“Bilim va mahorati ustida doimiy ishlagan, albatta, qadr topadi” - oyiga ming dollar topayotgan maktab o‘qituvchisi

Jamiyat 17:42 / 09.02.2023 40225

Biz ana shunday ustozlardan biri – Andijon viloyati Shahrixon tumanidagi 44-sonli ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabining biologiya fani o‘qituvchisi Dilbar G‘ulomova bilan suhbatlashdik.

Dilbar G‘ulomova o‘zi haqida

— O‘zbekiston Milliy Universiteti biologiya fakultetini bakalavriat, magistratura va biokimyo yo‘nalishida aspiranturani tugatganman.

2008 yildan buyon o‘qituvchilik qilyapman. Ungacha O‘zMUda laborant, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Onkologiya va Radiologiya ilmiy tadqiqot institutida muhandis texnolog bo‘lib ishlaganman.

Turmushga chiqqanimdan so‘ng turmush o‘rtog‘im bilan qishloqqa qaytdik. Ustozim “O‘zbekiston Qahramoni” Kamoliddin G‘opirov rahbarlik qilayotgan, biologiya va kimyo fanlariga ixtisoslashtirilgan 44-maktabda ishlay boshladim.

Maktabda dars berishdan tashqari biologiya fanidan to‘garak ham tashkil qilganman. Shular sabab bo‘lib, har yili 50-100 nafar o‘quvchilarim oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga qabul qilinadi. Mahallamizda ayniqsa, qiz bolalarning oliy ma’lumotli bo‘lishlariga hissamni qo‘shayotganimdan faxrlanaman.

O‘quvchilarim orasida biologiya fanidan viloyat respublikasi bosqichlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib kelayotganlari ko‘p. Masalan, o‘quvchim Mahmudov Hojiakbar biologiya fanidan viloyat olimpiadasida 8-sinfdan 11-sinfgacha birinchilikni hech kimga bermadi, shu bilan birga 2021 yil Toshkent Tibbiyot Akademiyasiga 100 foizlik natijani ko‘rsatib, 189 ball bilan 1-o‘rinda o‘qishga qabul qilindi.

“12 mln oylik olyapman”

— Topayotgan puling qiymati sening ilm olishga sarflagan puling va vaqting bilan proporsional, ya’ni teng.

2018 yil “Yil o‘qituvchisi” ko‘rik tanlovining respublika bosqichida faxrli 3-o‘rinni egalladim. 2021 yil “El yurt umidi” fondi stipendiya tanlovida AQShning Garvard Universitetida malaka oshirish imkoniyatini qo‘lga kiritdim. Pandemiya sharoitida karantin cheklovlari bo‘lgani uchun Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi A.Gersen nomidagi va Ya.Mudriy nomidagi Novgorod Davlat Universiteti professor o‘qituvchilaridan biologiya fanining yutuqlari va o‘qitishning zamonaviy usullarini o‘rganib qaytdim.

Ta’lim sifatini rivojlantirish, sohasida, o‘qituvchilarning moddiy farovonligini oshirish maqsadida O‘zbekistonda yaqin 5-6 yilda katta ishlar qilinyapti. Jamiyatda o‘qituvchilarning mavqeyini oshirish borasida ham sezarli o‘zgarishlar bo‘ldi. Masalan, O‘zbekiston prezidenti qaroriga ko‘ra, fan olimpiadalarining respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan pedagog kadrlarning oylik maoshiga har oylik 100 foizlik ustama berilishi belgilab qo‘yilgan. Bugun shu kabi imkoniyatlar sabab men 12 milliondan oshiqroq maosh olyapman.

Maktabda o‘quvchilik vaqtimdayoq biologiya fan olimpiadasining respublika bosqichida 9-sinfda 1-o‘rinni, 10– va 11-sinflarda 2-o‘rinni egallaganman. Hozirgi oylik maoshimga qo‘shib berilayotgan har oylik ustama uchun ustozim Tavakkiljon Dadaxonovdan minnatdorman.

“Bilim va mahorati ustida doimiy ishlagan o‘qituvchi, albatta, qadr topadi”

— 2022 yil men uchun alohida omadli keldi. Xalq ta’limi vaziri ustamasi uchun o‘tkazilgan test sinovida 100 foizli natijani ko‘rsatdim. Shuningdek, biologiya fanidan umumta’lim fanlarini bilish sertifikatini qo‘lga kiritdim.

Fikrimcha, bilim va mahorati ustida doimiy ishlagan, o‘quvchilarga bilim berishning zamonaviy usullaridan foydalangan o‘qituvchi albatta qadr topadi.

O‘qituvchi jamiyat taraqqiyotini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan shaxs, chunki jamiyatning rivoji biz bilim bergan va tarbiyalagan yoshlarga bog‘liq.

Shuningdek, bugun o‘qituvchiga faqat o‘z faninigina bilish yetarli emas. U masalan, kimyo va biologiya fanlarini ingliz tili bilan birga, shu sohadagi yangiliklarga qo‘shib o‘qitarkan, uning o‘quvchilari dunyo tan olgan mutaxassis darajasiga yetishi mumkin.

O‘qituvchi har bir darsga kirishidan oldin nima uchun bu yerdaligini va hozir nima qilishini aniq bilishi shart.

Maktablarda ta’lim sifatini qanday oshirish mumkin?

— O‘zbekistonda ta’lim sifatini oshirish uchun zamonaviy darsliklar, maktablarning moddiy texnik bazasini yaxshilash va shu jihozlarning amaliy ahamiyatini ko‘rsatib bera oladigan fidoyi ustozlar kerak.

Shuningdek, bugun narx-navo kundan kunga oshib borarkan, o‘qituvchilarning dars davomida kechki ovqatga go‘sht sololamanmi-yo‘qmi, degan o‘yda bo‘lmasligi, ya’ni iqtisodiy ta’minlangani juda muhim. Biz bugun 1000 dollar oylik olayotgan o‘qituvchilar haqida ko‘p gapiryapmiz. Ha, ularning soni oshib boryapti, lekin o‘qituvchilarning umumiy soniga hisoblaganda, bu juda kam.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: