NYT: Rossiya Ukrainada yaradorlar bilan birga 200 mingga yaqin kishi yo‘qotdi

Jahon 19:45 / 03.02.2023 9471

AQSh rasmiy shaxslari va G‘arbning boshqa mamlakatlari hisoblashicha, Ukrainada halok bo‘lgan va yaralangan rossiyalik harbiy xizmatchilar soni 200 mingga yaqinlashgan. Bu haqda The New York Times xabar bermoqda.

Gazeta ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya so‘nggi oylarda eng shiddatli janglar kechayotgan Baxmut atrofida eng ko‘p yo‘qotishga uchragan. Moskva Donbass sharqini to‘liq egallash yo‘lidagi kalit deb biladigan bu shaharni egallash uchun Rossiya qurolli kuchlari qo‘mondonligi yaxshi tayyorgarlikdan o‘tmagan safarbar qilinganlar va sobiq mahbuslardan foydalanmoqda. NYT nashrining yozishicha, Rossiya mudofaa vazirligi «Vagner» yollanma jangchilariga «sarflanadigan material» sifatida qaraydi.

AQSh mudofaa vazirligining yuqori martabali vakili Kolin Kalning so‘zlariga ko‘ra, rossiyalik harbiylarning bunday taktikasi Rossiyada o‘q-dorilar, jumladan artilleriya snaryadlari tugab borayotgani bilan bog‘liq. «Bunday taqchillikni rossiyaliklar «mahbuslarni Baxmut va Soledarga yoppasiga yuborish» orqali qoplamoqda», — degan Pentagon vakili.

Shu bilan birga, nashrning qayd etishicha, shaxsiy tarkibdagi ulkan yo‘qotishlar Vladimir Putinni harbiy maqsadlaridan qaytara oladigan omil bo‘la olmaydi, chunki Moskva «ulkan g‘alabaga o‘ta muhtoj».

«Aslida, Rossiyaning yo‘qotishlari qanchalik katta bo‘lishi ahamiyatsiz, chunki ularning insoniy resurslari Ukrainanikidan ancha kattaroq. Rossiyada askar hayoti qadrsiz. Boshqa tomondan, halok bo‘lgan askar — u qanday o‘lganidan qat’i nazar qahramon hisoblanadi. Halok bo‘lgan askarlarning barchasining o‘rnini to‘ldirish mumkin va yo‘qotishlar miqdori jamoatchilikning urush borasidagi fikrini o‘zgartira olmaydi», — deya Estoniya mudofaa vazirligi kansleri Kusti Salmaning so‘zlarini keltiradi gazeta.

O‘z navbatida, Ukrainaning yo‘qotishlari borasida NYT AQSh Qurolli kuchlari shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi boshlig‘i Mark Millining ma’lumotiga havola qiladi. 2022 yil noyabrida u mojaroning ikki tomonining yo‘qotishlari ham 100 mingdan oshishi haqida aytgandi. Shu bilan birga, nashrning qayd etishicha, Baxmut uchun janglarda Ukrainaning yo‘qotishlari ham rossiyaliklarniki kabi katta bo‘lishi mumkin.

2023 yil yanvarida Norvegiya qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni general Eyrik Kristoffersen Rossiya halok bo‘lganlar va yaralanganlar qo‘shib hisoblanganda 180 ming askaridan ayrilganini, Ukrainaning yo‘qotishlari esa 100 mingdan oshishini aytgandi. U shuningdek Rossiya bosqini vaqtida Ukraina tinch aholi vakillaridan 30 mingga yaqin kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgan.

«Mediazona», BBC rus xizmati va ko‘ngillilar 3 fevral holatiga ko‘ra Ukrainada halok bo‘lgan rossiyalik askarlarning 13 mingdan ortig‘ining shaxsiga aniqlik kiritgan. BBC’ning eng konservativ baholariga ko‘ra, Rossiyaning halok bo‘lgan askarlari soni 26 mingdan oshishi mumkin. Ularning aksariyatini so‘nggi uch oyda safarbar qilinganlar, ko‘ngillilar va mahbuslar tashkil etadi. Safarbar qilinganlar va mahbuslar orasidagi yo‘qotishlar butun urush davomida halok bo‘lganlarning 25 foiziga teng.

Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabining 3 fevral kungi ma’lumotida urush boshidan buyon 130 ming rossiyalik harbiy xizmatchi halok bo‘lgani aytiladi. RF mudofaa vazirligi 2022 yil sentabrida qariyb olti ming rossiyalik harbiy halok bo‘lgani to‘g‘risida ma’lumot bergandi. 2022 yil dekabrida Ukraina prezidenti ofisida bosqin boshidan buyon 10 mingdan 13 minggacha bo‘lgan ukrainalik harbiy xizmatchilar halok bo‘lgani aytilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: