Chexiya yangi prezidenti Ukrainaga kuchli harbiy yordam tarafdori ekanini ma’lum qildi

Jahon 11:15 / 03.02.2023 7520

Ukraina hali ham keng ko‘lamli harbiy yordamga muhtoj, dedi Chexiyaning yangi prezidenti Petr Pavel 2 fevral, payshanba kuni DW mediakompaniyasiga bergan intervyusida. Ushbu suhbat davomida 28 yanvarda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan Pavel Kiyevga jangovar samolyotlar yetkazib berilishini istisno etmadi. «Biz Ukrainaga g‘alaba qozonish, suverenitet va hududiy yaxlitlikni tiklash imkonini beradigan har qanday yordamni ko‘rsatishimiz kerak», — dedi u. Agar G‘arb «Ukrainaga harbiy yordam, harbiy texnika yetkazib berishni kamaytirsa, Rossiya urushda g‘alaba qozonishi ehtimoli katta va bu bizning mag‘lubiyatimizni anglatadi», - deya ogohlantirdi Chexiya davlati rahbari.

Samolyotlarni yetkazib berish masalasida Petr Pavel, birinchi navbatda texnik xizmat ko‘rsatish, shuningdek, uchuvchilarni tayyorlash muddatlari bilan bog‘liq jiddiy to‘siqlar mavjudligini tan oldi: «Siyosiy iroda mavjud bo‘lsa ham, amalda Ukrainani reaktiv samolyotlar bilan ta’minlash uchun kamida olti oy kerak bo‘lardi». Shuning uchun Ukraina armiyasining qurollanishi haqida gapirganda, qabul qilingan qarorlarning «pragmatizmi va samaradorligi» haqida o‘ylash kerak, deydi NATO sobiq generali Pavel.

Petr Pavel NATO Harbiy qo‘mitasining sobiq raisi va Chexiya Qurolli kuchlari Bosh shtabining boshlig‘i bo‘lgan. «Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishni faol qo‘llab-quvvatlagan bo‘larmidingiz?» degan savolga Pavel shunday javob berdi: «Ukrainaga bo‘lgan qarash vaqt o‘tishi bilan o‘zgarmadi. Men harbiy xizmatda bo‘lganimda ham shunday deb o‘ylaganman, endi esa - baxtli pensioner va yangi saylangan prezident sifatida. Ukrainani qo‘llab-quvvatlash kerak, chunki bu bizning manfaatlarimizga mos keladi», dedi DW suhbatdoshi.

Chexiyada pozitsiyalari kuchli bo‘lgan populistlarga qarshi qanday siyosat yuritish kerak, degan savolga Petr Pavel asosiy e’tiborni faktlarga qaratish, jamoatchilikni nafaqat yoqimli argumentlar, balki salbiy jihatlar haqida xabardor qilish zarurligini ta’kidladi. «Bu degani: har bir ishda halol bo‘lish, asl vaziyatni ko‘rsatishga harakat qilish va muammolarni yashirmaslik», dedi u. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, bu «yondashuvni Chexiya aholisining aksariyati juda kutgan edi».

Ko‘proq yangiliklar: