Vazirlikning kutilmagan talabi: Kartadan kartaga pul o‘tkazish qimmatlashishi mumkin

Iqtisodiyot 10:11 / 15.02.2023 56838

10 fevralda qabul qilingan prezident farmoni bilan, 2023 yil 1 maydan boshlab to‘lov xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar jismoniy shaxslar o‘rtasida pul o‘tkazmalari amalga oshirilganda, ularga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun elektron hisobvaraq-fakturalar taqdim etish va rasmiylashtirishi majburiy bo‘lyapti.

Bu tartib pul o‘tkazish uchun komissiya “0” so‘m bo‘lgan taqdirda ham majburiy qo‘llanadi.

Bu shuni anglatadiki, elektron to‘lov tizimlari orqali pul o‘tkazmalari amalga oshirilganda, har bir operatsiya uchun hisobvaraq-faktura rasmiylashtirish kerak. Bu tartib P2P (“person to person” – shaxsdan shaxsga) amaliyotlari uchun qo‘llanadi. Ya’ni siz Click, Payme, Apelsin kabi to‘lov tizimlari yoki mobil bank xizmatlari orqali boshqa odamga pul o‘tkazib berganingizda shunday hisobvaraq-faktura shakllantiriladi.

Reaksiya

Yangilik e’lon qilinishi bilan u jamoatchilik faollari, bank-moliya va soliq sohasidagi mutaxassislar tomonidan jiddiy tanqid qilindi. Chunki agar u amaliyotga joriy qilinsa, kartadan kartaga pul o‘tkazishda yo‘q joydan ortiqcha xarajat paydo bo‘ladi.

Chunki har bir elektron hisobvaraq fakturani shakllantirish narxi 270 so‘mdan boshlanadi. Turgan gapki, to‘lov tizimlari va banklar bu xarajatni iste’molchilar zimmasiga yuklaydi. Natijada kartadan kartaga foizsiz pul o‘tkazish imkoniyati kamayishi mumkin.

Hisobvaraq-fakturalarni tadbirkorlik sub’yektlari, ya’ni elektron hujjat almashish operatorlari tuzib beradi. O‘zbekistonda hozirda bunday operatorlar soni 24 ta. Ulardan eng mashhurlari – Didox, E-faktura va Davlat soliq qo‘mitasining “Soliq servis” platformalaridir.

Iqtisodchi Shuhrat Qurbonovning yozishicha, bu banklar va to‘lov tashkilotlarining kartadan kartaga o‘tkazmalar bo‘yicha xarajatlarini oshirishi mumkin.

Moliyachi Otabek Bakirovning fikricha, bu band tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratmaydi, qaytaga qiyinlashtiradi va qimmatlashtiradi.

“Bitta faktura eng arzonida 300 so‘m va yil davomida milliardlab tranzaksiyalar o‘tishi inobatga olinsa, bu bir necha yuz milliard so‘m qo‘shimcha xarajat degani. Tabiiyki, bu xarajat yakunda iqtisodiyot va iste’molchilarga yuklanadi”, deydi u.

Kun.uz bilan suhbatda soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonovning aytishicha, bu to‘lov tizimlarini to‘lov tizimi xususiyatini yo‘qotishga olib keladi va oddiy komissionerga aylantirib qo‘yadi.

Vazirlik narxni 1 so‘mga tushirishga va’da berdi

Bu yangilikni Iqtisodiyot va moliya vazirligi joriy qildi. Bu vazirlikni hozir Sherzod Qudbiyev boshqaryapti. U Soliq qo‘mitasi raisi bo‘lgan paytda ham fuqarolarning kartadan kartaga pul o‘tkazmalaridan xabardor bo‘lib turishni xohlagan, lekin bu tashabbus Markaziy bank va faollar qarshiligiga uchrab, amalga oshmay qolgandi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi tanqidlarga javoban operatorlar uchun xizmat narxini 1 so‘mga tushirishga va’da berdi. Lekin jismoniy shaxslarga elektron hisobvaraq-faktura o‘zi nega kerakligiga izoh berilgani yo‘q.

Adliya vazirligining ma’lum qilishicha, hisob-fakturalar haqidagi band prezident farmonining ekspertizadan o‘tgan loyihasida bo‘lmagan. Ya’ni bunaqa kutilmagan talab hujjatga huquqiy ekspertizadan keyin qo‘shib yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil 1 yanvardan QQS to‘lovchilar uchun asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar va tovar-moddiy resurslarni hisobga olish bilan bog‘liq barcha operatsiyalarni Soliq qo‘mitasining E-aktiv tizimida aks ettirish majburiy qilib qo‘yilgan edi. Qo‘mita Savdo-sanoat palatasining qarshiligiga qaramay bu tartibni joriy qilgandi. Tadbirkorlar va buxgalterlarning e’tirozlaridan keyin, operatsiyalarni E-Aktiv'da aks ettirish 2023 yil 1 martgacha ixtiyoriy deb belgilangandi.

Madina Ochilova tayyorladi.
Tasvirchi – Ziyoddin Mammatjonov.

Ko‘proq yangiliklar: