Ukraina xavfsizlik xizmati va ichki ishlar vazirligiga rahbarlar tasdiqlandi

Jahon 19:29 / 07.02.2023 12765

Oliy rada Ukraina xavfsizlik xizmatiga Vasiliy Malyukni rahbar etib tasdiqladi, u bunga qadar maxsus xizmatlar rahbarligi vazifasini vaqtincha bajaruvchi edi.

UNIAN nashri xabariga ko‘ra, bu qaror 324 nafar deputat tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Parlament yig‘ilishida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham ishtirok etib, Malyuk nomzodi uchun ovoz berishga chaqirgan.

U deputatlar qarshisida chiqish qilib, Rossiya bosqini borasida qat’iy fikr bildirgan va olqishlarga sazovor bo‘lgan.

Bundan tashqari, parlamentariylar Ukrainaning yangi ichki ishlar vazirini lavozimga tasdiqlashgan — bu lavozimni 2019 yildan buyon mamlakat Milliy politsiyasi rahbari bo‘lgan Igor Klimenko egalladi. Uning nomzodi uchun 321 deputat ovoz bergan.

Igor Klimenko. Foto: UNIAN

18 yanvar kuni Brovarida vertolyot halokati oqibatida Ukraina IIVning oldingi rahbari Denis Monastirskiy halok bo‘lgach, Klimenko vazir vazifasini vaqtincha bajaruvchi bo‘lib turgandi.

  • Muqaddam Ukraina xavfsizlik xizmati rahbari birinchi o‘rinbosari bo‘lgan Vasiliy Malyuk 2022 yil iyulida mamlakat prezidenti farmoni bilan maxsus xizmatlarning vaqtincha rahbari etib tayinlangandi. O‘shanda UXX rahbari Ivan Bakanov va Ukraina bosh prokurori Irina Venediktova ishdan olingandi — bu ushbu idoralar xodimlarining Rossiya maxsus xizmatlari bilan aloqalari tekshirilishi ortidan ro‘y bergandi. Bakanov — Volodimir Zelenskiyning bolalikdagi do‘sti hisoblanadi. U 2019 yil avgustida UXX rahbari bo‘lgandi.
Ko‘proq yangiliklar: