To‘quv dastgohlari ishlab chiqarishdan avtomobilsozlikkacha: jahonga mashhur Toyota qanday rivojlangandi?

Fan-texnika 17:34 / 18.02.2023 57916

Bugun dunyoda Toyota haqida eshitmagan odam bo‘lmasa kerak. Bu korporatsiya asosan avtomobilsozlik sohasi bilan tanilgan bo‘lsa-da, u ko‘plab boshqa texnika va transport turlarini ishlab chiqaradi. Ular orasida to‘qimachilik dastgohlari, harbiy texnikalar va planetaxodlargacha bor. Bugun ular Toyota Group konserniga birlashgan.

Kompaniya ilk tashkil etilgan vaqtda to‘qimachilik dastgohlari ishlab chiqargan. Keyinchalik avtomobil sanoatiga o‘tgan. Toyota bir necha o‘n yillardan buyon dunyo avtombil sanoatida eng ko‘p mashina ishlab chiqarish bo‘yicha yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda.

Yaponiyada Toyota tarixi haqida gap ochilsa, eng avval uning birinchi prezidenti Kiichiro Toyoda emas, kompaniya asoschisi Sakichi Toyoda eslanadi.

Sakichi Toyoda

Sakichi nafaqat Toyota kompaniyasi, balki Yaponiyada avtomatik uskunalar ishlab chiqarish sohasining ham asoschisi deb tan olingan. U ixtiro qilgan to‘quv dastgohlari Yaponiyada ishlab chiqarish sohasi rivojlanishiga katta turtki bo‘lgan.

1867 yilda duradgorlar oilasida tug‘ilgan Sakichi Toyoda 1890 yilda o‘zining ilk to‘quv dastgohini ixtiro qiladi. O‘sha yili u dastgohni Tokiodagi milliy sanoat ko‘rgazmasida ommaga taqdim etadi va unga patent oladi.

1896 yilda Sakichi Yaponiyada birinchilardan bo‘lib yarim avtomat to‘quv dastgohini ixtiro qiladi.

1910 yilda Sakichi AQSh va Yevropa mamlakatlarida bo‘lib to‘qimachilik uskunalarini o‘rganadi. Yaponiyaga qaytgach to‘liq avtomatik tarzda ishlovchi to‘quv dastgohi yaratish ustida ishlay boshlaydi.

Nihoyat bir necha yillik mehnatdan so‘ng 1924 yilda Sakichi Toyoda dunyoda birinchi bo‘lib to‘liq avtomat tarzda ishlaydigan to‘quv dastgohini ixtiro qiladi.

Sakichi ixtiro qilgan avtomat to‘quv dastgohi

O‘sha paytlarda to‘qimachilik sohasida faoliyat olib boruvchi kompaniyalar bu ixtironi kutilgandan ancha yaxshiroq qarshi olishadi. Shu bois ham Toyoda dastgohlari juda tez fursatda tanila boshlaydi.

1926 yilda Sakichi Toyoda Toyoda Automatic Loom Works kompaniyasini tashkil etadi va to‘quv dastgohlarini seriyali tarzda ishlab chiqara boshlaydi.

Avtomobil sanoatiga o‘tish

Garchi Sakichi avtomatik to‘quv dastgohlarini muvaffaqiyat bilan sotayotgan bo‘lsa-da, u avtosanoat tez sur’atlarda rivojlanayotganini ko‘rib, avtomobilsozlik kompaniyasi ochishni reja qiladi. Biroq bu uchun katta mablag‘ kerak edi.

Sakichi 1929 yilda avtomat to‘quv dastgohi uchun olgan patentini Britaniya kompaniyasiga sotadi. 1930 yilda o‘g‘li Kiichironi avtomobil sanoatini o‘rganish uchun Yevropa va Amerikaga yuboradi. O‘sha yili kuzda Toyoda Sakichi pnevmoniyadan vafot etadi.

Kiichiro safardan qaytgach benzinda harakatlanuvchi dvigatel yaratish ustida ish boshlaydi.

1933 yilda Kiichiro Toyoda to‘quv dastgohlari ishlab chiqaruvchi Toyoda Automatic Loom Works kompaniyasi tarkibida avtomobil ishlab chiqaruvchi bo‘lim tashkil etadi.

Kiichiro Toyoda

1934 yilda kompaniya yengil va yuk avtomobillari uchun ikki xil dvigatel ishlab chiqara boshlaydi. Nihoyat, 1935 yilda kompaniya o‘zining birinchi A1 yengil avtomobili va G1 yuk avtomobilini ommaga taqdim etadi. 1936 yilda Toyoda yo‘lovchi tashuvchi avtomobilni ham chiqara boshlaydi.

1937 yilda Toyoda avtomobil ishlab chiqaruvchi bo‘limni Toyota Motor Co., Ltd nomi bilan alohida ro‘yxatdan o‘tkazadi. O‘shanda Kiichiro Toyoda’ni jarangdorroq talaffuz qilinadigan Toyota so‘ziga almashtiradi.

Toyota ikkinchi jahon urushi yillarida

Ikkinchi jahon urushi boshlangach vaziyat o‘zgarib ketadi. Kompaniya hukumat bosimi bilan yengil avtomobillar ishlab chiqarishni to‘xtatadi va asosan Yaponiya armiyasi uchun yuk avtomobillari ishlab chiqara boshlaydi.

Toyota kompaniyasi ishlab chiqargan ilk mashina - A1

O‘sha yillarda kompaniya uchun og‘ir damlarni o‘tkazadi. Urushning so‘nggi yillariga borib Yaponiya mag‘lubiyatga uchray boshlaydi. Shundan so‘ng kompaniyaga xorijdan ayrim ehtiyot qismlarni olib kelish qiyinlashadi. Oqibatda, kompaniya tejamkorlikka o‘tadi va hatto yuk avtomobillarini bitta yoritish chirog‘i bilan ishlab chiqara boshlaydi.

Yaponiya urushda yengilar ekan, AQSh harbiy samolyotlari bu davlatni bombardimon qila boshlaydi. Oqibatda, shahar va qishloqlar bilan birga ko‘plab korxonalar ham vayron bo‘ladi va ishlab chiqarishni to‘xtatadi. Ular orasida Toyota Motor Co., Ltdʼning avtomobilsozlik korxonalari ham bor edi.

Jumladan, kompaniyaning Aiti shahridagi asosiy korxonalari AQShliklar tomonidan vayron qilinadi. Oqibatda kompaniya avtomobil ishlab chiqarishni to‘xtatishga majbur bo‘ladi.

Ikkinchi jahon urushi paytida ishlab chiqarilgan «bir ko‘zli» yuk mashinasi

Urushdan keyingi yuksalish

Ikkinchi jahon urushi tugagach Yaponiya AQSh ta’sir doirasiga tushib qoladi. Shundan so‘ng bu davlatdagi turli kompaniyalar AQShliklardan ruxsat olib o‘z korxonalarini qayta ocha boshlaydi.

1947 yilda Toyota Motor Co., Ltd ham o‘z korxonalarini qayta ishga tushiradi va SA rusumli yo‘lovchi tashuvchi avtomobillarni ishlab chiqara boshlaydi.

1950 yilda kompaniya avtomobillar sotish bo‘limini alohida qiladi. Ushbu bo‘lim Toyota Motor Sales Co. nomi ostida 1982 yilgacha faoliyat yuritadi.

O‘sha paytlarda Toyota avtomobillari faqat Yaponiyada va Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida sotila boshlanadi. Shundan so‘ng kompaniya Toyopet nomi ostida o‘zining dilerlik tarmog‘ini tashkil etadi.

1952 yilda Toyota Motor Co., Ltd ning birinchi rahbari Kiichiro Toyoda vafot etadi. O‘sha yili kompaniya Toyota Crown, Toyota Corona va Toyota Publica modellari ommaga taqdim etadi.

1957 yilda kompaniya Toyota Crown avtomobilini ilk bor AQShga eksport qila boshlaydi.

1957 yilda ishlab chiqarilgan Toyota Crown 

1959 yilda Toyota Motor Co., Ltdʼning asosiy korxonalari va bosh ofisi joylashgan Koromo shahrining nomi Toyota deb o‘zgartiriladi.

1960-yillar boshida Toyota kompaniyasi dunyoning ko‘plab mamlakatlariga avtomobil eksport qilardi. Shundan so‘ng kompaniya xorijiy davlatlarda o‘z korxonalarini ochishni rejalashtiradi.

Ilk xorijiy korxona Avstraliyaning Melburn shahrida quriladi va 1963 yilda u yerda ilk avtomobil ishlab chiqariladi. Shundan so‘ng Toyota boshqa davlatlarda ham o‘z korxonalarini ocha boshlaydi.

Eng mashhur va ko‘p sotilgan avtomobillar

Toyota kompaniyasi eng birinchi navbatda sifatga e’tibor qaratadi. Shu sababli o‘tgan asrning 50-yillaridan boshlab bugungacha uning ko‘plab modellari dunyo bo‘ylab mashhur bo‘lib ulgurgan.

Kompaniya avtomobillar ishlab chiqarishni boshlagandan buyon 80 ga yaqin modelda avtomobil ishlab chiqargan. Ular orasida eng mashhuri Toyota Corolla hisoblanadi.

Kompaniya ushbu modelni ilk bor 1966 yilda ishlab chiqargan. Keyinchalik uning dizayni o‘zgartirib borilgan va Toyota Corolla bugungacha ishlab chiqarilmoqda.

1966 yilda ishlab chiqarilgan Toyota Corolla 

Kompaniya ushbu modeldagi avtomobildan jami 37,5 mln dona ishlab chiqarib sotgan. Toyota Corolla avtomobilsozlik tarixida eng ko‘p sotilgan model sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan.

1970-80 yillarda kompaniya misli ko‘rilmagan darajada rivojlanadi. Kompaniya ilk millioninchi avtomobilini tashkil etilganidan 25 yil o‘tib, 1960 yilda ishlab chiqargan bo‘lsa, 1972 yilda konveyerdan o‘n millioninchi avtomobil chiqariladi.

O‘sha yillarda Toyota Mark, Toyota Selica, Toyota Carina, Toyota Sprinter va Toyota Tercel modellari ishlab chiqariladi.

1982 yilda Toyota yana bir muvaffaqiyatli sotilgan modellardan biri Toyota Camry avtomobilini ishlab chiqara boshlaydi.

1982 yilda ishlab chiqarilgan Toyota Camry 

1983 yilda Toyota AQShning General Motors konserni bilan hamkorlikni boshlaydi. 1985 yilda kompaniya o‘zining 50 millioninchi avtomobilini ishlab chiqaradi.

1989 yilda kompaniya premium sinfiga mansub Lexus avtomobillarini ishlab chiqara boshlaydi.

1990 yillar boshida SSSR parchalanib ketgach Toyota uchun Yevrosiyoda yangi bozorlar ochiladi. Kompaniya Rossiyada avtomobillarni yig‘uvchi korxonalarini ochadi.

1989 yilda ishlab chiqarilgan dastlabki Lexus

Dunyoning eng yirik avtomobil ishlab chiqaruvchisi

21-asr boshlarida kompaniya dunyoning eng yirik avtomobil ishlab chiqaruvchisi maqomi uchun boshqa kompaniyalar bilan raqobat olib borardi. Biroq AQShning General Motors konsernidan o‘ta olmasdi.

2007 yilda Toyota ilk marta General Motors’ni quvib o‘tadi va dunyodagi eng ko‘p avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyaga aylanadi.

Biroq 2008/2009 moliyaviy yilini kompaniya zarar bilan yakunlaydi. Toyota tarixida 1950 yildan so‘ng bunday holat kuzatilmagan edi. Kompaniya 2010 yilda yana o‘zini tiklab oladi.

Toyota 2012 yildan buyon jahon avtomobilsozlik sanoati lideri sifatida eng ko‘p avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya maqomini o‘zida saqlab kelyapti.

Bugun Toyotaʼga asosan o‘zida o‘nlab brendlarni birlashtirgan General Motors va Germaniyaning Volkswagen konsernlari raqobat qilmoqda.

2022 yil ma’lumotlariga ko‘ra Toyota Motor Corporation kompaniyasining shaxsiy kapitali miqdori 228 mlrd dollar, umumiy aylanma mablag‘i 272,9 mlrd dollarni tashkil etgan. Shundan sof foyda 24,8 mlrd dollar bo‘lgan.

Toyota Motor Corporation bosh ofisi

Kompaniyaning umumiy aktivlari 589 mlrd dollarni, kapitalizatsiyasi 232 mlrd dollarni tashkil etgan. Bugun kompaniyaga tegishli turli korxonalarda qariyb 400 ming kishi mehnat qilmoqda.

Bugun Toyota konsernining eng yirik hissadorlari:

  • The Master Trust Bank of Japan – 11,71 foiz ulushga egalik qiladi;
  • Custody Bank of Japan – 9 foiz ulushga egalik qiladi;
  • Toyota Industries Corporation – 8,68 foiz ulushga egalik qiladi;
  •  Nippon Life – 4,58 foiz ulushga egalik qiladi;
  • JPMorgan Chase – 3,88 foiz ulushga egalik qiladi.

2013 yildan buyon kompaniya boshqaruv kengashi raisi Takesi Utiyamada (Takeshi Uchiyamada) hisoblanadi. U kompaniyada 1969 yildan buyon ishlab kelmoqda.

2009 yildan buyon kompaniya prezidenti Akio Toyoda (Akio Toyoda) hisoblanadi. U 1984 yildan buyon kompaniyada faoliyat yuritadi.

2021/2022 moliyaviy yil hisobotlariga ko‘ra Toyota jami 10,5 mln dona avtomobil ishlab chiqarib sotgan.

Kompaniya o‘z avtomobillarini quyidagi hududlarda ishlab chiqargan:

  • Yaponiyada – 1,92 million dona avtomobil;
  • Shimoliy Amerikada – 2,39 million dona avtomobil;
  • Osiyoda – 1,54 million dona avtomobil;
  • Yevropada – 1,02 million dona avtomobil;

Boshqa hududlar ( Markaziy va Janubiy Amerika, Okeaniya, Afrika hamda Yaqin Sharq)da – 5 foiz avtomobil ishlab chiqarilgan.

Yuqoridagi ro‘yxatdan ham ko‘rish mumkinki, Toyota eng ko‘p avtomobillarni Shimoliy Amerikada ishlab chiqaradi va asosan AQShda sotadi.

Boylar uchun hashamatli avtomobil – Lexus

1980-yillar boshida jahon avtomobil sanoatida ko‘plab yangi modellar taqdim qilinadi. Ular orasida boy odamlar uchun ishlab chiqariladigan hashamatli avtomobillar ham ko‘p edi.

So‘nggi rusumdagi Lexus yo‘ltanlamasi

1983 yilda Toyota rahbari Eyzi Toyoda dunyodagi eng zo‘r avtomobil yaratish g‘oyasini ilgari suradi. Maqsad boshqalardan ortda qolmaslik va zamon bilan hamnafas odimlash edi.

Toyodaning g‘oyasiga ko‘ra mazkur avtomobil asosan puldor mijozlar uchun mo‘ljallangan holda ishlab chiqarilishi kerak edi. Shundan so‘ng F1 (Flagship One) loyihasi ishlab chiqiladi.

F1 loyihasi 1989 yilda tayyor bo‘ladi. Ungacha esa bu loyiha uchun 60 nafar dizayner, 1400 nafar muhandis, 2300 nafar texnik xodim, 220 nafar yordamchi mehnat qiladi. Ular 450 dan ortiq dizayn ustida ish olib boradi.

Ilk avtomobil tayyor bo‘lgach unga Lexus LS 400 deb nom berishadi. Bu model asosan AQSh va Yevropa bozori uchun ishlab chiqarilgan edi. Keyinchalik kompaniya Lexus avtomobillarini ishlab chiqaruvchi kompaniyani alohida qilib ajratadi.

Lexus LS 400 ilk bor 1989 yilda Detroytdagi xalqaro avtosalonda namoyish etiladi. Taqdimotdan so‘ng bu avtomobilga dunyo bo‘ylab juda ko‘p buyurtma tushadi.

1990 yilda Lexus LS 400 yilning eng yaxshi o‘n avtomobili qatoridan joy oladi. Keyinroq esa bu model eng yaxshi avtomobillar reytingida birinchi o‘ringa chiqadi.

1991 yilda AQShda Lexus LS 400 avtomobilidan 71 206 dona sotiladi va premium sinfiga mansub avtomobillar orasida birinchi o‘rinni egallaydi. Oradan ko‘p o‘tmay Lexus — SC 400, keyinroq Lexus – GS 300 rusumli sport avtomobili ishlab chiqarila boshlanadi.

1992 yilda AQShda 92 890 dona Lexus avtomobillari sotiladi. 1995 yilda ushbu model beshinchi marta AQShda eng ko‘p sotilgan premium sinfiga mansub avtomobil deb topiladi.

1996 yilda Lexusʼning ilk yo‘ltanlamas avtomobili Lexus LX 450 ishlab chiqariladi. 1998 yilda shahar sharoitida foydalanish qulay bo‘lgan Lexus – RX 300 modeli ommaga taqdim etiladi.

O‘shandan buyon Lexus prenimum sinfiga mansub avtomobillarning yangidan yangi modellarini ishlab chiqarmoqda. 2019 yilda Tokio xalqaro avtosalonida kelajak avtomobili – haydovchisiz boshqariladigan Lexus LF-30 Electrified taqdim etiladi.

Haydovchisiz boshqariladigan Lexus LF-30 Electrified 

Toyota Group

Bugun Toyota Motor Corporation yigirmaga yaqin turli kompaniyalarni jamlagan Toyota Group konserni tarkibiga kiradi.

Konsern tarkibida avtomobillar, ularning ehtiyot qismlari, to‘qimachilik dastgohlari, harbiy texnikalar ishlab chiqaruvchi kompaniyalardan tortib, qurilish kompaniyalarigacha bor:

  • Toyota Industries (1926 yildan) — to‘qimachilik dastgohlari ishlab chiqaradi;
  • Toyota Motor (1937 yildan) — avtomobillar ishlab chiqaradi;
  • Aichi Steel (1940 yildan, 30 ulushi Toyota Industries va Toyota Motor ga tegishli) — avtomobillar uchun kuzovlar va boshqa metal jihozlar ishlab chiqaradi;
  • JTEKT (2006 yildan) — turli ehtiyot qismlar va boshqa uskunalar ishlab chiqaradi;
  • Toyota Auto Body (1945 yildan, 100 foiz Toyota Motor ga tegishli) — avtomobillar va ularning kuzovlarini ishlab chiqaradi;
  • Toyota Tsusho (1946 yildan) —Toyota Group konsernini dunyo bo‘ylab targ‘ib qiluvchi savdo kompaniyasi;
  • Aisin Seiki (1949 yildan) — avtomobil ehtiyot qismlari ishlab chiqaradi;
  • Denso (1949 yildan) — avtomobil ehtiyot qismlari ishlab chiqaradi;
  • Toyota Boshoku (1918 yildan) — avtomobil va tekstil sanoati ehtiyot qismlari ishlab chiqaradi;
  • Towa Real Estate (1953 yildan) — Ko‘chmas mulk savdosi bilan shug‘ullanuvchi kompaniya;
  • Toyota Central R&D Labs., Inc. (1960 yildan) —Toyota Group tarkibidagi turli kompaniyalar uchun tadqiqot ishlarini olib boradi;
  • Toyota Motor East Japan (2012 yildan) — avtomobillar va ularning ehtiyot qismlari ishlab chiqaradi;
  • Toyoda Gosei (1949 yildan) — avtomobillar uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqaradi;
  • Hino Motors (1942 yildan) — avtobus va yuk avtomobillari ishlab chiqaradi;
  • Daihatsu (1907 yildan) — kompakt avtomobillar ishlab chiqaradi;
  • Toyota Housing Corporation (2003 yildan) — uy-joy qurilishi ;
  • Toyota Motor Kyushu (1991 yildan) — avtomobillar va avto ehtiyot qismlar ishlab chiqaradi.
Toyota Group bosh ofisi

Toyota ulushga ega boshqa kompaniyalar:

  • Kyoho kai group — Tarkibida ehtiyot qismlar ishlab chiqaruvchi 211 ta kompaniya bor.
  • Kyouei kai group (11 foiz aksiyasi) — Tarkibida 123 ta logistika va qurilish kompaniyasi bor.
  • Nagoya Broadcasting Network – Toyota 34,6 foiz ulushga ega.
  • Subaru Corporation – Toyota 20 foiz ulushga ega.
  • Mazda Motor Corporation – Toyota 5,05 foiz ulushga ega.
  • Suzuki Motor Corporation – Toyota 4,9 foiz ulushga ega.
  • Misawa Homes Holdings, Inc. – Toyota 13,4 foiz ulushga ega;
  • Primearth EV Energy Co — 1996 yilda Toyota va Panasonic ishtirokida tashkil etilgan qo‘shma korxona;
  • Toyota Canada Inc. (TCI) — Toyota 51 foiz ulushga ega;
  • Yamaha Motor Company – Toyota 2,8 foiz ulushga ega;
  • Panasonic – Toyota 2,8 foiz ulushga ega;
  • Nippon Telegraph and Telephone – Toyota 2,09 foiz ulushga ega;
  • MS&AD sug‘urta guruhi – Toyota 8,88 foiz ulushga ega;
  • Fuji Pharma Co., Ltd. – Toyotaʼning ulushi ochiqlanmagan;
  • Toyota Motor Manufacturing Canada (TMMC) —Toyota Motor North America (Toyotaʼning Shimoliy Amerikadagi bo‘limi. Uning tarkibiga Ontario provinsiyasidagi uchta avtomobil ishlab chiqaruvchi korxona kiradi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: