Eron Isroilni Isfahondagi zavodga hujumda aybladi va qasos olish bilan tahdid qildi

Jahon 12:11 / 03.02.2023 17057

29 yanvarga o‘tar kechasi Eron markazidagi Isfahon viloyatida o‘q-dorilar ishlab chiqariladigan harbiy zavod dronlar hujumiga uchragandi. Shuningdek Sharqiy Ozarboyjon viloyatidagi motor moyi ishlab chiqariladigan yirik zavod va mamlakat g‘arbidagi Dizful shahrida joylashgan aviabazaga ham hujum qilingan.

OAVdagi xabarlarga ko‘ra, ushbu obektlar raketa ishlab chiqarishga aloqador bo‘lgani uchun nishonga olingan.

Eron bu zarbalardan ko‘rilgan zarar katta bo‘lmaganini bildirgan. Isroil nashrlari esa G‘arb maxsus xizmatlariga tayangan holda barcha dronlar nishonga yetib borganini xabar qilgan.

Isroil hukumati bu hodisaga hech qanday izoh bermadi - bu hujum ortida turgani  haqidagi xabarlarni rad etmadi va tasdiqlamadi.

Ammo Eron zarbalar aynan shu yerdan kelganiga amin va Eronning BMTdagi elchisi mamlakat Isroil tomonidan bo‘ladigan har qanday tahdid yoki noto‘g‘ri xatti-harakatlarga keskin javob berish huquqini o‘zida saqlab qolishini aytdi.

Amir Said Iravaniy BMT bosh kotibiga maktub yo‘llagan, unda dronlarning harbiy zavodga hujumi Isroil tomonidan «terrorchilik hujumiga urinish» deb atalgan, lekin Eronda buning uchun qanday dalillar borligiga aniqlik kiritilmagan. Elchi Eron qachon va qanday javob qaytarish huquqini o‘zida saqlab qolishini qo‘shimcha qilgan.

Amerika nashrlari shaxsi sir qolishini so‘ragan mulozimga tayanib, dronlar zarbasi aynan Isroil tomonidan yo‘llanganini yozgan. Agar bu ma’lumotlar tasdiqlansa, bu Isroil hukumati tomonidan Erondagi harbiy obektlarga uyushtirilgan ilk shu kabi hujum bo‘ladi.

O‘tgan yil dekabrida Isroilda yangi hukumat shakllantirgan Benyamin Netanyahu seshanba kuni CNN telekanaliga bergan intervyusida Isroil Isfahondagi zarbalarga aloqadorligini tasdiqlamagan yoki rad etmagan holda mamlakat Eronda qurol ishlab chiqarish rivojlantirilishiga qarshi choralar ko‘rayotganini aytdi.

«Men hech qachon muayyan operatsiyani yoymayman… va har safar Yaqin Sharqda nimadir portlasa, Isroilni ayblashadi - ba’zida chindan ham bu biz bo‘lamiz, ba’zida esa yo‘q», degan Netanyahu.

So‘nggi yillarda Isroil va Eron o‘rtasida ro‘y beradigan voqealarni ayrim tahlilchilar umumiy nom bilan «soyadagi urush» deb ataydi - bu obektlar, infratuzilmalar va fuqarolarga qilinadigan hujumlar bo‘lib, bu hujumlar uchun hech kim javobgarlikni zimmasiga olmaydi.

Isroil Suriyadagi obektlarga ham zarbalar bergani ma’lum - bu obektlar Livandagi «Hizbulloh» guruhi uchun Eron qurollari yuboriladigan yo‘nalishdagi post (yuklar tushiriladigan va qayta ortiladigan) vazifasini o‘tagan. Bundan tashqari, Isroil Erondagi yadroviy obektlar faoliyatiga to‘sqinlik qilgan va eronlik yadro olimlarini o‘ldirgan.

O‘z navbatida, Isroilning mavjud bo‘lish huquqini inkor etadigan Eron ham Isroil obektlari va fuqarolariga hujumlar uyushtirish va rejalashtirishda ayblanadi.

Isroilning oldingi bosh vaziri Naftali Bennett bir necha bor Eron Isroilga qilgan tahdidlari va yadroviy qurolga ega bo‘lishga urinishlari uchun juda qimmat to‘lov qilishidan ogohlantirgandi.

O‘tgan yil avgustida Bennet Isroil Eron masalasiga hamkorlar bilan birgalikda diplomatik yechim topishni ma’qul ko‘rishi, ammo zarurat tug‘ilganda yolg‘iz harakat qilishga tayyorligi haqida ochiqchasiga gapirgandi.

Bennet endi bosh vazir emas, ammo u belgilagan ohang Isroilning har qanday hukumati davridagi taktikasiga mos keladi. Ayniqsa, ko‘p yillar bosh vazirlik qilgan va o‘tgan yil noyabrida yana hokimiyatga qaytgan Binyamin Netanyahu davrida Isroil (2009-2021 yillarda) Eron hududida qator dadil amaliyotlar amalga oshirgan (buni ham rasman tan olmagan).

«Isroilning umumiy siyosati – ko‘proq ish qilish, kamroq gapirish. Bunday xatti-harakatlardan kim manfaatdorligini barcha bilib turadi, ammo Isroilning jimligining sababi aynan shu. Aksiya - boshqa ish, rasman olish, AQShning reaksiyasi va hokazolar – boshqa ish», deb hisoblaydi BBC bilan suhbatda isroillik harbiy ekspert David Gendelman.

«Bunday vaziyatlarda sukut saqlash – Isroilga ko‘p yillardan buyon xos bo‘lgan amaliyot. Ular Eronga hujum uyoqda tursin, Suriyaga aviazarbalar yo‘llaganida ham mas’uliyatni zimmasiga olmaydi. Bu jimlikdan bu hujum ortida Isroil turgan-turmagani to‘g‘risida xulosa chiqarib bo‘lmaydi», deya qo‘shimcha qilgan u.

Ko‘proq yangiliklar: