Xususiy biznes va kichik tadbirkorlik sub’yektlarining eksportdagi ulushi 29,5 foizga yetdi

Iqtisodiyot 19:26 / 17.02.2023 20461

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) mutaxassislari 2017-2022 yillarda O‘zbekistonda tadbirkorlik sohasida amalga oshirilgan muhim islohotlar va ularning natijasini o‘rgandi.

Respublikada 2017 yildan boshlab biznesni ro‘yxatga olish osonlashtirildi. Natijada ro‘yxatga olingan tadbirkorlik sub’yektlari soni 2017 yilda 229,6 mingtani tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yil so‘ngiga kelganda 555,9 mingtaga yetdi yoki 2017 yildagiga nisbatan 2,4 barobar ko‘paydi.

So‘nggi yillarda respublikada tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida muhim qadamlar qo‘yildi. Masalan, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasi 2017 yilda 5 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, 2022 yilga kelganda 1,5 foizgacha pasaytirildi. 2017 yilda soliq turlari 13 ta edi. Ular 9 tagacha kamaytirildi. 2017-2022 yillar oralig‘ida soliq tekshiruvi turlari 10 taga qisqardi va 13 tadan 3 tagacha kamaydi. 

Ma’lumot uchun, Soliq kodeksiga ko‘ra, soliq organlari quyidagi soliq tekshiruvlarini o‘tkazadi:

  • kameral soliq tekshiruvi;
  • sayyor soliq tekshiruvi;
  • soliq auditi.

Qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 2016 yilda 20 foizni tashkil etgan bo‘lsa, soliq tizimida olib borilgan islohotlar natijasida, 2023 yilning 1 yanvaridan QQS stavkasi 12 foizga tushirildi.

2022 yil yakunlariga ko‘ra, hududlarda faoliyat ko‘rsatayotgan kichik tadbirkorlik sub’yektlari soni 2017 yildagiga nisbatan Toshkent shahrida 2 barobar ortib, 106 mingtaga, Toshkent viloyatida 2,3 barobar ortib, 49,1 mingtaga, Samarqand viloyatida 2,9 barobar ortib, 47,9 mingtaga yetgan.

2019 yil 24 oktyabrdagi “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish davlat dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan loyihalarni kreditlash tartibini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarorida belgilangan vazifalarning hayotga tatbiq etilishi tufayli 2018-2022 yillar mobaynida oilaviy korxonalar soni 2 barobar oshdi. Natijada xususiy biznes va kichik tadbirkorlik sub’yektlarining eksportdagi ulushi 29,5 foizga yetdi.

Ko‘proq yangiliklar: