«Qayoqqa qochishingni bilmaysan». Turkiyada zilzilani boshdan kechirganlarning hikoyalari

Jahon 10:25 / 07.02.2023 44562

6 fevral tongida Turkiya janubi-sharqida, Suriya bilan chegara yaqinida kuchli zilzila ro‘y berib, keng ko‘lamli vayrongarchiliklarga sabab bo‘ldi. Kun bo‘yi yer silkinishlari davom etdi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiya va Suriyada tabiiy ofat qurboni bo‘lganlar soni 5 mingdan, jabrlanganlar soni 25 mingdan oshgan.

Ukrainalik Mariya zilzila epimarkazlaridan biri bo‘lgan G‘oziantepda yashaydi va ishlaydi. U BBC News Ukraina uchun bergan intervyusida ertalab soat 4 da, «kvartirasi titray boshlagach» uyg‘onib ketganini aytadi.

«Bir soniyaga xotiralarim uyg‘onib, Ukrainadaman va bizni o‘qqa tutishmoqda deb o‘yladim. Bir soniya o‘tib esa bu zilzila ekanini angladim», deya hikoya qiladi Mariya.

Uning ish joyida doimiy ravishda zilzila vaqtida qanday harakatlanish bo‘yicha treninglar o‘tkazib borishadi – chunki Turkiya dunyodagi eng seysmik faol mintaqalardan birida joylashgan, mahalliy aholi har yili zilzilalarga guvoh bo‘lishadi.

Bunday holatlar uchun asosiy maslahat - bino ichidan ochiq joyga chiqishdir.

Zilzila boshlangach Mariya oyoq kiyimi va kurtkasini qo‘ltiqlab yuguradi va o‘z qo‘shnilarini uyg‘otadi. Atrofdagi boshqa uylardagi kishilar ham ko‘chaga chopib chiqishgandi.

U uy «konfet solinadigan quti kabi silkingani» va odamlar vahimaga tushib har tomonga chopishganini eslaydi: «Kimda mashina bo‘lsa, ketdi – tanishlarimdan biri bolalarini olib, dalaga yo‘l oldi».

G‘oziantep Turkiya va Suriya chegarasidagi zilzila epimarkazlaridan biri bo‘ldi

Mariyaning so‘zlariga ko‘ra, ikkita kuchli to‘lqin bo‘lgan, uchinchisi nisbatan kuchsizroq edi. Silkinishlar orasidagi tanaffusda Mariya kvartirasiga kirib, mobil telefoni va hujjatlarini olib chiqishga ulguradi.

«Barcha atrofimizdagi parkda turardi. Uch soat o‘tib biz uyga qaytib kirdik, chunki sovqotgandik va kiyimlarimizdan suv o‘tib ketgandi. Keyin internetda va sms-xabarnomalar orqali xavf haqida boshqa xabarlar kelmadi», deya eslaydi Mariya dushanba tongini.

U yashagan uy butun qolgan, ammo kvartira devorlarida yoriqlar paydo bo‘lgan. Uyda elektr yo‘q, ammo gaz quvuri butun va suv ham bor.

Shaharda vayrongarchiliklar bor – Mariya ishlaydigan joyga yaqin masofada bir uy qulagan. Tanishlari ham unga o‘z uylari vayron bo‘lgani haqida aytishgan.

Faqat turar joylar emas, tarixiy binolar ham shikastlandi – zilzila oqibatida II – III asrlarga mansub tarixiy qal’a devorlarining bir qismi qulab tushgan.

Mariyaning so‘zlariga ko‘ra, G‘oziantepda anchadan buyon yashovchi mahalliy turklar ham bungacha bu qadar kuchli zilzilani ko‘rmaganini aytishgan. So‘nggi bor bu kabi vayronkor zilzila 1999 yilda Istanbuldan janubda joylashgan Izmit shahrida ro‘y bergan, o‘shanda 17 ming kishi halok bo‘lgandi.

Mariya ham Turkiyaga kelganidan buyon bir necha marta zilzilani boshdan kechirgan, ammo bularning bari kichik magnitudali yer silkinishlari edi.

Mariya bilan suhbatdan biroz o‘tib mahalliy rasmiylar yana bir kuchli yer silkinishi ro‘y bergani haqida xabar qilishdi.

G‘oziantep – gastronomik turizm markazi, shaharda bir necha xalqaro tashkilotlarning ofislari bor.

G‘oziantepda zilzila tufayli turar joylar vayron bo‘ldi

«Meduza» nashri ham 6 fevral kuni Turkiya janubi-sharqidagi shaharlarda yashovchi rus tilli guvohlar bilan gaplashgan.

Lyubov
G‘oziantep, zilzila epimarkazidan 30 kilometr masofa

Biz [oilamiz bilan] G‘oziantep chekkasida yashaymiz. Zilzila soat to‘rtdan o‘tganda boshlandi.

Men [mobil telefonda] nima qilish kerakligi [zilzila vaqtida] haqidagi ko‘rsatmalar va ogohlantirishlarni silkinish bo‘layotganida ko‘rdim. Ikkinchi marta [kuchli zilzila] boshlanganida esa ogohlantirish faqat barchasi tugaganidan keyin keldi. 

Juda qo‘rqinchli. Uydan chiqish [kerak edi] — buni barcha bilardi, ammo men ko‘cha ham xavfsiz emasligini angladim. Biz mashinaga o‘tirdik va uylardan nariroq ketdik. Barcha keta boshladi. Hozirda ko‘pchilikning benzini tugagan, zapravkalarda navbat, ko‘pchiligi yopiq. Havo yomon: qor, yomg‘ir. Odamlar mashinalarida o‘tirib siqilmoqda. 

Tongda masjidlar ochildi, ko‘pchilik [biz ham] u yerga kirdi. Ichkarida odam ko‘p edi. Uning yonida kafe ham ochiq va u yer ham odamlarga to‘la edi. Odamlar biroz tinchlangach, ko‘pchilik uyiga chopdi — adyol, yostiq, yeguliklar, suv va boshqa nima topsa olib masjidga qaytishdi. Biz shu yerda tunab qolishga qaror qildik.

Hozir ham yer vaqti-vaqti bilan qimirlab turibdi — kuchsiz, ammo har besh daqiqada. Aytishlaricha, [keyinroq] sakkiz ballisi ham bo‘larkan. O‘tiribmiz, [boshlansa] ko‘chaga yuguramiz. 

Odamlar vahimada. Juda qo‘rqinchli, chunki atrofda juda ko‘p xarobalar. Vayronalar ostidan odamlarni chiqarib olishmoqda. Jarohatlanganlar va halok bo‘lganlar ko‘p. Juda qo‘rqinchli. Men [Turkiya hukumati evakuatsiya to‘g‘risida nima deyayotgani haqida] hech narsa bilmayman. Qayerga evakuatsiya qilishadi? Qayerda tinchlik bo‘lishi kafolatlangan?

Viktoriya
Adana, epimarkazdan 220 kilometr masofada

Yer qimirlashi taxminan soat to‘rtda boshlandi. Ikkinchisi esa [7,7 magnitudali birinchisi kabi kuchli] taxminan soat 13:20 da. Hatto ikkinchisini kuchliroq his qildim.

Yer shunday larzaga keldiki, men uydan qochib chiqa olmadim — birinchi qavatda tursam ham. Zilzila haqida ogohlantirish bo‘lmagandi. [OAVda yozishlaricha, shaharda] kamida 30 uy vayron bo‘lgan, ammo bular shaharning boshqa tomonida.

[Imkoniyat tug‘ilganda] men uydan nariroqqa chopib ketdim. 15 daqiqa kutdim va mushugim hamda hujjatlarimni olish uchun qaytdim. Internetda evakuatsiya uchun xavfsiz joyni ko‘rsatishdi. [Rasmiylar] qutqaruvchilarning shahar bo‘ylab harakatiga xalal bermaslik uchun yo‘llarni to‘sib qo‘ymaslikni so‘radi.

[Hozir mushugim bilan] ko‘chada o‘tiribmiz, bizda pul bor, suv, yegulik ham, ammo [keyinroq] ovqatdan muammo bo‘ladi, chunki hammayoq yopiq: kafe va do‘konlar. Mashinada tunayman, bugun ko‘pchilik mashinalarida uxlaydi. Undan keyin nima qilishni ertalab o‘ylab ko‘raman.

Aleksey
Adana, epimarkazdan 220 kilometr masofada

Ertalab soat 4:30 da uy kuchli titrashidan uyg‘onib ketdim. Biz do‘stlarim bilan Chukurova rayoni, Yurt [kvartali]da yashaymiz. Biz tezda zarur buyumlarimizni oldik — kurtka, pasport — va ko‘chaga chiqdik. U juda kuchli silkinardi, ammo biz [hali] barchasi naqadar jiddiy ekanini anglab yetmagandik. Ko‘chaga chiqqanimizda esa yonimizdagi uyning yarmi qulab tushganiga guvoh bo‘ldik. Aftidan, barchasi bir zumda sodir bo‘lgan — yer bir daqiqa silkindi, tunda bunga hech kim tayyor emasdi.

Biz hali zinalar bo‘ylab tushib kelayotganimizda devorda katta yoriq paydo bo‘lib ulgurgandi. Biz yashagan hududdagi barcha uylar shunday darz ketgan — biz ko‘chada yurib, uylarning fasadidagi yoriqlarni ko‘rdik. Uylar silkinganida esa xuddi garmoshkani eslatardi: yuqoriga, pastga, yonga, goh tekislanar, goh buklanardi. Qo‘rqinchli.

Turkiyada [zilzila to‘g‘risida oldindan ogohlantirish] tizimini yo‘lga qo‘yishga urinishgan, ammo [amalda] bundan hech narsa chiqmadi, hech qanday SMS kelmadi. Ikki-uch soat o‘tib operatordan aloqada uzilishlar kuzatilayotgani to‘g‘risida SMS keldi, internet orqali qo‘ng‘iroq qilish mumkin edi. Do‘stlarimga esa uyga qaytmaslik tavsiya etilgan SMS kelgan 

Avvaliga shok holatda edik. Yonimizda maktab bor — uning hovlisida anchagina katta maydon, ma’lum vaqtni shu yerda o‘tkazdik. Kuchli yomg‘ir yog‘ardi, biroz tinchlangach, biz aylanishga qaror qildik. Odamlar zilzilalarga ko‘nikib ketganidanmi, balki shunchaki halokat ko‘lamini to‘liq tushunishmaganidandir — ammo Starbucks ishlayotgandi. Biz u yerga kirdik, o‘tirdik, qahva ichdik va narsalarimizni olish uchun uyga bormaslik kerak degan qarorga keldik, ortga qaytish xavfli edi. Barcha turk do‘stlarimiz [silkinishlarning] yangi to‘lqini bo‘lishini aytishardi.

Mahalliy aholi vakillari mashinalarga o‘tirib, dalalarga yoki uylar yo‘q ochiq hududlarga ketishdi. Adanada muammo shundaki, bu yerda uylar juda zich qurilgan va zilzila bo‘lganida bu uylar titrab ketardi. Qayerga qochishni bilmaysan: to‘rt tomondagi bino ham qulab tushishi mumkin. Biz Adanadan yuz kilometrcha masofadagi Mersinda vaziyat tinch ekanini eshitdik va yo‘lga tushdik.

Buyog‘iga nima qilish bo‘yicha bir qarorga kelgunimizcha Mersinda bo‘lib turamiz. Albatta, uyga qaytmoqchi emasmiz — [rasmiylar] nima deyishini kutamiz. Biz hatto uyimiz butun qolganmi yo‘qmi bilmaymiz — biz uni faqat birinchi zilziladan keyin ko‘rgandik, tushdan keyin sodir bo‘lgan ikkinchisidan keyin uyoqqa qaytmadik.

Biz ikkinchi kuchli silkinishni ko‘chada kutib oldik, atrofimizda uylar bor edi — ularning bari turlicha edi va ular turlicha «raqs tushardi». Tebranish shu qadar kuchli ediki, biz nimadir ustimizga qulashidan qo‘rqdik. Ko‘chada vahima edi. Barcha qayoqqadir ketardi, hammayoqda signal chalishardi: tez yordam, politsiya, harbiylar…

Odamlar, albatta, darhol xarobalarni tozalashga kirishishdi. [Ammo] ikkinchi silkinish vaqtida biz birinchi to‘lqinda shikastlangan uylar [yanada kuchli] silkinib, qulaganini ko‘rdik. Va bir-biriga yordam berishga oshiqqan odamlar ham xarobalar ostida qolishdi.

Olga
Mersin, epimarkazdan 300 kilometr masofada

Men Mersindaman, bu yerda zilzila kuchi to‘rt ball bo‘ldi. Bu haqda oldindan ogohlantirishmadi, silkinish tunda boshlandi. Hozir ham yer qimirlab turibdi, ammo vayrongarchiliklar yo‘q. Maktablar dushanbagacha yopilgan.

Bu yerda avvallari ham 3–4 balli zilzilalar bo‘lib  turardi, shuning uchun men avvaliga xotirjam edim. Sobiq erim qo‘ng‘iroq qilganida — u G‘oziantepda — va u yerdagi dahshat haqida aytganida, men albatta shokka tushdim. Tanishlar u yerda yangi uylar qanday qilib qulab tushayotgani aks etgan videolarni yuborishdi.

Keyin ikkinchi to‘lqin bo‘ldi — bu haqda oldindan ogohlantirishdi. G‘oziantepda [magnituda] 7,5 bo‘lgan, hozircha [qo‘ng‘iroq va xabarlarga] hech kim javob bermayapti. U yerda oldindan ham aloqa yaxshi ishlamasdi.

Barcha mashinalarga chiqdi, uyga kirgizishmayapti (amaldorlar yangi to‘lqin xavfi tufayli mahalliy aholidan uylarni tark etishni so‘ragan). Shahardan chiqishdagi asosiy yo‘l zilzila vaqtida shikastlangan.

Ko‘p odam xarobalar ostida qolgan, qutqaruvchilar yetishmaydi. Reyslar yo‘q — erimning hamkasblari Yevropaga uchib keta olishmadi. Bilishimcha, evakuatsiya ham yo‘q. Tunda uchinchi to‘lqin bo‘lishini aytishmoqda. 

Anastasiya
Mersin, epimarkazdan 300 kilometr masofada

Zilzila soat to‘rtda sezildi: uy juda kuchli silkindi, xuddi dovul vaqtida tebranayotgan kemadek. Lyustralar silkinib ketdi. Biz juda qo‘rqdik. Buning barchasi bir daqiqacha davom etdi va biz barchasi o‘tib ketdi deb o‘ylagandik. 10 daqiqa o‘tib silkinish takrorlandi, men oynadan qaradim va juda ko‘p turklar tashqariga yugurib chiqishgani va mashinalariga o‘tirib, jo‘nab ketishayotganini ko‘rdim.

Biz [oilamiz bilan] ko‘chaga chiqdik, biroz vaqt pod’yezd oldida turdik, mikroavtobus keldi. Bu haydovchi bo‘lib ishlaydigan qo‘shnimizning avtobusi edi. U ko‘chalardan odamlarni yig‘di va barchamizni ochiq joyga — dalaga olib borib tashladi. Biz u yerda ikki soatcha turdi, keyin qo‘shnimiz bizni uyga qaytarib olib keldi. Soat sakkizda va soat 12 da kichik silkinishlar davom etdi. Soat bir atrofida esa, bu vaqtda biz ko‘chada edik, [ikkinchi kuchli zilzila tufayli] odamlar guruh bo‘lib yo‘lga chopib chiqishdi. Restoranlardan fartuk taqqan oshpazlar chiqib keldi, kimdir yig‘lardi, qo‘rqinchli vahima hukm surardi. Erim bu vaqtda uyda edi — u [ko‘chaga] tapochkada chopib chiqdi, chunki juda qo‘rqinchli edi.

Hozir tunda yana kuchli zilzila bo‘lishi haqida xabarlar kelmoqda. Odamlar uylariga qaytmayapti, shaharning turli chekkalarida odamlar to‘planib turibdi, ulkan gulxanlar yoqilmoqda. Biz hozir bolalar bog‘chasida yig‘ilganmiz, bu yerda sho‘rva, choy va non berishmoqda. Katta ehtimol bilan tunni shu yerda o‘tkazamiz.

Mersinning o‘zida vayrongarchiliklar bo‘lmadi, ammo silkinish kuchli edi va bu barchani qo‘rqitib yubordi. Bizdan bir soatlik masofadagi Adanada uylar qulab tushgan, bu esa barchani juda kuchli qo‘rquvga solgan. Shuning uchun tavakkal qilmaymiz va uyga qaytmaymiz.

Eng qizig‘i, bir oycha muqaddam butun Turkiya bo‘ylab zilzila ro‘y bergan holatda nimalar qilish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazilgan, telefonlardan tinmay ogohlantirishlar kelgandi. Hozir esa, chindanam zilzila ro‘y berganida, hech qanday ogohlantirish olmadik. Hukumatdan kelayotgan istalgan xabarni biz tasodifan bilib qolyapmiz.

Faollar zarur buyumlar yig‘ishmoqda, davlat muassasalari va meriya odamlarni qabul qilmoqda, stullar qo‘yib, choy berishmoqda, ammo qandaydir markazlashgan evakuatsiya hozircha yo‘q. Palatkali joylar tayyorlanayotgani haqida eshitdim. Hozir [shahar aholisi] chatlarida boshpanasi yo‘q bo‘lganlar borishi mumkin bo‘lgan qabul punktlari paydo bo‘la boshladi, ammo bungacha butunlay sarosimalik hukmron edi. 

Maksim
Mersin, epimarkazdan 300 kilometr masofada

Birinchi zilzila erta tongda, soat 4 dan 17 daqiqa o‘tganda boshlandi. Kichik titrash boshlanganida uyg‘onib ketdim. Men ko‘p qavatli uyning 12-qavatida yashayman, butun uy titrardi, oshxonada javondagi idishlar tushib ketdi, bino juda kuchli chayqalardi.

Hech qanday trevoga signallari bo‘lmagandi. Kimgadir xabar kelgandir, ammo menga kelmadi. Birinchi to‘lqindan taxminan uch daqiqada o‘tdi, keyin men darhol narsalarimni yig‘ishtira boshladim. Hali uydan chiqib ulgurmasimdan ikkinchi zilzila boshlandi. Men ko‘chaga qaradim va boshqalar mashinalariga o‘tirib, jo‘nab ketayotganini ko‘rdim, men ham shunday qilishim kerakligini tushundim. Pastga tushganimda, bizning binodagi barcha kishilar ko‘chada edi. Kunduzi silkinishlar davom etdi, tunda uyga qaytib keldim. Kuchli zilzila bizdan shimolroqda bo‘lgandi.

Turklarda zilzilalar bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazib turiladi, shu tufayli ular nima qilish kerakligini yaxshi bilishadi: oila bo‘lib mashinalarga o‘tirishadi va ko‘p qavatli binolardan imkon qadar uzoqqa, ochiq joylarga ketishadi. Kimningdir dalahovlisi yoki yozgi uylari bor, bunday joylarda baland binolar deyarli bo‘lmaydi.

Men chamadonimni mashinaga qo‘ydim va atrofida qurilishlar bo‘lmagan bir qavatli yozgi kafega kirib o‘tirdim. Bu yer xavfsiz, chunki qulab tushishi mumkin bo‘lgan tom yo‘q, faqat cho‘zilgan ayvon. Hozirda Turkiya hukumatidan ma’lumot kutyapman.

Ko‘proq yangiliklar: