Boltiqbo‘yi davlatlari Ukrainaga qurol yetkazib berishni tezlashtirishga chaqirdi

Jahon 10:28 / 04.02.2023 7763

Boltiqbo‘yi davlatlari G‘arbni Ukrainaga qurol yetkazib berish sur’atini tezlashtirishga chaqirdi. Tegishli bayonotlar 3 fevral, juma kuni Tallinda bo‘lib o‘tgan Estoniya, Latviya va Litva hukumat rahbarlarining uch tomonlama uchrashuvida aytildi, deb xabar beradi dpa.

«Kelgusi oylar juda qiyin bo‘ladi. Ular hatto bu urushda hal qiluvchi rol o‘ynashi mumkin», - dedi Litva bosh vaziri Ingrida Shimonite. «Shuning uchun biz Ukrainani, birinchi navbatda, harbiy yordam masalasida qo‘llab-quvvatlashimizni tezlashtirishimiz va kuchaytirishimiz kerak», dedi u. 

Latviya bosh vaziri Krishyanis Karinsh uning pozitsiyasiga qo‘shildi. «Biz Ukrainaning urushda g‘alaba qozonishiga yordam beradigan qurilmalar so‘rovini qo‘llab-quvvatlaymiz», dedi Karinsh. 

Estoniya bosh vaziri Kaya Kallas ham Rossiya hujumiga uchragan davlatga va’da qilingan yordamni kechiktirmaslik kerak, deb hisoblaydi. «Endi hammaga ayon bo‘lishi kerakki, har ikkilanish, har bir kechikish bilan tajovuzning narxi oshib boradi», deb ta’kidladi Estoniya hukumati rahbari.

Boltiqbo‘yi mamlakatlari Ukrainaga Rossiya bosqinidan keyingi deyarli birinchi kunlardan insonparvarlik va harbiy yordam ko‘rsatishni boshladilar. Boltiqbo‘yi davlatlarining so‘nggi harbiy yordam paketi 2023 yilning 19 yanvarida Estoniyaning Tapa shahri yaqinidagi harbiy bazada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda e’lon qilingan edi.

Ko‘proq yangiliklar: