Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari Turkiyada sodir bo‘lgan zilzila O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini baholadi.
Shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) mamlakatlari o‘rtasidagi tabiiy ofatlarni monitoring qilish va favqulodda choralar ko‘rish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlari tahlil qilindi.
Turkiyadagi zilzila oqibatlarining O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’siri tashqi savdo, investitsiyalar, mehnat migratsiyasi va yalpi ichki mahsulot kabi yo‘nalishlarda o‘rganilgan.
2022 yilda O‘zbekistonning Turkiyaga eksporti (1,5 mlrd dollar) asosan mis, paxta, rux va plastmassa kabi xomashyodan, importi (1,7 mlrd dollar) esa mashina va asbob-uskunalar, plastmassa, kimyoviy moddalar, pigmentlar va farmatsevtika mahsulotlaridan iborat bo‘lgan. Tahlil natijalariga ko‘ra, mamlakatlar o‘rtasidagi savdoda quyidagi o‘zgarishlar aniqlandi:
- zilziladan jabr ko‘rgan hududlarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli rekonstruksiya loyihalari O‘zbekistondan mis, rux, plastmassa, alyuminiy, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari importiga talabni yanada oshirishi mumkin;
- to‘qimachilik sanoati markazlaridan biri bo‘lgan Qahramonmarash zilziladan katta talafot ko‘rgani sababli mavjud vaziyat Turkiyaga ip-kalava eksportiga (2022 yilda – 523,3 mln dollar) salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin;
- Turkiyadan import qilinadigan rang beruvchi pigmentlar va gazlamalar yetishmasligi sababli mavjud vaziyat O‘zbekistonda to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishga salbiy ta’sir ko‘rsatishi ehtimoldan yiroq emas.
Turkiyadagi zilzila fonida davlat xarajatlari va inflatsiya keskin oshishi mehnat muhojirlari daromadiga ta’sir qilishi va bu mamlakatdan pul o‘tkazmalari oqimini kamaytirishi mumkin (2021 yilda – 230 mln dollar).
Turkiyada sodir bo‘lgan zilzilaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’sirini baholash The Thomson Reuters Trust Principles tomonidan taklif qilingan ssenariylarga asoslangan. Turkiya yalpi ichki mahsuloti o‘sishi qisqarishi O‘zbekistonda YaIM o‘sishining 0,03 foizdan 0,1 foizgacha pasayishiga olib kelishi mumkin.
2011 yilda Yaponiyada yuz bergan zilzila tabiiy ofatlar davrida "odamlar ofatga qarshi" konsepsiyasi birinchi o‘ringa chiqishiga yorqin misol bo‘ldi. Bunda talafotning og‘ir oqibatlarini bartaraf etish uchun odamlar birlashishga intiladi:
- Yaponiyaga 23 ta mamlakatdan qutqaruv guruhlari yuborilgan;
- 163 ta mamlakat va 43 ta xalqaro tashkilotdan yordam taklifi olingan;
- 17,5 milliard iyenadan ortiq xayriya ko‘magi yo‘naltirilgan.
TDT mamlakatlari tabiiy hodisalarni (zilzilalar) monitoring va tahlil qilish, shuningdek, ularga o‘z vaqtida javob berish uchun muhim ilmiy va amaliy salohiyatga ega:
- seysmik faollikni o‘rganish va oldini olish bo‘yicha milliy institutlarni faol rivojlantirmoqda;
- zilzilalar oqibatlariga qarshi kurashish va bartaraf etish bo‘yicha ikki tomonlama (6 ta bitim) va ko‘p tomonlama (9 ta bitim) formatda o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda.
Shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari hududida Tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish bo‘yicha Osiyo markazi va Favqulodda vaziyatlar va tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish markazi faoliyat yuritadi.
Tadqiqot natijasida TDT davlatlari tomonidan Turkiyaga yordam ko‘rsatish bo‘yicha takliflar tayyorlandi:
- Birinchi darajadagi tadbirlar: odamlarni qutqarish va ularga zarur birlamchi yordam ko‘rsatish.
- TDT mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning keyingi chora-tadbirlari: zilzila oqibatida vayron bo‘lgan hudud obektlari va iqtisodiyotini tiklash.
- Uzoq istiqboldagi harakatlar: tabiiy ofatlarga javob berish va ularning oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha muntazam o‘zaro hamkorlik.