O‘zi nima gap?
10 fevralda qabul qilingan prezident farmoni bilan, 2023 yil 1 maydan boshlab to‘lov xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar jismoniy shaxslar o‘rtasida pul o‘tkazmalari amalga oshirilganda, ularga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun elektron hisobvaraq-fakturalar taqdim etish va rasmiylashtirishi majburiy bo‘lyapti.
Bu tartib pul o‘tkazish uchun komissiya “0” so‘m bo‘lgan taqdirda ham majburiy qo‘llanadi.
Bu shuni anglatadiki, elektron to‘lov tizimlari orqali pul o‘tkazmalari amalga oshirilganda, har bir operatsiya uchun hisobvaraq-faktura rasmiylashtirish kerak. Bu tartib P2P (“person to person” – shaxsdan shaxsga) amaliyotlari uchun qo‘llanadi. Ya’ni siz Click, Payme, Apelsin kabi to‘lov tizimlari yoki mobil bank xizmatlari orqali boshqa odamga pul o‘tkazib berganingizda shunday hisobvaraq-faktura shakllantiriladi.
Bunday fakturalarni tadbirkorlik sub’yektlari, ya’ni elektron hujjat almashish operatorlari tuzib beradi. O‘zbekistonda hozirda bu xizmatni ko‘rsatuvchi operatorlar – Didox, E-faktura va Davlat soliq qo‘mitasining “Soliq servis” kabi platformalaridir. 2023 yil 10 fevral holatiga, 24 ta operator xizmat ko‘rsatmoqda.
Kun.uz Soliq qo‘mitasi matbuot xizmatidan olgan ma’lumotga ko‘ra, bitta EHFni rasmiylashtirish xizmati narxi hozirda 270 so‘mdan boshlanadi. Xizmat haqini tadbirkorlik sub’yektlari, ya’ni elektron hujjat almashish operatorlari o‘zlari belgilaydi.
Muammo nimada?
Bu yangilik ma’lum bo‘lgach, bank-moliya va soliq sohasidagi mutaxassislar keskin e’tiroz bildirdi.
Iqtisodchi Shuhrat Qurbonovning yozishicha, bu banklar va to‘lov tashkilotlarining kartadan kartaga o‘tkazmalar bo‘yicha xarajatlarini oshirishi mumkin.
U elektron hisob-fakturalarni shakllantirishning eng arzon tarifi har bir EHF uchun taxminan 260-300 so‘m ekanini ta’kidlab, bundan elektron hujjat aylanishi operatorlari mamnun bo‘lishini ta’kidlagan.
Iqtisodchi Otabek Bakirovning yozishicha, bu band tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratmaydi, qaytanga qiyinlashtiradi va qimmatlashtiradi.
“Bitta faktura eng arzonida 300 so‘m va yil davomida milliardlab tranzaksiyalar o‘tishi inobatga olinsa, bu bir necha yuz milliard so‘m qo‘shimcha xarajat degani. Tabiiyki, bu xarajat yakunda iqtisodiyotga va iste’molchilarga yuklanadi”, deydi u.
“Xizmat narxi pasayadi” — vazirlik
Iqtisodiyot va moliya vazirligi holat yuzasidan bayonot berdi. Vazirlik ko‘rsatiladigan xizmatlar qiymatini keskin pasaytirishga va’da berdi.
“Elektron hisobvaraq-fakturalar operatorlari ko‘rsatiladigan xizmatlar narxini mustaqil ravishda belgilasalar-da, Soliq qo‘mitasi bo‘linmasi tomonidan ko‘rsatiladigan xizmat qiymati pasaytirilishi operatorlarga xizmat qiymatini ham pasaytirishga imkon beradi.
Soliq qo‘mitasi tomonidan jismoniy shaxslar o‘rtasida pul o‘tkazmalarini amalga oshiruvchi tashkilotlar uchun elektron hisobvaraq-fakturalarni jo‘natishda ushbu operatsiyalar bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmat narxini 1 so‘m deb belgilash bo‘yicha kompleks xizmatlarni taqdim qilishga qaratilgan tadbirlar amalga kiritilishi ustida ish olib borilmoqda”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, xizmatning qiymati operatorlar ko‘rsatadigan servisga qarab farqlanadi va o‘rtacha bitta hisob-faktura uchun 270 so‘mdan 450 so‘mgachani tashkil etadi.
“Vazirlik maqsadini ochiq aytsa bo‘lmaydimi?”
Iqtisodchi Otabek Bakirov vazirlikning bayonotidan keyin bir qator savollarni ilgari surdi. Uning fikricha, vazirlik ma’muriy yo‘l bilan narxni 1 so‘mgacha tushirishni noto‘g‘ri qarorni oqlashning chorasi deb ko‘rmoqda.
Bakirov operatorlar ko‘radigan zarar va bu zararlar boshqa tariflar oshishiga olib kelishi mumkinligini bildirdi. U chek bilan tasdiqlanadigan bitimlarda jismoniy shaxslarga elektron hisobvaraq-fakturalar nima uchun kerak degan savolni ham o‘rtaga tashlamoqda.
“Iqtisodiyot va moliya vazirligining P2P operatsiyalari uchun elektron hisobvaraq-fakturalarga majburlash, Soliq qo‘mitasining 3 yildan beri urinib kelayotgan, lekin jamoatchilik va hukumatning boshqa mustaqil tuzilmalari va Markaziy bank qarshiligi tufayli amalga oshmagan orzusiga yetkazadi.
Soddaroq tilda aytganda, Soliq qo‘mitasi, uzr, Iqtisodiyot va moliya vazirligi P2P pul o‘tkazmalari bo‘yicha barcha axborotlarni qo‘lga kiritmoqchi va nazorat qilmoqchi”, deb yozdi iqtisodchi.
Soliq qo‘mitasi identifikatsiyadan o‘tmagan foydalanuvchilarning ma’lumotlarini qayerdan oladi?
Vazirlik bergan bayonotda, asosan, narxni tushirishga urg‘u berilayotgan bo‘lsa-da, bu mexanizm ishlashi va bu nimaga kerak degan savollarga aniq javob yo‘q.
Bayonotda bu – “soliq islohotlari doirasida tadbirkorlik sub’yektlariga teng raqobat sharoitini yaratish va iste’molchilar huquqlarini yanada kafolatlashga qaratilgan tadbirlar davomi” ekaniga urg‘u berilgan.
Bundan tashqari, to‘lov tizimlari EHF shakllantirish uchun identifikatsiyadan o‘tmagan foydalanuvchilarning JShShIRini qayerdan oladi degan savol ham tug‘iladi.
Soliq qo‘mitasi matbuot kotibi Dildora Hoshimova bu borada Kun.uz'ga izoh beradi.
“EHF rasmiylashtirishda hozirda ham deyarli barcha ma’lumotlar elektron ravishda ma’lumotlar bazasi orqali shakllanadi, aynan shu tranzaksiyalarda esa ma’lum qilinganidek soddalashtirilgan tartib ishlab chiqiladi va unda rasmiylashtirish bo‘yicha ma’lumotlar aniq belgilanadi”, dedi u.
Ekspertizadan o‘tmagan
Farmon mohiyatiga mos kelmagan band hujjatga qanday qo‘shilib qolgani haqida ham savollar tug‘ildi. Chunki farmon tadbirkorlik sub’yektlarini toifalarga ajratish mezonlari hamda soliq siyosati va soliq ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirish chora-tadbirlariga oid edi.
Adliya vazirligining bildirishicha, farmon loyihasi vazirlikka ekspertizadan o‘tkazish uchun kiritilganda, farmonning 7-bandi 4-xatboshisida nazarda tutilgan talablar (P2P o‘tkazmalar uchun EHF rasmiylashtirish) mavjud bo‘lmagan.
Bu band farmon ekspertizadan o‘tkazilganidan keyin qo‘shib qo‘yilgani haqida taxminlar yuzaga kelmoqda.
Ta’kidlash lozim, 2021 yildagi prezident farmoniga asosan, tadbirkorlik faoliyatiga ta’sir ko‘rsatuvchi barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari tartibga solish ta’sirini baholashdan o‘tkazilishi belgilangan edi.
EHFlarga oid yangi talab, shuningdek, jamoatchilik muhokamasiga ham qo‘yilgani yo‘q.
Holatga Markaziy bank hozircha munosabat bildirmadi.