O‘zbek ayolidan 50 ming, BAA amiridan 50 mln dollar: Xalqaro hamjamiyat Turkiyaga qanday yordam bermoqda?

Jamiyat 15:25 / 09.02.2023 48452

Turkiya va Suriya hududlarida sodir bo‘lgan o‘ta vayronkor zilzila qurbonlari soni beto‘xtov oshib bormoqda. Dunyoning aksariyat davlatlari fuqarolari va hukumatlari jabrlanganlarga ko‘mak bermoqdalar. Qardoshlarga avval ham hamdardlik bildirgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 9 fevral kuni Turkiya elchixonasiga tashrif buyurib, yana bir bor tasalli berdi va O‘zbekiston har qanday ko‘makka tayyorligini ma’lum qildi.

O‘zbekiston zilzilaning birinchi kunidayoq FVV vakillaridan iborat 100 kishilik tezkor otryadni ofat o‘chog‘iga jo‘natgan edi. Keyinchalik talafot ko‘lami tahlil qilinib, umumiy soni 71 kishidan iborat qo‘shimcha qidiruv-qutqaruv, tibbiyot xodimlari guruhi va gumanitar yordam partiyasi yuborildi.

Umuman, hozirgi qadar dunyoning 65 davlati Turkiya va Suriyaga yordam qo‘lini cho‘zganligi ma’lum. Turkiyaning trt.net.tr saytiga ko‘ra, bu davlatga qidiruv-qutqaruv guruhini yuborgan birinchi davlat Ozarboyjon bo‘lgan. Ozarboyjon dastlab 400 kishilik, keyin yana 227 kishilik qidiruv-qutqaruv guruhini yubordi.

Bundan tashqari:

  • AQSh 161 kishilik qidiruv-qutqaruv guruhi;
  • Yevropa Ittifoqi 30 nafar;
  • Meksika 145 nafar;
  • Fransiya 139 nafar;
  • Avstriya 105 nafar;
  • Shveytsariya 80 nafar;
  • Malta 32 nafar;
  • Bolgariya 59 nafar;
  • Kosovo 30 nafar;
  • Vengriya 101 nafar;
  • Xorvatiya 40 nafar;
  • Bosniya va Hersegovina 17 nafar;
  • Serbiya 27 nafar;
  • Albaniya 53 nafar nafar;
  • Shvetsiya va Finlandiya 1400 nafar;
  • Rossiya 147 nafar;
  • Moldova 55 nafar;
  • Polsha 76 nafar;
  • Chexiya 68 nafar;
  • * Gruziya 60 nafar;
  • * Quvayt 45 nafar;
  • * Mo‘g‘uliston 35 nafar;
  • * Tunis 41 nafar qutqaruvchini Turkiyaga jo‘natgan.

Xatto, o‘zi urush girdobida bo‘lgan Ukraina ham 87 kishilik qutqaruvchilarni jo‘natishning uddasidan chiqqan. Turkiya bilan muntazam ziddiyatda bo‘lgan Gretsiya har qanday adovatlarni chetga surib, 21 nafar qutqaruvchini darhol yo‘lga chiqargan.

Qo‘shnilarimizning faolligi alohida e’tiborga molik. Dastlab 41 kishilik qidiruv-qutqaruv guruhini tezkor yuborgan Qozog‘iston qo‘shimcha 100 kishilik ikkinchi guruh bilan 1 million dollar ajratgan. Qirg‘iziston tomonidan yuborilgan 67 nafar xodim ham falokat zonasi Kahramanmarashda ish boshlagan.

Yirik davlatlardan Xitoy 82 kishidan iborat qutqaruv guruhi,  Eron 10, Yaponiya 18, Malayziya 75, Hindiston va Pokiston 50 nafardan, Tayvandan 44 nafar, Janubiy Koreya esa 110 ga yaqin xodim yuborishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.

Isroil 167 kishi, Livan 72, Liviya 55 nafar xodimini falokat zonasiga yubordi. Birlashgan Arab Amirliklari zilzilalardan zarar ko‘rgan hududlarga 50 million dollar, Kanada Turkiya va Suriyadagi zilzila qurbonlari uchun 10 million dollar mablag‘ ajratishini bildirgan.

O‘zbekistonda ham jo‘natilgan professional qutqaruvchilardan tashqari minglab insonlar ko‘ngilli ravishda yordamga borishga tayyor ekanliklarini ma’lum qilishgan. Turkiya elchixonasida hamdardlik daftari ochildi. Shuningdek, 8 fevral kuni Toshkentda jafokash turk xalqiga gumanitar yordam yig‘ish boshlandi. O‘zbekiston xalqi bu jarayonda faol ishtirok etmoqda.

Kun.uz manbasining ma’lum qilishicha, O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan va shaxsini sir tutgan ayol kishi birinchilardan bo‘lib 50 ming dollar yordam ko‘rsatish istagini bildirgan. Bundan tashqari maxsus ochilgan jamg‘armaga mamlakatning turli nuqtalaridan mablag‘ yig‘ilishi davom etmoqda.

Abror Zohidov

Ko‘proq yangiliklar: