Turkiyadagi navbatdagi zilzila yanada dahshatli bo‘lishi mumkin. Bu holda Istanbul jiddiy zarar ko‘radi

Jahon 15:45 / 10.02.2023 89178

Istanbuldagi zilzila muqarrar, olimlarning bunga ishonchi komil. Minglab insonlar halok bo‘lishi, millionlab kishilar esa uysiz qolishi mumkin

«Bu muqarrar, fakt», — degan edi Istanbul texnika universiteti qoshidagi Yevrosiyo geofanlar instituti direktori bo‘lgan professor Okan Tuysuz 2006 yilda Britaniyaning The Guardian gazetasiga bergan maqolasida.

«Biz magnituda kuchini bilamiz. Biz zilzila yuz berishi mumkin bo‘lgan joyni ham bilamiz. Biz faqat bu qachon sodir bo‘lishini bilmaymiz. Ammo 2030 yilga qadar Istanbulda 7,6 magnitudali zilzila sodir bo‘lishi ehtimoli 65 foiz. Bu esa juda yuqori ehtimollik», deya Istanbuldagi zilzila haqida gapirgan Tuysuz.

So‘nggi o‘n besh yil ichida olimlar ushbu xavotirli taxminni tasdiqlovchi yana ko‘plab hisob-kitoblarni chop etdi (yuz berishi ehtimolligi 35 foizdan 95 foizgacha, muddat 2045 yilgacha, magnituda 7 balldan yuqori).

Zilzilaning ko‘lami nafaqat turk tadqiqotchilari, balki AQSh Geologiya xizmati mutaxassislari, Italiya, Fransiya, Yaponiya va hatto xalqaro sug‘urta kompaniyalari tomonidan ham prognoz qilingan.

Hamma gap shaharning geografik joylashuvida. Istanbul Anadolu va Yevrosiyo tektonik platolari tutashgan nuqtada, Marmar dengizi ostidan o‘tuvchi Shimoliy Anadolu yorig‘idan 15-20 kilometr janubda joylashgan. Aynan mana shu omil seysmik xavfni keltirib chiqaradi. Platolarning yoriq bo‘ylab harakatlanishi ko‘p asrlar davomida katta zilzilalarga olib kelgan.

500 yildan sal ko‘proq vaqt ichida Istanbulda yirik tabiiy ofatlar 6-7 marta sodir bo‘ldi. Ularning eng halokatlilaridan biri 1766 yilda, shahar yaqinidagi yoriq shoxchasi harakatlanganda yuz berdi (olimlar hozir ham aynan mana shu ssenariy qaytarilishidan xavfsiramoqda).

Istanbulga eng yaqin bo‘lgan oxirgi kuchli zilzila 1999 yilda ro‘y bergan. O‘shanda falokat epimarkazi 90 kilometr sharqdagi Izmit shahrida joylashgandi. Ushbu zilzila sabab 17 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan. Bu 1939 yildan beri Turkiya bo‘ylab sharqdan g‘arbga, Shimoliy Anadolu yorig‘i bo‘ylab «harakatlanayotgan» 7,0 magnitudali zilzilalar qatoridagi yettinchisi bo‘lgandi. Kuchli silkinishlar nuqtasi borgan sari Istanbulga yaqinlashmoqda.

Bashorat qilingan zilzila hatto shaharning o‘zida sodir bo‘lishi va oqibatlari avvalgilariga qaraganda ancha kattaroq bo‘lishi mumkin. Istanbul meriyasi tomonidan 2020 yilda seysmologlar ko‘magida tayyorlangan hisobotdan ma’lum bo‘lishicha, 7,5 magnitudali zilziladan shaharning barcha 39 ta tumani turli darajada zarar ko‘radi. Vayrongarchilikning nisbatan kattaroq xavfi megapolisning Yevropa qismida, Marmara dengizi qirg‘og‘ida kuzatiladi. Masalan, Ovchilar tumanida mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, qurbonlar soni 465 nafarga yetishi, jarohatlanganlar soni esa 1500 dan oshishi mumkin. Tumanning 104 ming aholisi esa uylaridan ajraladi. Zaytunburni tumanida esa 668 kishi halok bo‘lishi, 5330 dan ortiq bino qulashi mumkin.

Ko‘plab muhim tarixiy binolar (masalan, Ayo Sofiya va Moviy masjid) joylashgan shaharning eng qadimiy tumanlaridan biri bo‘lmish Fotih tumanida zilzila yanada jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Binolarning 72 foizi qulashi, bir yarim ming kishi halok bo‘lishi xavfi mavjud.

Professor Tuysuz aytgan eng yomon ssenariyga ko‘ra, Istanbul hududining 40 foizi falokat zonasida bo‘ladi va shaharga yopiriladigan sunami balandligi yetti metrga yetadi.

Istanbul meriyasining 2021 yilda taqdim etilgan yana bir hisobotida qayd etilishicha, 7,5 magnitudali zilzila natijasida shaharning taxminan 209 000 ta binosi to‘liq yoki qisman vayron bo‘lishi mumkin (shaharda umumiy 1,16 millionta inshoot bor). Bu uch millionga yaqin kishi uysiz qolishiga olib keladi. Ekspertlar aytishicha, asosiy xavf kutilayotgan hududlardagi ko‘p qavatli uylar 2000 yilgacha qurilgan va bu binolar qurilishida olimlar hozir taxmin qilayotgan xavflar hisobga olinmagan. Istanbulda o‘n minglab shunday binolar mavjud.

Rasmiylar tabiiy ofat sabab ko‘riladigan iqtisodiy zararni 17 milliard dollarga baholagan.

O‘shanda shahar meriyasi shahar uchun yerosti suvlari paydo bo‘lishi xaritasi ishlab chiqilgani va mutaxassislar ushbu suvni jabrlanuvchilarning vaqtinchalik yashash joylariga (bu yerda qutqaruv uskunalari va gumanitar yordam yig‘iladi, shuningdek, uyidan ayrilganlar uchun palatkalar beriladi) olib kelish yo‘lini izlayotganini ta’kidlagandi.

Rasmiylar fikriga ko‘ra, bu falokatga qarshi turishga yordam beradigan yagona profilaktik chora emas. Masalan, Istanbulda favqulodda vaziyat yuz berishi bo‘yicha muntazam ravishda keng ko‘lamli mashg‘ulotlar o‘tkaziladi: fuqarolarning telefonlariga zilzila haqida ogohlantirishlar yuboriladi, xabar telekanallar va radiostansiyalar, masjidlar va munitsipalitetlarning ovoz kuchaytirgichlari orqali e’lon qilinadi.

O‘tgan yili shaharning eng seysmik faol hududlaridan biri bo‘lgan Buyukchekmece tumaniga sunami haqida erta ogohlantirish beruvchi tizim o‘rnatildi. Bu tizim sunami yopirilishidan 5-7 daqiqa oldinroq zarba haqida ogohlantirish imkoniyatiga ega. Istanbuldagi eski binolarni rekonstruksiya qilish va yangi mustahkam binolarni loyihalash Jahon banki tomonidan ham o‘n yildan ko‘proq vaqtdan beri qo‘llab-quvvatlab kelinadi. Bank hozirgacha bu dastur uchun 550 mln dollar sarflagan.

So‘nggi yillarda Istanbulda tartibsiz qurilishlar faol ravishda amalga oshirilmoqda. Hokimiyat bir necha o‘n yildan beri ehtimoliy falokatga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha o‘z rejalarini bajargani yo‘q

Ammo mutasaddilarning xatti-harakatlari bo‘yicha mutaxassislarda baribir ko‘plab noroziliklar bor. Seysmolog, Turkiya Geofizika muhandislari palatasi a’zosi Haluk Eyido‘g‘anning Reuters nashriga aytishicha, shahar hokimiyatining bayonotlariga qaramay, kamida so‘nggi o‘n besh yil ichida yangi migrantlarni joylashtirish uchun shaharda tartibsiz qurilishlar olib borilmoqda.

Yuqori xavf, xususan, developerlar ta’mirlash davomida qo‘shimcha qavatlarni qo‘shgan eski binolarda yaratilgan. Yangi qavatlar eski binolar yukini oshirdi va ularni seysmologik standartlarga javob bermaydigan qilib qo‘ydi. Birgina 2019 yilda e’lon qilingan «qurilish amnistiyasi» doirasida shahar hokimiyatiga qariyb yetti yarim million noqonuniy bino qurilishi bo‘yicha arizalar kelib tushgan.

Shuningdek, Istanbulning 2003 yilda ishlab chiqilgan zilzila oqibatlariga qarshi kurashish bo‘yicha bosh rejasi oxirgi marta 2018 yilda yangilangandi. Zilzila xavfini boshqarish shahar departamenti rahbari To‘fon Qahramon 2020 yilda shu vaqtgacha birorta ham bino bosh reja talablari bo‘yicha qayta qurilmaganini tan oldi, lekin kelajakda 790 mingta inshoot xavfni baholash tizimidan o‘tkazilishiga va’da berdi.

«Ba’zi binolar uchun yechim ushlab turuvchi tuzilmalarni mustahkamlash bo‘lishi mumkin, boshqalari uchun esa to‘liq rekonstruksiya», degan To‘fon.

Bosfor universiteti professori Do‘g‘an Kalafatning so‘zlariga ko‘ra, bu juda kechikkan reaksiya. Olim rasmiylarni 2020 yilgacha to‘plangan ma’lumotlar asosida butun uy-joy fondini kompleks baholash tugaguniga qadar eng ishonchsiz binolarni rekonstruksiya qilishni boshlashga chaqirdi.

Haluk Eyido‘g‘an, rasmiylarning Zaytunburni tumanidagi sust harakatini misol qilib keltiradi. Tuman Shimoliy Anadolu yorig‘ining xavfli qismiga yaqin joyda joylashgan. Hatto 2000-yillar boshidagi bosh rejada ham binolar sifati nihoyatda pastligi, ularni kompleks rekonstruksiya qilish zarurligi, hududda jabrlanganlar uchun boshpana tarmog‘ini yaratish lozimligi aytilgan.

Ammo yigirma yil davomida Istanbul meriyasi zilzilaga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha faol ish boshlamagan.

«Bosh reja javonda qoldi, unga hech kim tegmadi», deydi ekspert.

«Qolaversa, oxirgi yillarda tumanda badavlat xaridorlar uchun yangi ko‘p qavatli uylar qurildi. Kambag‘al mahalliy aholi esa xavfsiz bo‘lmagan uylarda yashashda davom etmoqda», deya izoh beradi Eyido‘g‘an.

Professor Okan Tuysuz The Guardian gazetasiga bergan intervyusida ijtimoiy tengsizlik nimaga olib kelishini tushuntirgan:

«Istanbulning Yevropa qismi (zilzilaga kamroq chidamli) yumshoq tosh ustiga qurilgan, shimoliy va Osiyo qismlari esa qattiq eski tosh ustiga bino qilingan. Mana nima uchun badavlat aholi Bosforda (shimolda) villalar qurishni afzal ko‘radi».

Yana bir xavf shundaki, Istanbulning hamma aholisi ham yaqinlashib kelayotgan falokat g‘oyasiga ko‘nikishga tayyor emas. «Ko‘pchilik bunday kelajakka fatalistlar kabi yondashadi: agar taqdirda shunday yozilgan bo‘lsa bu shunday bo‘ladi. Odamlar haqiqatni shunchaki e’tiborsiz qoldirib, qo‘rquvini shu tarzda bostirishga harakat qiladi», deydi uch yil Izmit zilzilasidan jabrlanganlarga maslahat bergan psixolog Ibrohim Eke.

Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, Istanbulda falokatga qarshi profilaktika choralarini ko‘rayotgan faol aholi ham bor. Ular barcha ehtiyot choralarini ko‘radi va hatto binolardan favqulodda chiqish yo‘llarini to‘sib qo‘yuvchi mashinalarni qidirib ko‘chalarda patrullik qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: