Rossiya budjet taqchilligi tufayli birinchi marta Milliy farovonlik jamg‘armasidan oltin sotdi

Jahon 11:38 / 07.02.2023 11910

Yanvar oyida Moliya vazirligi keskin oshgan budjet taqchilligini qoplash uchun birinchi marta Milliy farovonlik jamg‘armasidan (MFJ) oltin sotdi. Bu haqda 6 fevral, dushanba kuni vazirlikning o‘zi ma’lum qildi

Jami 3,6 tonna oltin sotilgan. Bundan tashqari, Moliya vazirligi xuddi shu maqsadlar uchun 2,3 milliard yuan (309 million yevro) sotgan. Savdodan jami 38,5 milliard rubl tushdi, deb xabar berdi vazirlik. Fevral oyida Moliya vazirligi MFJdan uch baravar ko‘p Xitoy yuanini 160 milliard rublga sotishni rejalashtirmoqda, deb xabar qilgan vazirlik. 

Yanvar oyida Rossiya budjeti taqchilligi 1,76 trillion rublni tashkil etdi, deb xabar qildi Moliya vazirligi. Budjet xarajatlari 59 foizga oshdi - 3,117 trillion rublgacha. Daromadlar 1,356 trillion rublni tashkil etdi, bu 2022 yil yanvar oyiga nisbatan 35 foizga kam. Moliya vazirligida budjet taqchilligining keskin o‘sishi davlat xaridlari xarajatlarining besh baravar oshishi, shuningdek, neft va gaz daromadlarining 426 milliard rublgacha kamayishi bilan izohlandi, bu o‘tgan yilning yanvar oyiga nisbatan 46 foizga kam.

Milliy farovonlik jamg‘armasining umumiy hajmi 1 fevral holatiga ko‘ra 10,8 milliard rublni tashkil etdi. Ular - 307,4 milliard yuan, 551 tonna oltin, 530 million rubl va 10,4 milliard yevro. 

O‘tgan yilning oxiridan boshlab Moliya vazirligi MFJ tuzilmasini o‘zgartirdi. Endilikda yuan zaxiralarning 60 foizigacha, oltin esa 40 foizigacha yetgan bo‘lishi mumkin. Ilgari bu nisbatlar mos ravishda 30 va 20 foizni tashkil qilgan. Endi vazirlik MFJdagi «do‘st bo‘lmagan mamlakatlar valutalari» ulushini kamaytirayotganini e’lon qildi. 

Ko‘proq yangiliklar: