Jahon | 11:05 / 20.02.2023
5950
2 daqiqa o‘qiladi

Jimmi Karter davolanishdan bosh tortib, hospis yordamini tanladi

AQSh tarixidagi eng keksa sobiq prezident so‘nggi yillarda melanoma va boshqa muammolar bilan kurashdi.

Foto: AP / Branden Camp

AQShning sobiq prezidenti, hozir 98 yoshda bo‘lgan Jimmi Karter bir necha bor kasalxonaga yotqizilganidan so‘ng keyingi davolanishdan bosh tortdi, dedi Karter markazi 18 fevral, shanba kuni. Sobiq davlat rahbari qolgan vaqtini oilasi bilan o‘tkazishga va qo‘shimcha tibbiy aralashuv o‘rniga hospis yordamini olishga qaror qildi, deyiladi Markaz xabarida.

The New York Times gazetasining yozishicha, Karter so‘nggi yillarda sog‘lig‘ida bir qancha inqirozlarni boshdan kechirgan, jumladan, 2015 yilda jigari va miyasiga metastaza bergan melanomani.

Sobiq prezident rafiqasi, 95 yoshli Rozalin Karter bilan Jorjiyadagi ranchoda yashaydi. 2019 yil mart oyida u mamlakat tarixidagi eng keksa sobiq prezidentga aylandi. So‘nggi yillarda Karter jamoat faoliyatini deyarli to‘xtatdi va 2021 yil yanvarida AQSh prezidenti Jo Baydenning inauguratsiyasida qatnasha olmadi. Shundan so‘ng Baydenning o‘zi Karterning uyiga tashrif buyurdi.

Karter 1976 yilda Demokratik partiyadan prezidentlikka saylangan va 1981 yilga qadar Oq uyni bir muddat boshqargan, u saylovlarda respublikachi Ronald Reyganga yutqazgan. Iste’foga chiqqanidan keyin Karter so‘nggi yillarda sog‘lig‘i yomonlashguncha gumanitar loyihalar bilan shug‘ullanishda va dars berishda davom etdi. 2002 yilda u dunyo bo‘ylab mojarolarni tinch yo‘l bilan hal qilish va inson huquqlari uchun kurashga qaratilgan sa’y-harakatlari uchun Nobel tinchlik mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Mavzuga oid