“O‘zbekneftgaz”: Boshqaruv raisi boshchiligidagi "Ishchi guruh" Qashqadaryo viloyatida joylashgan konlardan tabiiy gaz qazib chiqarish holatini o‘rganmoqda

O‘zbekiston 09:52 / 03.02.2023 8267

Boshqaruv raisi boshchiligidagi “Ishchi guruh” tomonidan navbatdagi nazorat tadbirlari Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi konlarida olib borildi. 

Tashrif kun tartibiga ko‘ra, dastlab “Sho‘rtan” konidagi 352-, 362-, 348-, 361- va 393-sonli ishlatish quduqlarining faoliyati bilan tanishildi. Burg‘ilash maydonlarida pudratchi tashkilot hamda “Sho‘rtan” koniga biriktirilgan mas’ullar ishtirokida rejada belgilangan ko‘rsatkichlarning bajarilish holati o‘rganildi. Mavjud muammolar bo‘yicha fikr almashinib, mas’ullarga ularni bartaraf qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Ayni paytda Sho‘rtan hududida uglevodorodlar zaxiralarini oshirish tadbirlari doirasida “Sho‘rtan” (terrigen) konidagi 1-sonli va “Niyoz” maydonidagi 3-sonli izlov-qidiruv quduqlari burg‘ilanmoqda.

Boshqaruv raisi ushbu quduqlardagi burg‘ilash jarayoni bilan tanishar ekan, mutaxassislar bilan Sho‘rtan hududidagi izlov-qidiruv ishlarining istiqbollarini ham muhokama qildi. Ushbu hududda joylashgan Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi, Sho‘rtan gazkimyo majmuasi hamda “Uzbekistan GTL” zavodining ishlab chiqarish quvvatlarini xomashyo gazi bilan ta’minlash uchun yangi istiqbolli maydonlarni topish va ularda burg‘ilash ishlarini jadallashtirishga alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.

“Ishchi guruh” tomonidan “Niyoz” maydonida olib borilgan o‘rganish ishlari davomida konning istiqbollarini baholash maqsadida 10-O- sonli ishlatish qudug‘ini burg‘ilash joyi belgilandi. Mas’ul departament boshliqlari va tashkilot rahbarlariga burg‘ilash dastgohini o‘rnatish va burg‘ilash ishlarini jadallik bilan boshlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Ma’lumot o‘rnida keltirish joizki, Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida o‘tgan 2022 yilda 11 ta gaz konlaridagi 273 ta ishlatish quduqlaridan 8,95 mlrd kub metrni tabiiy gaza qazib chiqarishga erishildi. Konlardan qazib olinayotgan gaz 8 ta gazni dastlabki tayyorlash qurilmalarida birlamchi tayyorlanib, Siquv kompressor stansiyalarida bosimi oshirilib qayta ishlash uchun “Sho‘rtan” bosh inshootiga va Sho‘rtan gaz kimyo majmuasiga uzatildi.

2023 yilda esa Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi tomonidan jami 191 ta geologik texnik tadbirlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ushbu tadbirlar doirasida 26 ta quduqni burg‘ilash (shundan 3 ta izlov-qidiruv quduqni burg‘ilash), 155 ta quduqda kapital ta’mirlash va intensifikatsiya ishlari amalga oshirilib, 10 ta texnologik obektlar ishga tushiriladi. Natijada 1 148,1 mln kub metr tabiiy gaz va 13,2 ming tonna suyuq uglevodorodlar qazib chiqarishga erishish ko‘zlanmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

Ko‘proq yangiliklar: