Rossiya budjet taqchilligini qoplash uchun oltin sotishni boshladi

Jahon 01:06 / 07.02.2023 13250

Rossiya budjeti taqchilligi yanvar oyida 1,76 trillion rublni yoki 25 mlrd dollarni tashkil etdi. Budjet daromadlari o‘tgan yilga nisbatan 35 foizga kamaydi, xarajatlar esa 59 foizga o‘sdi. Bu haqda Rossiya Moliya vazirligiga tayanib «Kommersant’» xabar berdi.

Qayd qilinishicha, 2023 yil budjetida 2,9 trln rubl miqdorida taqchillik bo‘lishi avvaldan nazarda tutilgan edi. Uning katta qismi yilning birinchi oyidayoq shakllanib ulgurgan.

2023 yil yanvar oyida Moliya vazirligi budjet taqchilligini qoplash uchun birinchi marta Milliy boylik jamg‘armasidan (MBJ) 3,6 tonna oltin va 2,3 milliard Xitoy yuani sotdi. Bitimlarning umumiy qiymati 38,5 milliard rublga baholanmoqda.

Yanvar oyida Rossiyaning neft-gaz daromadlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 46 foizga kamaygan. Bu neft narxi kotirovkalari va tabiiy gaz eksporti hajmining pasayishi bilan izohlanmoqda. Rossiyaning neft-gaz daromadi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6 mlrd dollarga kamaygan.

2022 yil dekabr oyida Rossiya budjetida 56 mlrd dollarga teng rekord darajadagi taqchillik qayd etilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: