“Moskvadagi o‘zgarishlardan keyin Markaziy Osiyodagi integratsion jarayonlar tezlashadi” – Siyosatshunos 

O‘zbekiston 10:00 / 03.02.2023 10745

«Avvalo urush tugashini kutishimiz kerak. Ishonamanki, urush Ukraina g‘alabasi bilan tugaydi. Tashqi dunyo ham Ukrainaga yordam beryapti, ularda g‘alabadan boshqa yo‘l ham yo‘q. Bu urushda possovet hududi mustaqilligi masalasi hal bo‘lyapti. Dunyodagi huquqiy tartibot deyish mumkin.

To‘g‘ri, kollektiv g‘arbning ham bugungacha qilgan ko‘plab xatolari bor. Deylik, Afg‘oniston va boshqa joylardagi masalalar, lekin u yerlardagi vaziyat ham juda murakkab, aslida. Bizning jamoatchilik hamma narsani sodda holatda ko‘rishni istaydi, ammo vaziyat ancha murakkab.

O‘ylashimcha, Rossiyada hokimiyat o‘zgarishiga ko‘p vaqt qolmadi. Bu yaqin yillar qolyapti. Ammo g‘arbning ba’zi ekspertlari aytadiki, Putinni Kremlda saqlagan holda Rossiyani konservatsiya qilish, ya’ni ichkaridan ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy inqirozni chuqurlashtirish va shu orqali Rossiya davlatchiligini majruhlantirish kerak.

Bungacha Rossiya kuchi haqida dunyoning ikkinchi qudratli armiyasi degan qarash bor edi, ammo bugun unday emas. Hamma bildiki, Rossiya salohiyati unday emas, aslida. Faqatgina sinalmagan yadroviy urush omili qolyapti, xolos. Yadroviy urush global urushga aylanib ketadi. Lekin qolgan odatiy urushlar ko‘rinishida Rossiya Ukrainani yenga olmadi. Globallashgan dunyoda urush qimmat, og‘ir va murakkab jarayon.

Aytmoqchimanki, rasmiy Moskvadagi o‘zgarishdan so‘ng Markaziy Osiyodagi integratsion jarayonlar tezlashadi, tezlashishi kerak. Bugungi kunda ham jarayon ketyapti, lekin baribir besh respublika o‘rtasida Rossiya to‘siq bo‘lib turibdi. Yana bir narsani aytib o‘tish kerak: integratsiyaga Rossiya to‘siq bo‘lyapti, to‘g‘ri. Lekin tarixdagi Yevropa ittifoqidagi integratsiya boshlanishiga Ikkinchi jahon urushidagi millatchilik asorati sabab bo‘lgan. Integratsiyaga, yaqinlashuvga majbur qiluvchi yana bir omil bu tashqi omil bosimi. Bugun bizda o‘sha omil — Rossiya. Masalan, birinchi ma’muriyatlar davrida O‘zbekiston va Qozog‘iston raqobatchi bo‘ldi. Lekin hozir tushunildiki, birlashuv bo‘lmasa, Rossiya bu davlatlarni o‘z domiga tortib ketish ehtimoli bor”, – dedi Kamoliddin Rabbimov.

Ko‘proq yangiliklar: