“Musofirlik orzu qiladigan narsa emas”. Moskvaning 9 joyida farroshlik qiladigan o‘zbek ayolining hikoyasi

Jamiyat 14:54 / 18.02.2023 39451

Maqsadlar yetaklagan musofirlik

Meni bu yerda Gulya deyishadi. Asl ismim Gulchehra, farg‘onalikman. 46 yoshdaman. Taqdir ekan, turmushim bo‘lmadi. O‘zbekistonda farzandlarim, ikki o‘g‘il va bir qizim bor. Mana 13 yildirki Rossiyada rizqimni terib yuribman.

2010 yilda bu davlatga kelganimda oldimga ko‘pchilik insonlarnikiga o‘xshash qator maqsadlar qo‘ygandim. Uy olish, ulg‘ayib borayotgan farzandlarimga sharoit yaratib berish, ularni o‘qitish, vatan uchun, jamiyat uchun kerakli insonlarga aylantirish...

Ammo bularning bari hali shirin orzu edi. Birinchi kelishimdayoq boshim toshga, toshga emas, toshlarga urildi. Sovuqda juda qiynaldim, oyog‘imdagi og‘riq azob bera boshladi. Shu paytgacha ham uch marta operatsiya bo‘lganim pand berdi. Son suyagim yemirilishi tufayli uzoq davolangandim. Izg‘irin kunlarda shish paydo bo‘ldi va og‘riq chidab bo‘lmas darajaga keldi. Uyga qaytishga majbur bo‘ldim. 

Toshkentda qator tekshiruvlardan o‘tganimdan keyin menga to‘rtinchi operatsiya zarurligini aytishdi. Eng dahshatlisi – bu safar operatsiyani onkologiya shifoxonasida qilish zarurligini bildirishdi. O‘sha paytlar hayot ko‘z o‘ngimda to‘xtab qoldi nazarimda. Katta ko‘chaga chiqib olib “o‘lgim kelmayapti, Allohim!” deya dod solib yig‘ladim.

Shuncha dard cheksam-da, buni yaqinlarimga ayta olmadim. Foydasi yo‘qligini bilar edim. Operatsiyani o‘tkazib, sal oyoqqa turishim bilan hayotga umidim ham qaytdi. O‘ziga tavakkal qilib, “nima bo‘lsa peshonamdan ko‘rdim” deya yana Moskva shahriga uchib ketdim. Bir do‘konda sotuvchilik qila boshladim. Hali tuzuk ishlab ulgurmasimdan navbatdagi sinovga duch keldim – ishlash uchun hujjatlarim yo‘qligi sababli sud qilishdi.

Sudda chindan xo‘rligim kelib, o‘pkam to‘lib yig‘ladim. Deport qilmasliklarini, ishlashim kerakligini, uy olishim zarurligini, bolalarim yosh ekanini aytib, sud zalida ko‘z yosh to‘kdim. Natijani aytsam, ko‘pchilik ishonmaydi, chunki bunday paytda sud odatda mamlakatdan badarg‘a qilish haqida qaror chiqaradi. Biroq sudya mening holatimni tushundi va 2500 rubl jarima bilan chiqarib yubordi.

YtfEarPTzDe98OoW39UW9YUzhQwaypcW.jpg (640×640)

Qurilishdagi ishlar

Deportatsiya qilinmagan bo‘lsam-da, biror hujjatsiz edim, hech kim ishga ham olmasdi. Ilojsizlikdan qurilishda oshpazlikka rozi bo‘ldim. Tojikistonlik 16 nafar o‘zbek yigitlari ishlashardi, men ularga yegulik tayyorlardim, kirlarini yuvardim, xonalarini tozalardim va bo‘sh vaqtim bo‘lsa, o‘zlarigayam qarashardim. Maoshim 18 ming rubl, juda kam bo‘lsa-da, shukr qilardim. Yeb-ichishim, yashash uchun kurashishim uchun ishlashim zarur edi...

Farroshlikda o‘zimni topdim

Qurilishdagi og‘ir ishim menga o‘ziga xos tajriba vazifasini o‘tab berdi. Inson ko‘pchilik pisand qilmaydigan ishlarda ham halovat topishi mumkinligini angladim. Moskvaning gavjum nuqtalaridan biridagi do‘konga farroshlikka taklif qilishganida o‘ylanmay rozi bo‘ldim. Chunki bu ishda katta salohiyat, imkoniyatlar borligini tushunib turardim.

Hozir o‘rtacha 9 ta alohida maskanni tozalab chiqaman va har biridan alohida maosh olaman. Oz-oz, ammo barakali. Bundan tashqari qo‘shimcha ishlar ham bajaraman. Hamma ishxonalarim uyimning atrofida, ertalab soat 5 da turaman va ish boshlayman, kunduz ozroq dam olaman, keyin shu bilan kech soat to‘qqizgacha tinmay ishlayman.BBC sayti men haqimda alohida lavha tayyorladi hatto.

Farroshlikdan tashqari do‘konlarga kelgan mahsulotlarni qabul qilib olaman, zarurat bo‘lsa, kimningdir o‘rnida ishlab turaman. Umuman, hamma ish beruvchilarim bilan yaqin bo‘lib ketganmiz. Daromadimning salmoqli qismini makulatura, metallom topshirishdan kelib tushadigan pullar tashkil qiladi. Har kuni do‘konlardan, gulxonadan, ofislardan ancha qog‘oz qutilar, mayda-chuyda temirlar chiqadi. Men ularni bir joyga to‘plab, kunda-kunora topshiraman. Har kuni 500-1000 rubl bundan ham ishlayman, ayrim kunlari temir va qog‘oz ko‘payib ketsa, 6 ming rubl, ya’ni 100 dollargacha ishlagan paytlarim bo‘ladi.

Shunday qilib farroshlikda ham yaxshigina daromad qilsa bo‘ladi. Bu yerda o‘zimga qarab, chiroyli bo‘lib yurishga harakat qilaman. Ish beruvchilarim ham bu jihatimni hurmat qilishadi. Bunday qilishimga sabab o‘zimizda shu holat tufayli qattiq xo‘rlanganman. Toshkentda mardikor bozoriga chiqqanimda bir kishi “ishlayapsan, kiyinib, o‘zingga qarab yursang bo‘lmaydimi, sasib ketibsan!” degandi. O‘shanda kuniga 10 ming so‘mga ishlardik. Axir men 10 ming so‘mga kiyinaymi, yeymi, kvartiraga beraymi, uyga yuboraymi?..

Nega O‘zbekistonga qaytmayapman?

Ba’zan “qachongacha shunday yuraman?” degan savol juda qiynab yuboradi.Vatanimga qaytishimga biror to‘siq yo‘q. Lekin nazarimda inson qayerda ishi yurishsa, mehnati samarasini ko‘rsa, shu yerda o‘zini bemalol his qiladi. Men qaysidir ma’noda o‘sha orzularimning yarmiga endi erishdim deb o‘ylayman va yangi rejalar qilaman. O‘zbekistonga qaytganimga yarasha o‘z biznesimni ochsam deyman. Lekin kreditlarni to‘lay olmay qolsam-chi, bankrot bo‘lsam-chi, degan o‘ylar ham tinchlik bermaydi. Yoshim ham ellikka yaqinlashyapti, yolg‘iz ayolga esa oson emas.

Yoshlarga, ota-onalarga aytar so‘zlarim juda ko‘p mening. O‘qinglar, til o‘rganinglar, zamonaviy kasblarni egallanglar! Qaysidir millat farzandlari chiroyli xonalarda o‘tirib, ilmi bilan 4-5 ming dollar pul topayotgan bir paytda mening o‘zbegim erta-yu kech og‘ir ishda muztar bo‘lib, 400-500 dollar olayotgani har birimizni o‘ylantirishi kerak. Farzandlarimizga “o‘qi” desak, “yo‘q, men Rossiyaga borib ishlayman, o‘qiganlarni ko‘ryapman” degan gaplarini eshitib qolaman va bunday fikrga kelayotganlaridan afsusdaman.Mayli, Rossiyagami, boshqa davlatgami borib ishlashsin. Lekin jismoniy emas, aqliy mehnati bilan o‘rnini topsin. Qachongacha o‘zbek og‘ir mehnatda o‘tadi?!

Musofirlarga, biz kabi xorijda ishlab yurganlarga nisbatan har-xil gaplarni ham eshitaman. Qo‘llab-quvvatlaganlarga rahmat, boshimizdan o‘tganini his qilmay yomonlaydiganlarga ham Alloh insof bersin deyman. Menga eng ta’sir qiladigani, yurtimizda ayolining qo‘liga qarab qolgan, hatto bola pulini kutayotgan erkaklar ko‘payib borayotgani, ayrim ayollar ham mahalla, hokimiyatlar eshigi tagiga yotib olib, boqimandalikka o‘rganayotgani bo‘lyapti. Bilaman, ish topish qiyin. Lekin hech kim qo‘lingizdan yetaklab borib, katta daromadli ishga joylashtirib qo‘ymaydi. Eng oddiy, og‘iridan bo‘lsa ham boshlayvering, tavakkalingizga, harakatingizga yarasha Alloh beraveradi.

Yana ko‘pchilik mendan xorijga ketishni istab, yo‘l-yo‘riq so‘raydi. Ularga aytar gapim – zarurat bo‘lmasa musofirlikda yurishni orzu qilmang. Umringiz yaqinlaringizni sog‘inib yashashdan iborat bo‘ladi. Sog‘inch og‘ir dard ekanini unutmang!

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: