JSST: 23 million kishi zilziladan jabrlandi

Jahon 15:09 / 07.02.2023 12167

Turkiya janubi-sharqida va Suriya shimolida sodir bo‘lgan kuchli zilzila natijasida 23 millionga yaqin odam, jumladan, 5 million ijtimoiy himoyasi zaif bo‘lgan fuqarolar jabr ko‘rdi. Bu haqda 7 fevral, seshanba kuni Jyenevada bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vakili Adelxayd Marshang ma’lum qildi.

Turkiya hukumati, o‘z navbatida, mamlakatda zilziladan bevosita jabrlanganlar sonini 13,5 million kishi deb baholagan. Vayronalar ostida qolganlarni qidirish va zilzila oqibatlarini bartaraf etish ishlari davom etmoqda, dedi atrof-muhit va shaharsozlik vaziri Murat Kurum. Uning so‘zlariga ko‘ra, ziyon ko‘rgan hududlarda yo‘llar vayron bo‘lgan, bu esa qutqaruv ishlarini murakkablashtiradi. «Bu og‘riqni ta’riflab bo‘lmaydi», dedi Kurum va avvalgi zilzilalardan so‘ng qutqaruvchilar 100 soatdan keyin ham qulagan binolar ostida tirik odamlarni topganini esladi. 

Ayni paytda, Turkiya va Suriyada so‘nggi o‘n yilliklardagi eng kuchli zilzila qurbonlari soni 5000 dan oshdi. Turkiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bu mamlakatda tabiiy ofat qurbonlari soni 3419 kishiga yetgan. Vitse-prezident Fuad O‘qtoy 20 mingdan ortiq kishi jarohat olganini ma’lum qildi. Suriyada, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, kamida 1602 kishi halok bo‘lgan, 2000 ga yaqin kishi jarohatlangan. 

Turkiyadagi qutqaruv ishlariga noqulay ob-havo sharoiti to‘sqinlik qilmoqda. Meteorologlar kuchli qor, yomg‘ir yog‘ishi, shuningdek, nol daraja harorat fonida kuchli shamol davom etishini taxmin qilmoqda. Eng ko‘p jabrlangan uchta viloyatga – Xatay, Qahramanmarash va Adiyamanga kirishga faqat qutqaruvchilar va gumanitar tashkilotlarning transport vositalariga ruxsat berilgan. Turkiya Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi - AFAD ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda kamida 5775 ta bino vayron bo‘lgan. 6 fevral kuni erta tongda sodir bo‘lgan zilziladan so‘ng 258 ta yer silkinishi (takroriy silkinishlar) qayd etildi, dedi boshqarma vakili. 

Ko‘proq yangiliklar: