“Tolibon”ni O‘zbekiston uchun fojiali kanalni qurishdan to‘xtatib bo‘ladimi? - ekspertlar bilan suhbat

O‘zbekiston 19:58 / 10.02.2023 61667

Shusiz ham suv taqchilligi, qurg‘oqchilik va cho‘llanish kabi muammolar bilan kurashayotgan O‘zbekiston oldida yana bir jiddiy muammo paydo bo‘lgan.

2022 yil 31 mart kuni “Tolibon” hukumati mamlakat shimolidagi yirik kanal qurilishi loyihasi taqdimotini o‘tkazgan edi. Unga ko‘ra, Balx viloyati hududida Amudaryodan boshlanadigan Qo‘shtepa kanali qurilmoqda.

Bu kanal qurib bitkazilganda suv kam yillarda suvi 34 kub kilometrgacha pasayib ketadigan Amudaryoning deyarli 10 kub kilometr, ya’ni uchdan bir qism suvi Afg‘onistonning ichkari hududlariga oqib ketadi. Bu esa Xorazm, Buxoro, Surxondaryo va Navoiy viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun jiddiy oqibatlar yaratishi mumkin.

Kun.uz muxbiri O‘zbekiston davlatchiligi oldida turgan ushbu yirik muammo va umuman Afg‘onistondagi vaziyat, u yerdagi muvaqqat hukumatning O‘zbekiston hukumati bilan aloqalarida paydo bo‘lgan chigalliklar haqida qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor Usmon Norqulov, siyosatshunoslar Kamoliddin Rabbimov va Suhrob Bo‘ronov bilan suhbatlashdi.

— Usmon aka, Afg‘oniston shimolida qurilayotgan Qo‘shtepa kanali. Meliorator olim sifatida siz bu loyihadan qanchalik xabardorsiz, bu qanday loyiha va u qurib bitkazilsa, nima bo‘ladi?

Usmon Norqulov:

— Afg‘onistondagi uzoq yillik urushlar sabab suv tizimida, qishloq xo‘jaligida keskin o‘zgarishlar bo‘lib ketgan. O‘tgan asrning 70-yillarida Afg‘oniston 3,5 mln gektar yerni sug‘orib dehqonchilik qilgan. Keyingi yillardagi notinchlik sabab 1,5 mln gektar yer qishloq xo‘jaligidan chiqib ketgan. Faqat yer emas, sug‘orish tarmoqlari ham yaroqsiz holga kelib qolgan. Hozirgi qazilayotgan kanal rostdan ham juda katta.

Suvning bosh qismini qayerdan olishadi, degan muhim savol bor bu yerda. Hozirgi berilayotgan ma’lumotlarga ko‘ra, Amudaryoning boshlanish qismidan olishadi. Kanal Afg‘onistonning tekislikdan iborat hududidan o‘tadi. Ayni kanal o‘tadigan janubi-sharqiy qismida katta tekislik bor. Bu tekislikning katta qismi Qoraqum cho‘li hududiga to‘g‘ri keladi. Kanal esa qumli hududdan o‘tadi va kanalning foydali ish koeffitsiyenti past bo‘ladi. Turkmanistonning Qoraqum kanali ham xuddi shunday toifadagi kanal.

O‘ylaymanki, agar tuproq uzanidan ketadigan bo‘lsa, katta miqdorda suv yo‘qotishlari bo‘ladi. Atrof ekologiyasiga, tuproqning tarkibiga, sho‘rlanish sikliga juda katta ta’sir o‘tkazadi. Dalaga 50 foiz suv yetib boradi, deylik, lekin o‘sha yerdayam yana muammolar bor. Chunki dala hali bu suvni qabul qilishga tayyor emas. Eng yomon tomoni shundaki, u yerda sug‘orish tarmoqlari, taqsimlash-o‘lchash inshootlari bo‘lishi kerak. O‘sha hududdagi dehqonlarning tayyorgarligi qanday, nima yetishtirmoqchi, qancha suv talab qilyapti, degan masalalar turibdi.

Bizga qanday ta’siri bo‘lishi mumkin? Shu paytgacha Afg‘oniston Amudaryo havzasidan 7 km³ suv olardi. Endi esa 17 km³ olishi mo‘ljallanyapti. Bu bizda 10-15 foiz pasayish degani. Daryoning quyi qismidagilarga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatadi.

Tojikistonga sezilmasligi mumkin, lekin asosiy suvning kamayishi O‘zbekiston va Turkmaniston hududiga to‘g‘ri keladi. Eng yomoni, daryoning quyi qismida bo‘lgan Qoraqalpog‘iston va Xorazmga jiddiy ta’sir o‘tkazadi.

Iqlim o‘zgarishi, umumiy qurg‘oqchilik sababli bizda suv resurslari kamayib boryapti shundoq ham. Iqlim o‘zgarishi tufayli 15 foiz suvni yo‘qotyapmiz, bundan ham kamida 10 foiz yo‘qotsak, 25 foiz suv yo‘q degani. Bu esa juda ko‘p inqirozlarni keltirib chiqaradi. Suv omborlarini to‘ldirishimiz qiyin bo‘lib qoladi. Qo‘shimcha inshootlar qurishimizga to‘g‘ri keladi. Butun tizim buziladi, desa ham bo‘ladi. Biz har doim suv yetishmovchiligiga tayyor turishimiz kerak.

— BMTning transchegaraviy daryolar suvidan foydalanish bo‘yicha konvensiyasi bor. Siz aytdingiz bu kanal qurilsa, bu biz uchun katta fojia keltirib chiqaradi. Ammo toliblar hudud bizniki, suv bizdan o‘tadi, demak, kanalni qurishga ham haqlimiz deyapti.

Usmon Norqulov:

— Markaziy Osiyo davlatlarining barchasi transchegaraviy daryolardan suv oladi. Davlatlar o‘zaro kelishishi shart. Afg‘oniston konvensiya a’zosi emas. Davlatlar tabiiy ta’minotdan kelib chiqib, bor suvni bo‘lib olishi kerak. Ma’lum miqdordagi suvni olaman, deb turib olmaslik lozim. Tabiiy ta’minotdan kelib chiqib bo‘lishda aholi soni, suvga bo‘lgan talablar hisobga olinishi kerak. Hisob-kitoblar aniq bo‘lgach, mamlakatlar kelishib, o‘zaro taqsimlashi darkor.

Yana bir narsani hisobga olishimiz kerak. Markaziy Osiyoda suv tanqisligi bo‘laveradi, bu tugamaydi. Shunday ekan, masalan, biz suv tejovchi texnologiyalarga o‘tyapmizmi, boshqalar ham shunday qilishi kerak. Har qanday suv tejovchi yechimlarni mamlakatlar birgalikda amalga oshirishi lozim. Va natijada mavjud suvlar hammamizga yetarli bo‘ladi.

— Kamoliddin aka, Suhrob aka, oxirgi vaqtlarda Tolibon muvaqqat hukumati va O‘zbekiston hukumati orasida suv masalasidan tashqari ham qandaydir sovuqchiliklar bordek. Masalan, 1 fevraldan boshlab Afg‘oniston O‘zbekistondan temiryo‘l qatnovini to‘xtatib qo‘ydi.

“O‘zbekiston temiryo‘llari” bunga ikki davlat o‘rtasida tuzilgan shartnoma o‘z vaqtida bajarilmagani sabab bo‘lganini ma’lum qildi. Bu munosabatlardan siyosatshunos sifatida sizlar qanchalik xabardorsizlar, muammo nimada o‘zi?

Kamoliddin Rabbimov:

— Bu yerda bir qancha muammolardan iborat bo‘lgan zanjir mavjud. Muammo deganda, hali yechimi topilmagan muammolar. O‘zbekistonning geosiyosiy jihatdan yangi Afg‘oniston ma’muriyatiga qarashi – Afg‘onistonda tinchlik bo‘lishi kerak. Shuning uchun ham 2018 yilda “Tolibon” hukumatga kelmasidan burun diplomatik aloqalarni boshlagan edi. Keyingi 40 yil ichida birinchi marta bitta siyosiy kuch butun hududni nazorat qilyapti Afg‘onistonda. Qaytadan fuqarolar urushi boshlanmasligi uchun Afg‘onistonni tinchlantirish O‘zbekistonning strategik manfaatlariga to‘g‘ri keladi.

Lekin Afg‘onistonning demografik o‘sishi juda katta (bugungi kunda 38 mln aholisi bor). Shimoliy uchta viloyatga suv olib, qishloq xo‘jaligini rivojlantirmoqchi va bu orqali o‘zining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlamoqchi. Natijada ijtimoiy barqarorlikni ta’minlamoqchi. Afg‘onistonga foydasi bor, lekin biz uchun oqibati salbiy. Turkmanistondan o‘tish paytida katta suv olinadi u yerda ham.

Afg‘oniston bilan diplomatik munosabatda hozir O‘zbekiston oldida o‘tkir dilemma turibdi. O‘zbekiston bu masalani to‘liq qabul qilolmaydi, chunki manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi. Ammo xalqaro huquq nuqtayi nazaridan Afg‘onistonning ham suvdan foydalanishga haqqi bor. O‘zbekiston oldida murakkab vazifa turibdi: “Tolibon”ning transchegaraviy suvlar to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shilish yoki qo‘shilmasa ham, olinayotgan suvni nazorat qilish bo‘yicha ma’lum bir kelishuvga erishishi kerak.

Kanal qurilishiga O‘zbekiston veto qo‘ya olmaydi. “Tolibon” bilan urushishni mintaqaning birorta davlati istamaydi, lekin bu masalaga indamay qarab turish O‘zbekiston manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi. Mening nazarimda, O‘zbekiston va Turkmaniston birlashgan holda “Tolibon” bilan muzokara olib borishi kerak. Boshqa yo‘l mavjud emas.

Suhrob Bo‘ronov:

— Suv – kelajak masalasi. Suvni siyosiy qurolga aylantirish haqidagi gaplar ham bo‘ladi. “Global Water Intelligence” jurnali ma’lumotiga ko‘ra, bir yilda suv bozorida aylanadigan daromad harbiy maqsadlarda foydalanadigan pul miqdoriga yaqinlashib qolgan. Bu narsa kelajakda chuchuk suv va sug‘orish uchun ishlatiladigan suv masalasini dolzarblashtiradi. Markaziy Osiyoda ham hozirdan ayon bo‘lyapti.

Qo‘shtepa kanalining qurilishi masalani yana dolzarblashtirdi. 108 km – birinchi bosqich yakunlangani rasman e’lon qilindi. Ya’ni uch bosqichdan biri amalga oshdi, degani. Biz quyi oqimda joylashganimiz uchun bizga katta ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Masalaning siyosiy jihati shundaki, ular bundan siyosiy bosim o‘tkazish maqsadida foydalanishi mumkin. Buning oldini olish uchun esa biz yetarli javob berishimiz kerak bo‘ladi. Taxminimcha, temiryo‘llardagi to‘xtab qolish masalasi aynan shu bilan bog‘liq. Chunki davlat rahbarining dekabr oyidagi murojaatida bu kanal qurilishi haqida ham gapirib o‘tdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bu – 684 mln dollarlik loyiha. Iqtisodiy inqiroz yoqasida turgan “Tolibon” hukumati uchun juda katta mablag‘ bu. Va bu mablag‘ bilan ta’minlayotgan kuch ikki tomonlama munosabatlarga ta’sir o‘tkazishga urinadi. Yoki qandaydir siyosiy bosim o‘tkazishni maqsad qilgan bo‘lishi mumkin. Buning ham oldini olishni o‘ylash kerak. Eng asosiysi, xalqaro huquq konvensiyalari asosida bo‘lishi kerak bu.

Usmon Norqulov:

— Buning uchun Afg‘oniston konvensiyaga a’zo bo‘lishi kerak. Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston o‘rtasida hech qanday ziddiyat bo‘layotgani yo‘q suv masalasida, chunki hammasi asoslangan holda qabul qilinyapti. Havzada qancha suv bo‘lsa, shunga ko‘ra taqsimlab olinaveradi. Teng munosabatlarda, kelishgan holda olib borsak, suv bizga ham, ularga ham yetadi, menimcha. Buning uchun barcha mamlakatlar suvdan samarali foydalanish tizimini yo‘lga qo‘yishi kerak.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Javohir G‘ayratov.

Ko‘proq yangiliklar: