NKMK Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikni kuchaytiradi

Jamiyat 19:00 / 17.02.2023 22977

Safar davomida kombinatning yuqori malakali mutaxassislari Janubiy Koreyaning misni chuqur qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatli tovarlarni ishlab chiqarish hamda mashinasozlik va stanoksozlik kabi yo‘nalishlarda faoliyat yuritadigan “PNT INC.”, “KOMA TECH”, “SMART MACHINE Tool”, “HANKOOK Machine Tools” kompaniyalarida bo‘ldilar. Ta’kidlash kerakki, Janubiy Koreya elektronika, robototexnika, avtomobilsozlik, kemasozlik, og‘ir mashinasozlik va sanoatning boshqa yuqori texnologiyalarga asoslangan tarmoqlari keng miqyosda rivojlangan davlat hisoblanadi.

Janubiy Koreyaning zamonaviy ishlab chiqarish zanjirini to‘liq yo‘lga qo‘yish borasidagi tajribasini o‘rganish maqsadida kombinat mutaxassislari yuqori qo‘shilgan qiymatli tovarlarni ishlab chiqarishda keng qo‘llaniladigan, qalinligi 6-8 mikronlik mis folgasini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan texnologik uskunalarni ishlab chiqaradigan “PNT INC.” kompaniyasining Gumi shahrida joylashgan zavodida bo‘ldilar. U yerda kombinat mutaxassislari va mazkur kompaniya vakillari o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib borildi. Muzokaralar natijasida “NKMK” AJ negizida mis folgasini ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi. Mis folgasi bugungi kunda juda talab yuqori bo‘lgan mahsulot hisoblanadi. Bu mahsulot elektronika, avtomobilsozlik, stanoksozlik, asbobsozlik kabi sohalarda keng qo‘llaniladi. Bu esa o‘z navbatida jahon bozoriga yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarishni ta’minlaydi.

Kombinat mutaxassislari Janubiy Koreyaning mashinasozlik va stanoksozlik sohasidagi tajribasi bilan tanishish uchun “KOMA TECH”, “SMART MACHINE Tool”, “HANKOOK Machine Tools” kompaniyalarining Kimxe shahrida joylashgan zavodlarida ham bo‘ldilar. Tashrif davomida mazkur kompaniyalar uchun kerakli detal va ehtiyot qismlarni “NKMK” AJ Navoiy mashinasozlik zavodida ishlab chiqarish hamda yuqori texnologiyalarga asoslangan stanoklar ishlab chiqarishni kombinatda yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlik memorandumlari imzolandi. Bu esa o‘z navbatida mamlakatimizda yangi avlod stanoklarini ishlab chiqarishga imkoniyat yaratadi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati va Janubiy Koreyaning yetakchi sanoat kompaniyalari o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlar yaqin kelajakda Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib, xomashyoni qazib olishdan to yuqori qo‘shilgan qiymatli tovarlarni ishlab chiqarishgacha bo‘lgan zanjirni tashkil etish, mamlakatimiz yirik sanoat korxonalari va tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

“NKMK” AJ matbuot xizmati

Reklama

Ko‘proq yangiliklar: