«Barsa» «Real»dan uzoqlashmoqda, Angliyada intriga saqlanmoqda. Hafta o‘yinlari yakunlari

Sport 15:04 / 06.02.2023 38936

Angliya: To‘xtatib bo‘lmas Reshford va inqirozdagi «Liverpul»

Everton – Arsenal 1:0
Gol: 1:0 – 60 Tarkovski.
Everton – Pikford, Koulmen, Tarkovski, Koudi, Mikolenko, Guyye, Dukure, Onana, Maknil, Kelvert-Lyuin (Mope, 62), Ivobi.
Arsenal – Remsdeyl, Uayt (Tomiyasu, 85), Gabriel, Saliba, Zinchenko, Chaka, Parti (Jorjino, 59), Edegor (Fabiu Viyeyra, 77), Saka, Nketia, Martinelli (Trossar, 59).
Ogohlantirishlar: Mikolenko (63), Onana (69), Pikford (86).

Mikel Arteta «Arsenal»ning asosiy tarkibini o‘zi uchun belgilab olgan va yanvar oyida qatorasiga beshinchi o‘yinda boshlang‘ich tarkibda birorta o‘zgarish bo‘lmadi. «Kanonirlar»da bunday holat sakkiz yildan buyon kuzatilmagandi, «Everton» esa Shon Daych boshqaruvidagi ilk o‘yinda hayron qoldirdi. Nafaqat Frenk Lempardga muvaffaqiyat keltirmagan uch markaziy himoyachidan iborat sxemadan voz kechilishi bilan, balki sifatli o‘yin va ish bergan tajovuzkor pressing bilan ham.

Debyutdayoq Ramsdeyl Kalvert-Lyuinning zarbalarini qaytarishiga to‘g‘ri keldi. Ushbu forvard yana bir vaziyatda Onananing uzatmasidan keyin darvoza chizig‘i yaqinida turib to‘pni darvozaga yo‘llay olmadi. Albatta mezbonlar APL yetakchisining hujum chizig‘ini zararsizlantirib qo‘ya olmasdi. Shu tufayli Koadi Sakaning zarbasidan keyin to‘pni darvoza chizig‘i oldida to‘sishiga to‘g‘ri keldi. Liverpulliklarning ushbu markaziy himoyachisi o‘z ishini ideal darajada uddalagan bo‘lsa, yana biri — Tarkovski — burchak zarbasidan gol urdi.

Gol muallifi va unga assistentlik qilgan Makneyl Daych boshqaruvidagi «Byornli»da o‘ynagan va bunda ma’lum ma’noda ramziylik bor. Oktyabr oyidan buyon g‘alaba neligini bilmagan «Everton» yangi hayot boshladi va ligada qolish imkoniyatlarini oshirdi. Shu bilan birga, xulosa chiqarishga shoshilmaslik ham kerak, chunki APL o‘yinlarida sentabr oyidan buyon ochko yo‘qotmagan «Arsenal» «Gudison Park»da besh yarim yildan buyon g‘alaba qozonmagan, bu muddat ichida besh o‘yindan to‘rttasida yutqazgan. Bu safargi natija tufayli APLda chempionlik intrigasi davom etadigan bo‘ldi.

Manchester Yunayted – Kristal Pelas 2:1
Gollar: 1:0 – 7, penalti Brunu Fernandesh, 2:0 – 62 Reshford, 2:1 – 76 Shlupp.
Manchester Yunayted – De Xea, Uan-Bissaka, Varan, Martines, Shou, Kazemiro, Fred, Brunu Fernandesh, Veghorst (Garnacho, 59), Reshford, Antoni (Zabitser, 81).
Kristal Pelas – Guaita, Klayn, Gexi, Richards, Mitchell, Shlupp (Mateta, 83), Hyuz (Lokonga, 72), Dukure (Ahamada, 82), Olise, Ayyu (Eze, 73), Eduar.
Chetlatish: Kazemiro (70).

Yaqinda londonliklar so‘nggi daqiqalarda urilgan gol evaziga «MYu»ning g‘alabali seriyasini to‘xtatgandi (19 yanvar kuni APLning qoldirilgan turi doirasida 1:1 hisobi qayd etildi) va «qizil iblislar» o‘sha o‘yindan saboq chiqarishgandi. O‘yin boshida «Pelas» himoyachisi jarima maydonida to‘pni qo‘li bilan o‘ynagach, hisob ochildi. Manchesterliklar shundan keyin ham o‘yin sur’atini tushirishmadi va hisobdagi ustunlik oshirildi - yana Reshford gol urdi, ammo shundan keyin muammolar yuzaga keldi.

Barchasi to‘p qanotdan maydon tashqarisiga chiqib ketganidan keyin Shlupp Antonini reklama shitlari tomon itarib yuborishi bilan boshlandi. Natijada futbolchilar to‘planib, orani ochiq qilishga kirishib ketdi, VAR  Kazemiro Hyuzning bo‘ynidan bo‘g‘gan holatga e’tibor qaratdi. Videotakrordan keyin bosh hakam braziliyalik futbolchining harakatini qizil kartochkaga loyiq ko‘rdi. Bu tajribali futbolchining faoliyatida kuchli beshlik chempionatlarida o‘tkazilgan 366 o‘yindagi ilk chetlatilish bo‘ldi.

Bu holat mehmonlarga ilhom berdi va ular o‘yinda burilish yasashga kirishdi. Dukurening o‘xshamagan zarbasiga oyog‘ini qo‘yishga ulgurgan Shlupp hisobni qisqartirdi. «Pelas»da hisobni tenglashtirish uchun ham vaqt yetarli edi, ammo «MYu» zaxira kuchlarni ishga solib, «Old Trafford»dagi g‘alabali seriyasini 13 o‘yinga (barcha turnirlar doirasida) yetkazib, turnir jadvalida uchinchi o‘rinda joylashdi.

Vulverhempton – Liverpul 3:0
Gollar: 1:0 – 5, avtogol Matip, 2:0 – 12 Douson, 3:0 – 71 Ruben Nevesh.
Vulverhempton – Joze Sa, Semedu, Douson, Kilmen, Ait-Nuri (Kastro, 84), Mateush Nunesh, Lemina (Podense, 83), Ruben Nevesh, Sarabiya (Moutinyu, 60), Hvang Hi Chhang (Traore, 42), Mateus Kunya (Himenes, 60).
Liverpul – Alisson, Aleksander-Arnold, Matip, Gomes, Roberson, Baychetich (Elliott, 77), Tiago Alkantara, Keyta (Henderson, 65), Saloh, Gakpo, Nunes.

«Liverpul»ning dahshatli tushi Vulverhemptonda ham davom etdi. E’tiborli jihati, chempionatning eng kam gol urayotgan jamoasi debyutda ikki gol urishga ulgurdi. Birinchi vaziyatda Matipning omadi kelmadi va o‘z jamoasi darvozasini ishg‘ol etib qo‘ydi. Ammo hisob 2:0 ko‘rinishini olganidan keyin ham ushbu kamerunlik futbolchining qo‘pol xatosi faqat Alissonning qahramonligi tufayli golga aylanmay qoldi.

«Bo‘rilar» bu o‘yinda o‘z komplekslarini yengib o‘tishdi, jamoa Yurgen Klopp shogirdlariga qarshi APLdagi so‘nggi 11 o‘yinda mag‘lub bo‘lgandi. Ammo bu boshqa «Liverpul» edi, hozirgisi esa tarqoq jamoa bo‘lib ko‘rinmoqda. Ikkinchi bo‘limda mersisaydliklar vaqtni ko‘proq raqib tomonda o‘tkazishdi, ammo mezbonlar vaziyatni nazorat qilishdi va keyin uchinchi golni ham urishdi. Bu esa Klopp darida «Liverpul» APL doirasida qatorasiga uchinchi safar o‘yinida mag‘lub bo‘lishi bo‘ldi. Murabbiy vaziyatni tezda o‘zgartirish zarurligini aytmoqda, ammo u bu gapni har bir o‘yindan keyin takrorlamoqda: unda yomon o‘yinga tushuntirish berish uchun so‘zlar yo‘q — ayniqsa bu o‘yindagi ilk 15 daqiqalikka.

Nyukasl — Vest Hem 1:1
Gollar: Uilson (3) — Paketa (32).
Nyukasl – Poup, Tripper, Sher, Botman, Bern, Longstaff, Uillok (Anderson, 81), Almiron (Merfi, 81), Uilson, Sen-Maksimen (Gordon, 69), Joelinton. 
Vest Hem – Fabianski, Tsoufal (Dauns, 90+2), Ogbonna, Kerer (Jonson, 46), Agerd, Emerson, Rays, Paketa (Souchek, 74), Antonio (Ingz, 81), Benrahma (Fornals, 74), Bouen.
Ogohlantirishlar: Uillok (45), Joelinton (57), Agerd (90).

«Nyukasl» o‘yinni kuchli boshladi, Uillokning goli to‘p unga uzatilishidan oldin maydonni tark etgan deb topilgani uchun hisobga olinmadi, ammo ko‘p o‘tmay Uilson hisobni ochdi, bu ushbu hujumchining «Vest Hem» darvozasiga urgan o‘ninchi goli bo‘ldi. Bu epizodda Longstaffning a’lo darajadagi pasidan keyin mehmon himoyachilari forvardni o‘tkazib yuborishdi. Ammo ikkinchi bo‘limda Uilson shu kabi vaziyatdan foydalana olmadi, zarba berishga chog‘langanida Agerd to‘pga tashlanib, vaziyatni bartaraf etdi.

Turnir jadvalining quyi qismida borayotgan «bolg‘achilar» xarakter ko‘rsatishdi. Asli texnar bo‘lgan braziliyalik Lukas Paketa to‘p burchakdan uzatilganida kurashga kirishib, oddiy va kerakli golni urdi. Bu gol jamoaga «Everton»ni quvib o‘tish imkonini berdi, «Nyukasl» esa uchinchi o‘rinni «MYu»ga bo‘shatib berdi va «Tottenhem»ni o‘ziga yaqinlashtirdi.

«Siti» «Tottenhem» stadionida qatorasiga beshinchi o‘yinda gol urolmay yutqazdi

Tottenhem — Manchester Siti 1:0
Gol: Keyn (15). 
Tottenhem – Loris, Emerson, Dayyer, Devis, Romero, Perishich (Sessenon, 79), Hyoyberg, Bentankur, Kulusevski (Sanches, 88), Son (Bissuma, 84), Keyn. 
Manchester Siti – Ederson, Uoker, Ake, Akanji, Lyuis, Grilish, Silva (Gundo‘g‘an, 84), Rodri, Mahrez (de Bryuyne, 59), Holand, Alvares.
Ogohlantirishlar: Bentankur (23), Romero (26), Perishich (75), Ederson (83), Uoker (90+7).
Chetlatish: Romero (87).

Yangi o‘yin — yangi muammolar

«Arsenal» kutilmaganda «Everton»ga mag‘lub bo‘lishi «Manchester Siti»ni baxtiyor qildi — shundan keyin Pep Gvardiola jamoasi o‘z taqdirini o‘zi hal qilishi mumkin edi. Qog‘ozda barchasi oddiy ko‘rinadi: «shaharliklar» chempionlik unvonini o‘zida saqlab qolish uchun londonliklarning natijalaridan qat’i nazar, shunchaki APLning qolgan o‘yinlarida g‘alaba qozonishi kerak bo‘lardi. To‘g‘ri, qatorasiga 18 o‘yinda g‘olib chiqish kerak edi.

«Siti» esa kutilganidek bu vazifani uddalay olmadi va birinchi o‘yindayoq yutqazdi. Ammo bu Gvardiola jamoasi mag‘lub bo‘lishini oldindan aytish mumkin bo‘lgan kamdan kam o‘yinlardan biri edi. Manchester klubi «Tottenhem»ning yangi stadionida juda yomon statistika qayd etib keladi: yakshanba kungi o‘yinga qadar «Siti» bu yerda «shporlar»ga qarshi kechgan to‘rt o‘yinning barchasida mag‘lub bo‘lgan va bu o‘yinlarning birortasida gol urolmagan. Beshinchisida ham bu davom etdi.

De Bryuyne va Kontesiz

O‘zaro uchrashuvlar tarixi hisobga olinmagan taqdirda ham, «Tottenhem»ga qarshi o‘yin «Siti» uchun qiyin bo‘lishi kutilayotgandi. Ikki yarim hafta muqaddam «shporlar» safarda Pep shogirdlarini tanaffusga qadar 2:0 hisobida yengayotgandi va «Siti» faqat ikkinchi bo‘limdagi mo‘jizaviy harakatlar evaziga g‘alabaga erishgandi. O‘shanda De Bryuyne o‘yinni to‘liq zaxira o‘rindig‘ida o‘tkazgan va bu juda ko‘pchilikni hayron qoldirgandi. Aftidan, Gvardiola buni yaxshilik alomati deb topdi va bu o‘yinda ham belgiyalik futbolchini zaxirada qoldirdi, Holandga esa hujum chizig‘ida jahon chempioni Alvares tushirildi (aynan ushbu argentinalikning goli oldingi uchrashuvda burilish yasagandi).

«Tottenhem» boshlang‘ich tarkibi esa birinchi davradagi tarkibni takrorladi, ammo «shporlar»da bu o‘yin arafasida muhim yo‘qotish ro‘y berdi: Antonio Konte jarrohlik amaliyotini boshdan kechirdi va ayni vaqtda tiklanish jarayonini o‘tamoqda, shu tufayli jamoani bu o‘yinga uning assistenti Kristian Stellini tayyorladi.

Keynning rekordi

Ikki tomonning o‘yin uchun rejasi oldindan ma’lum edi. O‘yinning dastlabki o‘n daqiqaligidagi to‘pga egalik qilish bo‘yicha statistika ham buni ko‘rsatadi: 84 ga 16 foiz mehmonlar foydasiga. Lekin «Siti»ning pozitsion hujum uyushtirish uchun urinishlari besamar ketdi, «Tottenhem» esa raqibni qarshi hujumlarda tutishga e’tibor qaratdi va yuqori pressingga tayandi.

Bu 15-daqiqaga kelib ish berdi: Rodri va Lyuis Bentankur va Heybergning bosimi ostida to‘pni yo‘qotishdi, Keyn esa hisobni ochdi. «Tottenhem» forvardi uchun bu London klubi safidagi 267-gol bo‘ldi, bu esa u Jimmi Grivzni ortda qoldirgan holda klub tarixidagi eng yaxshi to‘purarga aylanganini anglatadi. Shu bilan bir vaqtda Keyn APL o‘yinlarida urgan gollari sonini 200 taga yetkazdi va bu borada turnir tarixidagi uchinchi futbolchi bo‘lib oldi — oldinda faqat Alan Shirer (260) va Ueyn Runi (208).

Xatolar ustida ishlash

Hisob o‘yinning umumiy kartinasiga ta’sir ko‘rsatmadi. «Siti» mezbonlar himoyasida zaif nuqtalarni qidirish ishlarini davom ettirdi, ammo De Bryuynesiz bu qiyin edi, «Tottenhem» esa xotirjamlik bilan himoyalanib, vaqti vaqti bilan raqibga xavf solib turdi. Bu o‘yinda «shporlar» namunali qarshi hujumlar uyushtirishdi — faqat hujumlarni yakunlashda muammolar kuzatildi, lekin voqealar rivoji jamoani qoniqtirardi.

Pep jamoasi faqat birinchi bo‘lim oxirida o‘ziga keldi, «Tottenhem» himoyachilari toliqib qolishdi — avvaliga Rodri burchak tomon aniq zarba yo‘lladi, ammo Loris uni bartaraf etdi, keyin Mahrezning zarbasidan keyin to‘p to‘sinni titratdi. Ammo «Siti» hujumlarida haqiqiy uyg‘onish 59-daqiqada nihoyat De Bryuyne maydonda paydo bo‘lganidan keyin ro‘y berdi. Belgiyalik yarimhimoyachi darhol ikkita golli vaziyat yaratdi: birinchi holatda Alvares uning pasini golga aylantirolmadi, keyin esa Kevinning o‘zi bergan zarba biroz noaniq ketdi.

Pepning navbatdagi ochko yo‘qotishi

Umuman olganda o‘yin kartinasi avvalgidek edi: «Siti» pozitsion hujumlar uyushtirar, «Tottenhem» esa qarshi hujumlarda imkon poylardi. Lekin «shporlar»da xavfliroq vaziyatlar yuzaga keldi: Keynda londonliklarning hisobdagi ustunligini oshirish uchun ikkita vaziyat bo‘ldi. Ammo oldingi o‘yinda 2:0 hisobidagi ustunlikni saqlab qololmagan jamoa bu safar minimal hisobni ushlay oldi.

O‘yin oxirida Romeroning asablari dosh bermadi: «Tottenhem»ning argentinalik himoyachisi jahon chempionatidan qaytganidan keyin har bir o‘yinda sariq kartochkaga loyiq o‘yin ko‘rsatayotgandi, bu safar esa qizil oldi. Uning chetlatilishi adolatli bo‘ldi, ammo Gvardiola baribir hakamdan norozi bo‘ldi va qo‘shimcha vaqtlarda arbitr Endi Medli bilan dahanaki jangga kirishdi. Bu ilojsizlikdan edi.

«Siti» yana «Tottenhem» maydonidan mag‘lub bo‘lib qaytdi. Undan ham yomoni jamoa «Arsenal»ning qoqilishidan foydalana olmadi va oradagi farq avvalgidek 5 ochkoligicha qoldi (qolaversa londonliklarda bitta zaxira o‘yini bor). Bu mavsumda Gvardiola jamoasi avvalgidek kuchli ko‘rinmayapti, lekin chempionlik masalasi «Arsenal»ga qarshi o‘zaro o‘yinlarda hal bo‘ladi, bu o‘yinlarning birinchisi bir yarim haftadan keyin bo‘lib o‘tadi va bu o‘yin natijasi ko‘p narsaga aniqlik kiritadi.

Ispaniya: «Barsa» katta farq bilan o‘zib ketdi

Foto: DAVID S. BUSTAMANTE/SOCCRATES/GETTY IMAGE

Atletiko — Xetafe 1:1
Gollar: Korrea (60) — Unal (83, penalti).
Atletiko – Oblak, Molina, Savich, Ermoso, Reynildu, Lemar (Lorente, 61), Koke, De Pol (Depay, 85), Korrea (Karrasko, 61), Grizmann, Morata (Saul, 75).
Xetafe – Soriya, Jyene, Duarte, Alderete, Alvares, Arambarri (Munir, 77), Alenya (Vilyar, 73), Milya (Algobiya, 73), Portu (Suares, 90+3), Unal, Mayoral.
Ogohlantirishlar: Jyene (2), Portu (34), Alenya (45+2), Koke (57), Saul (81), Depay (90), Munir (90+5), Alvares (90+6).

YeChL o‘rinlari uchun kurashayotgan «Atletiko» joriy mavsumni yomon o‘tkazgan «Vilyarreal»dan sovg‘a oldi. Dushanba kuni «submarinalar» o‘z uyida «Rayo Valekano»ga yutqazgandi (0:1), endi esa so‘nggi o‘rinda borayotgan va bu mavsumda hali biror g‘alabaga erishmagan «Elche»ga mag‘lub bo‘lishning uddasidan chiqdi (1:3). Ammo «matraschilar» vaziyatdan foydalana olmadi - lekin «Xetafe»ga qarshi o‘yindagi hal qiluvchi vaziyatlarda VAR orqali qaror qabul qilindi.

Avvaliga Morataning tezkor golida ofsayd qayd etildi. Ikkinchi bo‘limda esa qaytgan to‘pni darvozaga yo‘llagan Korreaning goli tasdiqlanishi jarayoni g‘alati bo‘ldi. Avvaliga xatolik bilan qayd etilgan ofsayd tufayli gol bekor qilindi, texnika vaziyatni tuzatdi, bu orada almashtirilgan argentinalik futbolchi esa tabriklarni zaxira o‘rindig‘ida qabul qilib oldi. Mezbonlar uchun hal qiluvchi vaziyat to‘p jarima maydoni ichida Saulning qo‘liga tegishi bo‘ldi. U omadsizlik chempioni uchun gulchambarni o‘yin oxirida jarima maydoni ichida turib to‘g‘ri zarba bera olmagan va keyin penalti so‘rab, hakam bilan tortishishi oqibatida sariq kartochka olgan Depay bilan bo‘lishsa ham bo‘ladi.

Betis — Selta 3:4
Gollar: Xuanmi (9), Kanales (23), Fekir (84, penalti) — Larsen (6), Veyga (42, 56), Aydu (70).
Betis – Ruy Silva, Sabali, Pesselya, Luis Felipe, Miranda (Abner, 79), Guardado (Xoakin, 62), Kanales, Rodriges (Edgar Gonsales, 62), Xuanmi (Luis Enrike, 79), Fekir, Iglesias (Peres, 73).
Selta – Vilyar, Mingesa (Solari, 85), Nunes, Aydu, Galan, De La Torre (Servi, 75), Beltran, Veyga (Seferovich, 64), Karles Peres (Vaskes, 85), Aspas, Larsen (Oskar Rodriges, 64).
Ogohlantirishlar: De La Torre (73), Luis Enrike (88), Nunes (90+5), Xoakin (90+7), Aspas (90+10).
Chetlatish: Luis Felipe (90+6).

«Betis» va «Selta» tomoshabop o‘yin namoyish etdi, o‘yindagi gollarning ayrimlari esa tur hit-paradidan o‘rin olishi tayin. Ayniqsa galisiyaliklarning ikkinchi golli hujumi namunali chiqdi, de la Torre havodagi to‘pni tovoni bilan jarima maydoniga yetkazib berdi, u yerda esa Gabri Veyga himoyachilarni chiroyli tarzda dog‘da qoldirdi. Yashil-oqlarning Kanales gol urgan hujumdagi uzatmalari ham muxlislar hayratiga sabab bo‘ldi.

Ammo «Betis» hujumda qanchalik yorqin o‘ynasa, himoyada shunchalik nursiz o‘yin ko‘rsatdi va oddiy vaziyatlarda xatolikka yo‘l qo‘ydi. Manuel Pellegrini jamoasi hafta o‘rtasida «Barselona»ga qarshi kechgan o‘yinda (1:2) ko‘p kuch va hissiyot sarflab yuborgandek ko‘rindi. Qolaversa o‘sha o‘yindan keyin hakamni haqorat qilgan Villiam Karvalyu diskvalifikatsiyaga uchragan. Bu o‘yinda ham Luiz Felipe maydondan chetlatildi, bu uning bu mavsumdagi uchinchi qizil kartochkasi. Andalusiyaliklar o‘tgan mavsumda bo‘lgani kabi bu safar ham Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun poyga sur’atiga dosh berolmayapti.

Foto: RAFA BABOT/GETTY IMAGES

Malorka — Real 1:0
Gol: Fernandes (13, avtogol). 
Aniq ijro etilmagan penalti: Asensio (59).
Malorka – Raykovich, Maffeo, Nastasich, Railo, Gonsales, Kosta, Dani Rodriges (Ndiayye, 68), Li Kan In (Sanches, 78), Ruis de Galarreta (Grene, 90+2), Baba (Battalya, 78), Muriki.
Real – Lunin, Karvaxal, Nacho, Ryudiger, Kamavinga, Sebalos (Alaba, 71), Valverde (Modrich, 64), Tchuameni (Kroos, 71), Asensio (Mariano, 71), Vinisius, Rodrigo.
Ogohlantirishlar: Vinisius (44), Sebalos (45), Kosta (61), Valverde (64), Ndiayye (72), Ruis de Galarreta (80), Modrich (81), Maffeo (86), Mariano (90), Railo (90+2).

«Real»ning muammolari chigalyozdi mashg‘ulotlari chog‘ida Kurtua jarohat olishi bilan boshlandi. 13-daqiqada esa jarima maydoni ichida Murichi va Nachoning to‘p uchun kurashi to‘p madridliklar jamoasi himoyachisi boshidan Lunin qo‘riqlayotgan darvozaga borib tushishi bilan yakunlandi. Jamoa vaziyatdan Benzemasiz chiqib ketishi talab etilardi, fransiyalik hujumchi faqat klublar o‘rtasidagi jahon chempionati yarimfinalida safga qaytishi mumkin. To‘purar hujumchisi bo‘lmagan jamoa birinchi bo‘limda raqib darvozasiga birorta zarba yo‘llay olmadi.

Karlo Anchelotti shogirdlari vaziyatlar yaratishdi, ammo hatto penalti ham gol uchun yetarli bo‘lmadi. Asensio o‘zi tug‘ilib o‘sgan shahri jamoasi darvozasiga gol ura olmadi, Raykovich esa buni adolat tantana qilganiga ishora qilib, nishonladi - uning fikricha Vinisius Junior bilan to‘qnashuvda fol yo‘q edi. Hakamning qarori chindan ham bahsli edi, ammo «Real» la liga o‘yinlarida so‘nggi 12 penaltidan faqat yarmini golga aylantira olgan. «Malorka» esa qatorasiga to‘rtinchi uy o‘yinida 1:0 hisobida g‘alaba qozondi.

Barselona — Sevilya 3:0
Gollar: Alba (58), Gavi (70), Rafinya (79).
Barselona – ter Stegen, Kunde, Kristensen, Arauxo (Alonso, 80), Alba (Balde, 83), Buskets (Kesse, 8), de Yong, Pedri, Gavi (Fati, 80), Levandovski, Rafinya (Ferran Torres, 84).
Sevilya – Bunu, Montel, Gudel, Rekik, Bade, Akunya (Okampos, 65), Oliver Torres (Xil, 46), Rakitich, Jordan, Guyye (Fernando, 83), An-Nosiri (Lamela, 46).
Ogohlantirishlar: Rakitich (45), Jordan (75).

«Real» yo‘qotishlarga uchrayotgani ortidan ilhomlangan kataloniyalik jurnalistlar orasida «Barselona» chempionatda 100 dan ortiq ochko jamg‘arishi haqida gaplar paydo bo‘ldi. Ammo Xavi bu mavzuni davom ettirishni istamadi va shunday dedi: «Bu haqda o‘ylamayapman. Asosiysi — ligada g‘olib chiqish, hatto 70 ochko to‘plab bo‘lsa ham».

Bu vaqtda so‘nggi turlarda o‘yinini topib olgan «Sevilya» «Kamp Nou»ga yaxshi tonusda yetib keldi. Ha, bu jamoa ushbu stadionda 13 yil oldingi kubok o‘yinidan buyon g‘olib bo‘lmagan, ammo andalusiyaliklar bunga e’tibor qaratmayotgandi. Xorxe Sampaoli birinchi navbatda ko‘k-anorranglilarga o‘yin bermaslikka harakat qildi, raqib esa o‘yin boshidayoq Busketsdan ayrildi.

Agar bu o‘yinda ham yaxshi o‘ynay olmaganida Kessening transferi xato bo‘lgani haqida gaplar yana bolalagan bo‘lardi - «Milan»dagi chempionlikdan keyin yangi jamoaga o‘tgan futbolchi avvalgidek o‘ynay olmayapti. «Barsa» qishda ushbu ivuarlik futbolchi bilan xayrlashishga ham tayyor edi, ammo yoki xaridor topilmadi yoki futbolchining o‘zi ketishni istamadi.

Mana endi Kesse jamoaning kuniga yaradi, u Busketsning o‘rniga tushdi va ikkinchi bo‘lim boshida hisobni ochgan Jordi Albaga assistentlik qildi. Dembele jarohat olgani tufayli asosiy tarkibga qaytgan Rafinya esa andalusiyaliklarni «tinchitdi». U avvaliga Gavining goliga hammuallif bo‘ldi, ko‘p o‘tmay Albaning qanotdan uzatgan to‘pini darvoza to‘riga joylab qo‘ydi. Xavi undan aynan shuni talab qilgandi va vingerning o‘z o‘yinini topib olishi tufayli «Barsa» endi «Real»ni sakkiz ochkolik farq bilan ortda qoldirmoqda.

Real Sosedad — Valyadolid 0:1
Gol: Larin (73). 
Real Sosedad – Remiro, Le Norman, Subeldiya, Riko (Munos, 46), Ilyarramendi (Olasagasti, 77), Subimendi, Kubo, Navarro (Oyarsabal, 62), Marin (Fernandes, 84), Barrenechea (Mendes, 46), Serlot.
Valyadolid – Masip, Peres, Sanches, Ongla (El-Yamik, 84), Olasa, Monchu, Kike Peres (Aguado, 67), Plata (Lukas Roza, 84), Leon (Larin, 59), Machis, Plano (Sanches, 59).
Ogohlantirishlar: Riko (24), Sanches (27), Olasa (31), Plano (38), Ongla (40), Barrenechea (45), Ilyarramendi (69), Larin (90+2), Fernandes (90+5).

Ispaniyada sensatsiyalar San-Sebastyanda davom etdi, asosiy futbolchilari Merino va David Silvasiz qolgan «Real Sosedad» turnir jadvalining quyi qismidan ko‘tarilib kelayotgan «Valyadolid»ga yutqazib qo‘ydi. Xo‘jayini afsonaviy Ronaldo hisoblanadigan ushbu jamoa «Bryugge»dan kanadalik hujumchi Larinni ijaraga olgandi. Belgiyada uning ishlari yurishmagandi, raqobat kuchli bo‘lgan la ligada esa ikki o‘yinda g‘alaba goli muallifiga aylandi. U bu ikki o‘yinda ham zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan.

Ko‘proq yangiliklar: