Tadbirkorlarning 2023 yil 1 yanvarga nisbatan 1 fevral holatiga oshgan (hosil bo‘lgan) soliq qarzini 2023 yil 1 martdan 1 iyulgacha foizlarsiz, qo‘shimcha shartlar qo‘ymasdan va ta’minot talab etmasdan teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.
Tadbirkorlarning soliq qarziga penya hisoblash 2023 yil 1 aprelgacha to‘xtatiladi. Tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlik uchun xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga 2023 yil 1 aprelgacha jarimalar qo‘llanilmaydi.
Tadbirkorlar 2022 yil dekabr va 2023 yil yanvar-fevral oylarida davlat mulkidan foydalanganlik uchun ijara to‘lovlarini 2023 yil 1 martdan 1 iyulgacha teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lashi mumkin.
Tadbirkorlar tomonidan bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olingan davlat aktivlari bo‘yicha 2022 yil dekabr va 2023 yil yanvar oylarida to‘lanishi lozim bo‘lgan to‘lovlar, shu jumladan dastlabki to‘lov to‘lanmaganligi uchun foizlar va penyalar hisoblash 2023 yil 1 aprelgacha to‘xtatib turiladi.
2022 yil dekabr va 2023 yil yanvar oylarida davlat xaridlari doirasida tuzilgan shartnomalar shartlari havo haroratining keskin sovib ketishi tufayli bajarilmaganligi uchun tadbirkorlarga jarima va penyalar qo‘llanilmaydi.
Havo haroratining keskin sovib ketishi oqibatida qiyinchiliklarga duch kelgan tadbirkorlarga nisbatan 2023 yil 1 aprelgacha davlat foydasiga undiruvlar bilan bog‘liq sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining majburiy ijrosi to‘xtatiladi.
Tadbirkorlarga havo haroratining keskin sovib ketishi oqibatida nosoz holga kelgan asosiy vositalarni ta’mirlash uchun ajratilgan kreditlar bo‘yicha kredit summasining 50 foizigacha (50 foizi ham kiradi), lekin umumiy qiymati 2,5 mlrd so‘mdan oshmagan miqdorda kafillik beriladi.