Boeing MH17 tergovi to‘xtatildi, ayirmachilarga «Buk»ni Putin bergan bo‘lishi mumkin - WP

Jahon 00:19 / 09.02.2023 20163

Xalqaro guruh 2014 yil iyulida Ukraina osmonida urib tushirilgan Boeing-777 yo‘lovchi samolyoti halokati bo‘yicha jinoiy tergovni to‘xtatdi.

Tergovchilar samolyotni urib tushirishda ishlatilgan «Buk» raketa tizimini boshqargan ekipaj a’zolarini aniqlay olmadilar va yangi ish ochish uchun hech qanday dalil topmadilar. Bu haqda Niderlandiya prokuraturasiga tayanib The Washington Post xabar berdi.

Prokuror Digna van Byotselayer so‘zlariga ko‘ra, tergov o‘z chegarasiga yetgan, barcha talqinlar tugagan.

Prokurorlar hisobotiga ko‘ra, «Buk» raketa tizimini ukrainalik «ayirmachilar»ga yetkazib berish haqidagi qarorni shaxsan Rossiya prezidenti Vladimir Putin qabul qilgan bo‘lishi mumkinligi bo‘yicha kuchli dalillar bor. Keyinchalik «Buk» samolyotni urib tushirish uchun ishlatilgan. Biroq, ko‘plab yangi dalillar aniqlangan bo‘lsa-da, hozircha ayrim shaxslarga nisbatan yangi tergov ochish uchun yetarli emas.

2022 yil noyabr oyida Haaga sudi 2,5 yil davom etgan tergov natijalariga ko‘ra, Boeing-777 halokati paytida Rossiya Federatsiyasi «ayirmachilar»ga buyruq bergani va «DXR» hududini nazorat qilganini aniqlagan edi.

Malaysia Airlines aviakompaniyasiga tegishli bo‘lgan Boeing-777 samolyoti 2014 yil 17 iyul kuni Amsterdam (Niderlandiya) - Kuala-Lumpur (Malayziya) yo‘nalishi bo‘yicha MH17 reysini amalga oshirayotgan chog‘ida Donetsk viloyati osmonida urib tushirildi. Samolyot bortida 298 yo‘lovchi bo‘lgan, ularning barchasi halok bo‘ldi.

Bellingcat va The Insider tomonidan olib borilgan surishtiruvda halokatning asosiy gumondorlari Rossiya Markaziy harbiy okrugi bosh inspektori, general-polkovnik Nikolay Fyodorovich Tkachyov (laqabi «Delfin») va GRU generali Oleg Vladimirovich Ivannikov (laqabi «Orion») ekani aniqlandi.

Shuningdek, «DXR» sobiq mudofaa vaziri Igor Girkin (Strelkov/Runov), «DXR» kontrrazvedkasining sobiq rahbari Sergey Dubinskiy va uning qo‘l ostidagilar Oleg Po‘latov va ukrainalik Leonid Xarchenko ham asosiy gumondorlar sanaladi.

2022 yil noyabr oyida Niderlandiya sudi Girkinni halokatda aybdor deb topdi va u xalqaro qidiruvga berildi. Girkin o‘sha vaqtda Rossiya prezidentining sobiq yordamchisi Vladislav Surkov bilan aloqada bo‘lgan. Sud majlislarida ayblanuvchilarning hech biri shaxsan ishtirok etmadi, ular sirtdan sudlanmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: