Fanning ajoyibotlari tufayli yaqin orada shaharlararo sayohatlarga ketadigan vaqt 75 foizga qisqarishi mumkin. Bu — vertikal uchish va qo‘nish samolyotlari («VTOL» — inglizcha qisqartmasi) orqali reallikka aylanishi mumkin. Ular vertolyotlarga o‘xshab ketadi, biroq qanotlari vertolyotnikidan boshqacha. Yana VTOLʼlar uchishi va qo‘nishi uchun maxsus yo‘laklar shart emas. O‘z nomi bilan ular qo‘nish maydonchalarisiz vertikaliga ucha oladi va qo‘nadi.
VTOLʼlar tirband shaharlarda yo‘lovchilarni turli manzillarga tashishi, «Tez yordam» mashinasi yoki yetkazib berish xizmati uchun transport vazifasini bajarishi mumkin.
Uchar mashinalar — VTOLʼlardan foydalanish boshqa transportlarga qaraganda arzonroq tushadi. Qolaversa, bu transport vositasi tabiatga zarari nisbatan kamroq ham. Sababi uning harakatlanishi uchun elektr batareyalardan yoki vodorod kabi toza yoqilg‘ilardan foydalaniladi.
VTOLʼlar qanday harakatlanadi?
VTOLʼlardan har qanday hududda foydalanish mumkin, lekin alohida yo‘lak talab qilinmasligi sababli ular, ayniqsa, shahar hududlariga mos keladi. AQShning Aurelia Aerospace kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, VTOLʼlarning qanotlari vertolyotlarnikidan boshqacharoq ekani sababli ular uzoqroq va balandroq ucha oladi. Masalan, kompaniyaning Aurelia Q1 modelidagi «uchar mashina» 2,5 soatgacha va 20 km balandlikkacha ucha oladi.
Yevropa Ittifoqi Aviatsiya xavfsizlik agentligi ma’lumotiga ko‘ra, yuk tashishga mo‘ljallangan VTOLʼlar uchuvchisiz harakatlanishi ehtimoli ko‘p. Biroq odam tashiydiganlarini uchuvchilar boshqarishi kutilmoqda. Lekin texnologiyalar taraqqiy etavergani sayin yo‘lovchi tashishga ixtisoslashgan VTOLʼlar ham uchuvchisiz harakatlanishi ham hech gap emas. Ular avtomatlashtirilgan tarzda boshqariladi.
AQShning Boeing kompaniyasi shahar havo transportiga oid yo‘l xaritasini e’lon qilgan. Kompaniyaga ko‘ra, VTOLʼlarning yuk hajmi ko‘payib ketmasligi uchun ular uchuvchisiz harakatlangani ma’qulroq.
Boeing vitse-prezidenti Brayan Yuktoning ta’kidlashicha, kompaniya aerofazoning xavfsiz, barqaror va keng miqyosli bo‘lishi ustida ishlamoqda. Shuning uchun mavjud havo transporti standartlaridan ham yuqoriroq natijalarga erishilishi kerak. VTOLʼlar asosiy uchish qoidalari asosida harakatlanadi, ular avtomatlashtirilgan bortlar va yerdagi maxsus tizimlar yordamida harakatlantiriladi.
Yangi avlod VTOLʼlari uchun poyezd, avtobus va aeroport kabi an’anaviy transport vositalari bilan bog‘lanish imkonini beruvchi maxsus trancport markazlari kerak bo‘ladi. Bunday markazlar «vertiport»lar deb ataladi.
Qachondan uchar mashinalarda manzilga yetib olish mumkin bo‘ladi?
Dunyoda birinchi vertiport sifatida atalayotgan loyiha Buyuk Britaniyaning Koventri shahrida 2022 yilning yozida sinovdan o‘tkazildi. Loyiha shahar konsulligi va Urban-Air Port kompaniyasi hamkorligida amalga oshirilgan.
Kompaniyaga ko‘ra, infrastruktura sharoitlari yetarli emasligi elektrda harakatlanadigan VTOLʼlar uchun asosiy muammo bo‘lmoqda. Kompaniya London, Los-Anjyeles kabi shaharlar, Avstraliya, Janubiy Koreya, Fransiya, Germaniya, Skandinaviya va Janubi-sharqiy Osiyo davlatlarida ham VTOLʼlar harakatini yo‘lga qo‘yishni reja qilgan.
Shu yo‘nalishda ishlovchi yana bir kompaniya — Ispaniyaning Ferrovial firmasi esa Londonda 25 ta, AQShning Florida shtatida 10 ta vertiport qurishni reja qilyapti.
Tadqiqotchilarning o‘rganishlariga ko‘ra, tezkor havo qatnovi bozori 2027 yilga borib 7,6 mlrd dollarlik qiymatga ega bo‘lishi mumkin. Bunda AQSh, Xitoy, Yaponiya, Kanada, Yevropa bu bozorning yetakchilari bo‘ladi. Shuningdek, yangi sektorda 90 ming ish o‘rni bo‘lishi kutilyapti.