Norvegiya hukumati Kiyevga 6,8 milliard yevro ajratmoqchi

Jahon 08:24 / 07.02.2023 6687

Norvegiya hukumati ko‘p yillik yordam paketi doirasida Ukrainaga 75 milliard krona (6,8 milliard yevro) ajratish niyatida, dedi 6 fevral, dushanba kuni bosh vazir Yonas Gar Styore.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mablag‘lar harbiy va fuqarolik yordami paketiga sarflanishi ko‘zda tutilgan. Dastur besh yilga mo‘ljallangan, ammo u hali Oslodagi parlament tomonidan tasdiqlanishi kerak. Mamlakatning eng yirik muxolifat partiyasi yetakchisi, sobiq bosh vazir Erna Sulberg Ukrainaga uzoq muddatli yordam ko‘rsatishni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

Birinchi yilda pul harbiy va gumanitar yordam o‘rtasida teng taqsimlanadi, ammo kelajakda bu muvozanat o‘zgarishi mumkin. Avvalroq Styore Norvegiya neftdan tushgan daromadning bir qismini Ukrainaga yordam berish uchun yuborishi mumkinligini aytgan edi. «Biz buni to‘g‘ri deb hisoblaymiz. Ukraina bu urushda yutqazmasligi bizning milliy manfaatlarimizga mos keladi, bizda neft sektoridan keladigan favqulodda daromad tufayli harakat qilish uchun joy bor», - dedi u.
 
Bundan tashqari, Norvegiya hukumati Ukrainadagi urush oqibatlaridan ayniqsa qattiq jabr ko‘rgan janubiy mamlakatlarga o‘z yordam dasturini taklif qilmoqda. Ushbu tashabbus doirasida Norvegiya har yili insonparvarlik yordami va oziq-ovqat uchun yana besh milliard krona (450 million yevro) ajratishni rejalashtirmoqda.

«Men Norvegiya xalqi, hukumati va shaxsan bosh vazir Yonas Gar Styorega 75 milliard krona miqdoridagi misli ko‘rilmagan 5 yillik yordam paketini e’lon qilgani uchun minnatdorman», - deya izoh berdi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy tashabbusga.

Ko‘proq yangiliklar: