«Chelsi»ning sobiq futbolchisi Turkiyada xarobalar ostida qolib ketdi

Sport 11:31 / 07.02.2023 44730

Ganalik futbolchi Kristian Atsu va «Hatayspor» klubining sport direktori Taner Savut Turkiya janubidagi zilziladan so‘ng bedarak yo‘qolgan.

«Hatayspor» klubi futbolchilaridan biri Karim Aliji o‘zi mustaqil ravishda xarobalar ostidan chiqib kelgan, Bertug‘ Yildirim, Buraq O‘ksuz va klub tarjimonini esa vayronalar ostidan chiqarib olishgan.

Jamoa bosh murabbiyi, yaqin o‘tmishda Turkiya milliy jamoasi darvozaboni bo‘lgan Vulqon Demirel Instagram sahifasi orqali efirga chiqib, ko‘zda yosh bilan Hatay va qo‘shni hududlarga yordam yuborishga chaqirgan.

«Hatayda odamlar halok bo‘lmoqda. Iltimos, tez yordam yuboring. Bu yerda hammasi juda yomon. Yordam bering, biz odamlar bilan bog‘lana olmayapmiz. O‘zimiz uddalay olmaymiz. Hammani bu yerga chaqiraman, iloji boricha ko‘proq odam yuborishingizni xohlayman. Bunday holat nafaqat Hatayda, balki unga tutash viloyatlarda ham kuzatildi. Alloh roziligi uchun yordam bering», — dedi u.

Kun davomida OAVda Atsu topilgani va shifoxonaga yotqizilgani haqida xabarlar tarqalgandi. Ammo «Hatayspor» klubi rahbari Mustafo O‘zat ushbu futbolchi hamon xarobalar ostida qolayotganini ma’lum qildi.

«Afsuski, Kristian Atsu va bizning sport direktorimiz Taner Savut hamon xarobalar ostida. Portugaliyadagi manbalar Kristiane Atsu haqida xabar berishgan, ammo biz u joylashgan nuqtaga yetib bora olmayapmiz. Biz hech kim bilan bog‘lana olmayapmiz Agar biz ularga yetib bora olsak, bu haqda xabar beramiz. Biz yordam kutyapmiz.

Bu eng og‘ir vaziyat yuzaga kelgan va eng ko‘p yordamga muhtoj bo‘lgan joy. Zilzila kuzatilgan barcha joylarga yordam kerak, ammo Hatayga hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Ko‘rpa-to‘shak beriladigan punktlar ham, dala oshxonalari ham, hech narsa yo‘q», — degan klub rahbari.

Atsu «Portu», «Chelsi» (London klubi uni turli yillarda «Vitess», «Everton», «Bornmut» va «Malaga» klublariga ijaraga bergan), «Nyukasl» klublarida o‘ynagan, Gana milliy jamoasida 60 ta o‘yinda maydonga tushgan. 2022 yildan buyon «Hatayspor» safida to‘p surib kelayotgandi.

«Hatayspor» 5 fevral kuni Turkiya chempionati doirasida «Qosimposho»ni 1:0 hisobida mag‘lub etgan va o‘sha o‘yinning qo‘shimcha daqiqalarida Atsu g‘alaba goli muallifi bo‘lgandi. «Qosimposho» klubi ham zilzila vaqtida Hataydagi mehmonxonada bo‘lgan, ayni vaqtda klub futbolchilari charter reys orqali Istanbulga qaytgan.

Turkiya chempionatining ikkinchi divizionida ishtirok etuvchi «Yeni Malatyaspor» klubi darvozaboni Ahmet Ayub Turkaslan ham bedarak ketgan. Klub ijtimoiy tarmoqlari orqali futbolchini qidirish ishlari davom etayotganini xabar qilgan.

Fotomac esa voleybolchi Eneshan Janga asoslanib, Hataydagi ayollar voleybol klubining 14 nafar a’zosi ham xarobalar ostida qolib ketganini xabar qilgan.

  • 6 fevral kuni Turkiya janubida ro‘y bergan 7,8 balli zilzila mamlakatning 10 viloyati va qo‘shni Suriya shimoliga ta’sir qilgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, tabiiy ofat qurbonlari soni 4300 nafardan oshdi.
Ko‘proq yangiliklar: