«Hatayspor» klubi futbolchisi Atsuning jasadi xarobalar ostidan topildi

Sport 17:40 / 19.02.2023 37300

Kristianni qidirish ishlari 11 kun davom etdi.

Butun dunyo qariyb ikki hafta mobaynida Turkiya va Suriyada 6 fevral kuni ro‘y bergan dahshatli zilzila oqibatlarini kuzatib bordi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, ikki mamlakatda tabiiy ofat qurbonlari soni 46 mingdan oshgan va bu so‘nggi raqamlar emas - joylarda xarobalarni tozalash ishlari davom etmoqda.

Futbol bilan bog‘liq markaziy syujyetlardan biri Kristian Atsuning tarixi bo‘ldi. Ganalik 31 yoshli yarimhimoyachi Turkiya chempionatida «Hatayspor» klubi a’zosi edi, bu klub zilziladan eng ko‘p talafot ko‘rgan Hatay viloyatida joylashgan. U 6 fevral kunidan aloqaga chiqmay qo‘ygandi. 18 fevral kuni esa qo‘rquv bilan kutilgan xabar tasdiqlandi — Atsuning jasadi  xarobalar ostidan topildi.

Agenti va klubi Atsuning o‘limini tasdiqladi, bungacha u tirik holda chiqarib olingani haqida xabarlar tarqalgandi

6 fevral kuni Fanatik nashri Kristian Atsu va «Hatayspor» klubi sport direktori Taner Savut yo‘qolib qolgani haqida xabar bergandi. Shu kuni kechqurun Portugaliyadagi A Bola nashri Atsu bino xarobalari ostida tirik topilgani haqida xabar berdi, xabarda uning nafas olish bilan bog‘liq muammo kuzatilayotgani va oyog‘i shikastlangani haqida tafsilotlar ham bor edi. Keyingi kun tongida esa «Hatayspor» rahbariyati bu yangilikni rad etib chiqdi — klub faxriy prezidenti Lutfa Savas qidiruv ishlari davom ettirilayotganini ma’lum qildi.

Kristian Atsu. Foto: Global Look Press

Shu kuni, 7 fevralda «Hatayspor» menejyeri Mustafo O‘zat Atsu omon qolganini xabar qildi: «Kristian Atsu jarohatlar bilan topildi. Bizning sport direktorimiz Taner Savut, afsuski, hamon xarobalar ostida qolmoqda. Hatay juda jiddiy talafot ko‘rgan. Biz eng xavfli soatlar oxiriga yaqinlashmoqdamiz», — dedi u Millet nashriga. Va bu ma’lumot ham xato bo‘lib chiqdi — keyinroq O‘zat o‘ziga raddiya berdi.

«Biz «Hatayspor» prezidenti bilan Kristian Atsu masalasida uchrashuv o‘tkazdik. U xarobalar ostidan qora tanli odam chiqarib olganini, ammo bu Atsu ekani aniqligini bilmasligini aytdi», — deya izoh berdi Turkiya futbol federatsiyasi prezidenti Mehmet Buyukekshi.

Kristianning taqdiri 18 fevralga kelib uzil-kesil aniq bo‘ldi. «Kristian Atsu topildi. Afsuski, u vafot etgan», — deya yozdi ijtimoiy tarmoqlarda futbolchining agenti Murat Uzunmehmet. Keyinroq ma’lumot «Hatayspor» tomonidan tasdiqlandi, klub xabarida shunday deyilgan: «O‘z hamdardligimizni bildiramiz. Xarobalar ostida vafot etgan futbolchimiz Kristian Atsuning tanasi Ganadagi ona shahri tomon yo‘lga chiqqan. Biz seni unutmaymiz, Atsu. Go‘ringda tinch yot, ajoyib inson. Qayg‘umizni ifodalash uchun so‘z yo‘q».

«Portu», «Chelsi», «Vitess», «Everton», «Nyukasl» va Atsu bunga qadar to‘p surgan boshqa klublarning sahifalarida ham hamdardlik postlari qoldirilgan.

Atsu jahon chempionatida qatnashgan va Afrikada eng yaxshi futbolchi deb topilgandi

Kristian Atsu Ganadagi ko‘p oilali qashshoq oilada tug‘ilgan. Futbol sirlarini Niderlandiyaning «Feyyenoord» klubining ushbu mamlakatdagi filial klubi bo‘lmish «Ferenoord Fettex»da o‘rgangan. 17 yoshdaligida tezkor va texnikasi yuqori bo‘lgan vinger «Portu» klubiga o‘tadi, 21 yoshida milliy jamoada debyut qiladi, 22 yoshida esa «Chelsi»da paydo bo‘ladi. Lekin u londonliklar asosiy tarkibida birorta rasmiy o‘yinda maydonga tushmagan, to‘rt yil davomida turli klublarga ijaraga berilgan. Xalqaro miqyosda esa uning ishlari yaxshiroq yurishgan — Atsu Gana milliy jamoasi bilan 2014 yilgi jahon chempionatiga borgan, jamoada jami 60 o‘yin o‘tkazgan, 2015 yilda esa uni Afrika Kubogining eng yaxshi futbolchisi sifatida taqdirlashgan.

Kristian Atsu. Foto: Global Look Press

2017 yilda Atsu «Nyukasl»ga ko‘chib o‘tadi, ammo bu yerda ham asosiy tarkibda o‘rnasha olmaydi, ikki yil o‘tib Saudiya Arabistonining «Al-Rayoz» klubi a’zosiga aylanadi, 2022 yil sentabrida «Hatayspor» bilan shartnoma imzolagandi.

Yangi jamoasidagi debyut golini Kristian 5 fevral kuni, zilzilaga bir necha soat qolganida urdi. Va shu o‘rinda dramatik tafsilotlar yuzaga chiqdi, bu haqda «Hatayspor» ma’muriy menejyeri Fotih Ilek aytib berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Atsu uni boshqa jamoaga qo‘yib yuborishni so‘ragan va qishki transferlar oynasida qator takliflarga ega bo‘lgan. Unda doimiy o‘yin amaliyoti bo‘lmagan, shu tufayli murabbiy transferga qarshilik bildirmagan. Ammo 5 fevral kuni Atsu «Qosimposha»ga qarshi o‘yinning so‘nggi daqiqalarida jarima zarbasidan g‘alaba golini urgan.

Kristian Turkiyada urilgan ilk golidan shu qadar xursand bo‘ladiki, Fransiyaga kechqurungi reys uchun bron qilingan chiptani bekor qiladi, u o‘sha kuni oilasi bilan uchrashmoqchi edi, buning o‘rniga o‘z muvaffaqiyatini jamoadoshlari bilan nishonlashga qaror qiladi. Atsu Turkiyadan 6 fevral kuni uchib ketishni mo‘ljallagandi, ammo mahalliy vaqt bilan ertalabki soat 4 dan o‘tganda halokatli zilzila ro‘y beradi.

Atsu bilan birga bedarak yo‘qolgan «Hataysport» klubi sport direktori Xamet Savutdan esa hozirga qadar darak yo‘q. Uning taqdiri hamon noma’lum bo‘lib qolmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: