«Bizga erkinlik qanotlarini bering» - Zelenskiy Britaniya parlamentida nutq so‘zladi

Jahon 00:27 / 09.02.2023 16653

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Britaniya parlamentida ko‘p sonli siyosatchilar oldida nutq so‘zladi va ularga «jasorati» uchun minnatdorchilik bildirdi.

«Britaniya urushning birinchi kunidan, dastlabki soniyalari va daqiqalaridan Kiyevning yonida bo‘ldi... dunyo hali bunga qanday munosabatda bo‘lishni tushunmayotganida yordam qo‘lini cho‘zdi», dedi u.

Zelenskiy britaniyaliklarga chuqur minnatdorchilik bildirdi.

«Dushman o‘qlari ostida jang qilayotgan qahramonlarimiz nomidan, havo kuchlarimiz va Ukrainani dushman samolyotlaridan himoya qilayotgan har bir himoyachi nomidan, chegaralarimizni tiklash uchun kurashayotgan tankchilarimiz nomidan, hozirda tayyorgarlikdan o‘tayotgan harbiy xizmatchilarimiz nomidan Britaniyaga rahmat aytaman», dedi Zelenskiy.

Ukraina rahbari Britaniyaning sobiq bosh vaziri Boris Jonsonni ham alohida esladi. U Rossiya bosqinining boshida «qat’iyatlilik va iroda» ko‘rsatganini, «qo‘ldan kelgan va kelmagan hamma narsani» qilganini aytdi.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaning g‘alabasi dunyoni o‘zgartiradi va bo‘lajak tajovuzkorlarni tiyadi. U o‘tgan urushlarda «yovuzlik yutqazganini» va «erkinlik g‘alaba qozonishini» bilishini optimistik ohangda ta’kidladi.

«Britaniya hayotimizdagi eng muhim g‘alaba sari biz bilan birga qadam tashlamoqda, bu urush g‘oyasi ustidan g‘alaba qozonish bo‘ladi. Erkinlik g‘alaba qozonishini, Rossiya esa mag‘lub bo‘lishini bilamiz», dedi u.

Ukraina prezidenti jahon hamjamiyatini jangovar samolyotlarni berishga chaqirar ekan, palamentga ukrainalik uchuvchi dubulg‘asini ham sovg‘a qildi.

«Men tushuntirishim kerak - bu haqiqiy uchuvchining dubulg‘asi, u bizning eng muvaffaqiyatli uchuvchimiz. Unda «Bizda erkinlik bor - iltimos, uni himoya qilish uchun bizga qanotlarni bering... Bizga jangovar samolyotlar kerak, chunki samolyotlar erkinlik uchun qanotdir» degan so‘zlar yozilgan», dedi Zelenskiy.

U o‘z nutqini qarsaklar ostida yakunlab: «Parvardigor Buyuk Britaniyani yorlaqasin, qirolning umri uzoq bo‘lsin, Ukrainaga shon-sharaflar» dedi.

8 fevral kuni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning Buyuk Britaniyaga e’lon qilinmagan tashrifi haqida ma’lum bo‘ldi. U bosh vazir Rishi Sunak bilan ham uchrashdi. Britaniya parlamentidagi nutqidan keyin Zelenskiy Bukingem saroyida qirol Charlz III bilan uchrashdi.

Buyuk Britaniya tashrifidan keyin Vladimir Zelenskiy Parijda fransuz hamkasbi Emmanuel Makron bilan uchrashishi rejalashtirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: