Indoneziyada yo‘talga qarshi sirop tarkibiga zaharli moddalar qanday tushib qolgani aniqlandi

Jahon 04:20 / 04.02.2023 11935

Indoneziya politsiyasi zaharli kimyoviy moddalar qanday qilib yo‘talga qarshi siroplar tarkibida ishlatilgani bo‘yicha o‘tkazilgan tergov natijalarini e’lon qildi. Bu haqda Al Arabiya xabar berdi. Ushbu siroplarni iste’mol qilish oqibatida mamlakatda 200 nafardan ortiq bola jon bergan edi.

Tergov natijalariga ko‘ra, sanoat uchun mo‘ljallangan zaharli kimyoviy moddalar farmatsevtika kompaniyalariga aldov yo‘li bilan sotilgan, oqibatda, ular yo‘talga qarshi siroplarda ishlatilgan.

Rasmiylarning ta’kidlashicha, ba’zi siroplar tarkibida aniqlangan o‘ta zaharli etilenglikol (EG) va dietilenglikol (DEG) moddalari bolalarda buyraklarning o‘tkir shikastlanishiga olib kelgan. Ushbu ikki modda odatda antifrizlar, tormoz suyuqliklari va boshqa sanoat mahsulotlarida ishlatiladi.

Politsiyaning yuqori martabali xodimi Paypit Rismanto jurnalistlarga ma’lum qilishicha, CV Samudera Chemical kompaniyasi EG va DEG moddalarini Dow Chemical kompaniyasining propilenglikol moddasi sifatida mahalliy farmatsevtika kompaniyalariga yetkazib bergan.

Politsiya Samudera kompaniyasi va uning distribyutori Anugrah Perdana Gemilang kompaniyasi mansabdorlari hibsga olinganini ma’lum qildi. Tergov davom etar ekan, yangi gumondorlar aniqlanishi va hibsga olinishi mumkin, dedi Paypit.

Avvalroq, indoneziyalik 25 oila farzandining o‘limi tufayli moddiy va ma’naviy zararni qoplashni talab qilib, sudga murojaat etgan edi. Sud ularning davlat idoralari va farmatsevtika kompaniyalariga qarshi da’vo arizalarini ko‘rib chiqishni boshladi.

Avvalroq, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) dunyoning uch mamlakatida (Gambiya, Indoneziya, O‘zbekiston) tarqalib, bolalar o‘limiga olib kelgan xavfli dorilarning ro‘yxatini taqdim qilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: