi o‘tkazilganida ko‘pchilik amaldagi chempion finalchini oson mag‘lub etishini taxmin qila boshladi — qizillar o‘shanda APLda o‘ninchi o‘rinda edi va «Lids» hamda «Nottinghem Forest»ga yutqazgandi, «Barselona»ni yenggandi.

Qishga kelib ham ko‘p narsa o‘zgargani yo‘q. Madridliklar klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘olib chiqishdi, inglizlar esa barcha ichki turnirlarni tark etishdi va APLning uch o‘yinida o‘rtamiyona jamoalardan uchtadan gol o‘tkazib yubordi — «Vulverhempton», «Brayton» va «Brentford». Muxlislar ijtimoiy tarmoqlarda Yurgen Kloppning iste’fosini talab qila boshladi, holbuki germaniyalik mutaxassis o‘z nomini abadiylashtirishi mumkin edi — «Liverpul» sovrinlar bo‘yicha poker qayd etishga juda yaqin turgandi.

Mezbonlarning ideal starti

Hozir esa mersisaydliklar mavsum o‘rtasiga kelib mavsumni sovrinsiz yakunlashi deyarli aniq bo‘lib ulgurgan — faqat Chempionlar ligasida nazariy imkoniyat saqlanib turgandi. Va buning ham ijobiy tomoni bor: to‘rtta turnirda kurash uchun maksimal e’tibor qaratish oson bo‘lmasdi, bu o‘rinda esa tanlashga hojat yo‘q. Ehtimol, aynan shu «Liverpul»ning o‘yinni ajoyib boshlashiga ta’sir qilgandir.

«Real» kamdan kam hollarda ilojsiz holatda qoladi, ammo «Enfild»dagi dastlabki 15-20 daqiqalikda madridliklar o‘yinini boshqacha ta’riflab bo‘lmasdi. Karlo Anchelotti jamoasi umuman o‘yinga kirisha olmadi. Jarohat olib safdan chiqqan Kroos va Tchuamenisiz maydon markazida tartibsizlik hukm surardi — Kamavinga umuman bosimga dosh bera olmadi va debyutdayoq bir necha qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yib ulgurdi. Chap qanotda esa Alaba Salohning tempiga ulgura olmadi, bo‘lim o‘rtalarida esa jarohat oldi — uning o‘rniga o‘ng oyoqda o‘ynovchi Nachoni tushirishga to‘g‘ri keldi.

«Liverpul» esa maydonda to‘liq hukmronlik qilardi. 4-daqiqada Salohning pasidan keyin Nunes tovoni bilan chiroyli gol urib hisobni ochdi. Keyin esa Muhammadning o‘zi qulay vaziyatni yo‘qqa chiqardi, ammo ko‘p o‘tmay Kurtua dahshatli xatoga yo‘l qo‘ydi. Parijdagi final o‘yinining so‘zsiz qahramoni bo‘lgan darvozabon to‘pni Salohga sovg‘a qildi va misrlik hujumchi hisobni 2:0 ko‘rinishiga yetkazdi. Bu gol afrikalik futbolchiga «Liverpul»ning YeChL o‘yinlaridagi eng yaxshi to‘purariga aylantirdi.

Darvozabonlar xatosi

Bunday vaziyatda hech kim o‘yin mezbonlarning yirik hisobdagi mag‘lubiyati bilan yakunlashini tasavvur qilmayotgandi. Barchasi mantiqiy edi: safar o‘yini oldidan «Real» tarkibida yo‘qotishlar bor edi, «Liverpul» esa asta-sekin formasini tiklayotgan va o‘tgan turda kuchli raqib «Nyukasl»ni safarda mag‘lubiyatga uchratgandi. Madridliklarga qarshi o‘yinda Klopp kuchli pressingga asoslangan odatiy sxemasiga qaytdi. Barchasi qizillar oldingi holatiga qaytayotganini ko‘rsatardi.

Ammo «Real» hech qachon ilojsiz holatga tushmaydi va oxirigacha kurashadi. O‘yinning 21-daqiqasidayoq Vinisius yo‘q joydan gol olib keldi: bungacha madridliklar to‘pga egalik qilayotgan bo‘lsa ham,  Alisson darvozasiga yaqinlasha olmayotgandi. Va bu gol ham o‘yinda burilish yasaydigan emasdi — braziliyalikning goli tasodifan urilgandek edi, chunki darhol Saloh va Nunesda qulay vaziyatlar bo‘ldi.

Keyin esa anomal hodisa ro‘y berdi. Chempionlar ligasi pley-off o‘yinida Kurtua to‘pni sovg‘a qilgandek holatlar juda kam bo‘ladi. Lekin bunday o‘yinda ikki top-darvozabon shunday xatoga yo‘l qo‘yishi hayotda bir marta sodir bo‘lgan voqeadir. Seshanba oqshomida muxlislar aynan shu hodisaga guvoh bo‘lishdi: Alisson Vinisiusga gol sovg‘a qildi va tabloda bir xil raqamlar porlay boshladi.

Benzemaning dubli

Shundan keyin «Liverpul» uchun dahshatli holat yuzaga keldi. «PSJ», «Chelsi» va «Manchester Siti» o‘tgan mavsumda madridliklar «yonib» ketgandan keyin ham tiklana olishi mumkinligiga guvoh bo‘lgandi. Endi esa Klopp jamoasi bu jamoa qanday jonlanishini tomosha qilishga majbur bo‘ldi.

Tanaffus arafasida Rodrigo «Real»ni hisobda oldinga olib chiqishga yaqin edi, ammo Roberson to‘pni uning oyoqlari ostidan olib qo‘ydi. Lekin bu mezbonlar uchun halokatni biroz kechiktirdi, xolos. Ikkinchi bo‘lim boshlanganidan bir necha daqiqa o‘tib Eder Militao Qirollik klubini oldinga boshladi. Ko‘p o‘tmay «Oltin to‘p» sohibi Chempionlar ligasining joriy mavsumidagi ilk golini nishonladi - to‘p shu kecha antiqahramonlaridan bo‘lgan Gomesning oyoqlari orqali darvozaga borib tushdi (Vinisius birinchi golni urayotganida uning ro‘parasida u turgandi, ikkinchi gol urilganda esa oldida hujumchi turgan Alissonga to‘pni u uzatgandi, Militaoning goli urilgan jarima zarbasi uning folidan keyin belgilangandi). 

«Liverpul» bu vaqtga kelib nokdaun holatida edi, jamoa shunda ham oldinga yurishga harakat qildi va penalti ishlashi mumkin edi, ammo futbolchilar hakamni ishontira olishmadi. «Real»ga esa hech qanday 11 metrlik zarbaning hojati bo‘lmadi — Benzema o‘yin endshpilidan ancha oldinroq hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi - uning ikkinchi goli urilishida ofsayd bordek ko‘ringandi, ammo Gomes orqaroqda qolib ketgani ma’lum bo‘ldi.

Klopp futbolchilarni almashtirish orqali hujumda yana nimagadir erishmoqchi bo‘ldi, ammo o‘zgarishlar yordam bermadi. «Liverpul» fantastik ssenariyda mag‘lubiyatga uchradi va o‘tgan yilgi finaldagi mag‘lubiyat uchun revansh olish armon bo‘lib qoladigan bo‘ldi - javob o‘yinida Madridda yirik hisob fantastik ssenariylarga ham xos emas.

Xvicha penaltidan gol urolmadi, ammo dohiyona pasi bilan «Napoli» uchun YeChL chorakfinalini deyarli kafolatladi.

Ayntraxt — Napoli 0:2
Gollar: Osimhen (40), Di Lorenso (65). 
Aniq ijro etilmagan penalti: Kvaratsxeliya (36).
Ayntraxt – Trapp, Buta (Knauff, 69), Yakich, Ndika, Tuta, Maks (Lens, 90+2), Gyotse (Alidu, 81), Sou, Kamada, Lindstrem (Borre, 69), Kolo-Muani.
Napoli – Meret, Di Lorenso, Rrahmani, Kim Min Je, Olivera, Lobotka, Zelinski, Zambo-Angissa (Ndombele, 80), Losano (Elmaz, 80), Osimhen (Simeone, 84), Kvaratsxeliya (Politano, 84).
Ogohlantirishlar: Kim Min Je (38), Gyotse (60), Elmaz (83).
Chetlatish: Kolo-Muani (58).

«Liverpul» va «Real»ning navbatdagi epik qarama-qarshiligi fonida Frankfurtdagi o‘yin afishasi kamtarroq ko‘rinishi tabiiy edi. Boshqa tomondan barcha Chempionlar ligasi saralangan klublar uchun turnir bo‘lib qolganidan shikoyat qiladi. Bu o‘yin esa doim ham pley-offda o‘ynamaydigan yangi nomlar to‘qnashuvi edi. Shu bilan birga bu jamoalarning biri ayni vaqtda A seriyada katta farq bilan yetakchilik qilmoqda. Ikkinchisi — o‘tgan mavsumda «Barselona»ni yo‘ldan olib, Yevropa Ligasining g‘olibi bo‘lgan.

Jamoalar tarkibida yorqin shaxslar ham yetarlicha. Bu o‘yinni Yevropaning «kuchli beshligi»ga kiruvchi ligalaridagi eng yorqin debyutantlar qarama-qarshiligi deb atash ham mumkin edi. Fransiyalik Kolo Muani yarim yil oldin ham shunchaki istiqbolli futbolchi sanalardi va o‘rtamiyona «Nant»dan erkin agent sifatida «burgutlar» safiga o‘tgandi. Bugungi kunga kelib esa JCh-2022 finalchisi, uni final o‘yinida Emiliano Martines darvozasiga hal qiluvchi golni ura olmagan, lekin o‘sha o‘yinni kuchli o‘tkazgan futbolchi sifatida ko‘pchilik yaxshi tanib qolgan.

Qolaversa, u bundesligadagi ilk mavsumidayoq rekordlar kitobini qayta yozmoqda, u hozirning o‘zidayoq gollar bo‘yicha ham, golli uzatmalar bo‘yicha ham ikkita raqamda ifodalanuvchi ko‘rsatkichlar qayd etgan (10+10). «Ayntraxt»da so‘nggi yillarda Aller, Yovich va Andre Silva kabi to‘purar futbolchilar bo‘lgan, ammo bunday universal futbolchi bo‘lmagan. Xuddi «Napoli»dagi kabi. Italiya jamoasida ham Kvaratsxeliya gollar ham uradi, golli uzatmalar ham beradi, qo‘shimchasiga effektiv fintlari bilan jo‘shqin va talabchan neapolliklarni o‘ziga maftun etadi.

Albatta, Maradona bilan parallellar o‘tkazish mublolag‘a bo‘lardi, lekin buyuk argentinalik davridan buyon skudetto va yevrokuboklardagi g‘alabalarni ko‘rmagan janubliklar jamoasini shu futbolchi yana katta g‘alabalarga yetaklamoqda. Agar don Diyego tirik bo‘lganida, o‘zining rekordlarini yangilayotgan Xvicha uchun xursand bo‘lgan bo‘lardi. Va gruzin vingeri bilan ta’sirchan suhbatlar o‘tkazgan bo‘lardi — o‘z vaqtida hujumning chap qanotida o‘ynagan Insine bilan bo‘lgani kabi.

Maydondagi o‘yin ham ancha qiziqarli kechdi. Jamoalar yuqori temp, pressing va qarshi pressing, intensivlik taklif etishdi, bu haqda «Ayntraxt» bosh murabbiyi Oliver Glasner ham o‘yindan oldin aytib o‘tgandi. U nemislarda intensivlik borasida ustunlik bo‘lmasligi haqida gapirib, ochiqchasiga kamtarlik ham qilgandi. Ammo bunday bayonotlar — strategiya elementi hisoblanadi, Luchano Spalletti ham o‘z jamoasi imkoniyatlarini baholashda kamtarlik bilan gapirdi. U nemislar pley-off o‘yinlarida ko‘proq tajribaga egaligiga e’tibor qaratdi, yevrokuboklarda raqib saviyasi yuqori bo‘lgani tufayli doimiy ravishda maydonning ikkinchi tomonida o‘ynash imkonsizligini aytdi.

Jamoaga bu o‘yinda to‘liq ustunlik kerak emasdi. «Napoli» Frankfurtda birinchi bo‘limda barchasini aql bilan bajardi. Shu bilan birga, jamoaga omad ham yordamga keldi, Kolo Muanining zarbasi biroz xato ketdi. Futbolchilar sabr bilan mudofaalandi. Talab etilganda esa pozitsion hujumlarga o‘tildi va qarshi hujumlarda imkon izlandi. Tabloda uzoq vaqt nollar qolishi sababi o‘zaro duellarda Trapp Kvaratsxeliyani 2:0 hisobida yengishi bo‘ldi: avvaliga uning jarima maydoni tashqarisidan cho‘pchib kelgan to‘pga bergan zarbasini darvoza to‘sini ostidan qaytardi, keyin esa penaltini to‘sdi.

Lekin Xvicha «Napoli» uchun muhim va tizim tayanchi bo‘lgan futbolchi, agar unda o‘xshamasa, gol uradigan boshqa ijrochilar bor. Penaltidan oldingi vaziyatda Losanoning zarbasi ustunga tegib maydonga qaytgandi va bu to‘p uchun kurashda Osimhen yiqitildi. Ular bo‘lim oxirida baribir gol uyushtirishdi, meksikalikning ideal pasidan keyin nigeriyalik to‘purar to‘pni darvozaga joylab qo‘ydi. Nemislar tanaffusgacha yana bir gol o‘tkazib yuborishi mumkin edi, to‘p maydon markazida yo‘qotilgach mehmonlar kombinatsiyasi darvoza ishg‘ol etilishi bilan yakunlandi, ammo bu vaziyatda videotakror orqali kichik ofsayd qayd etildi.

Mezbonlarni ikkinchi bo‘limda Xvicha yana bir bor kechirdi. Bu safar Trapp uni birga bir vaziyatda to‘xtatib qoldi. Ammo bu lokal omadsizlik — Kolo Muanining ortiqcha jonbozligi bilan solishtirganda mayda ko‘rinadi, fransuz futbolchisi raqib jarima maydoni yaqinida to‘p uchun kurash chog‘ida butsasi tishlari bilan Zambo Angissaning oyoqlarini bosib oldi va «Ayntraxt» o‘yinning qolgan qismini bir kishi kam bo‘lib o‘tkazishiga to‘g‘ri keldi. Yetmaganiga uning o‘zi ham jarohat oldi.

Shundan keyin baribir Kvaratsxeliyaning vaqti keldi va uning tovoni bilan bergan nozik uzatmasi Di Lorenso hisobdagi ustunlikni oshirishini ta’minladi.

Keyingi bosqich masalasi ikki o‘yin natijasiga ko‘ra hal bo‘ladi, ammo bunday zaxira bilan Neapolda italyanlar jamoasi shunchaki o‘z darajasida o‘yin ko‘rsatishi kifoya qiladi. Ayni vaqtda «Napoli» bir oyog‘i bilan chorakfinalda.

Ko‘proq yangiliklar: